6. HUQUQ NORMALARINI SHARHLASH AKTLARI
Huquq normalarini sharhlash maxsus faoliyat bo’lib, u rasmiy ko’rinishga, shuningdek, hujjatlardagi matnli shaklda ifodalanishi mumkin. Bunday hujjatlar rasmiy hujjat bo’lib, ular vakolatli davlat organlari va mansabdor shaxslar tomonidan qabul qilinadi. Ushbu hujjatlar huquq normalarining mazmunini to’g’ri va aniq shaklda o’rnatishga qaratilgan bo’ladi.
Huquq normalarini sharhlash aktlari huquqiy hujjatlarning bir turi bo’lib, u quyidagi o’ziga xos xususiyatlarga ega:
u yangi huquq normalarini yaratmaydi, ularni bekor qilmaydi va amaldagi huquq normalariga o’zgartish va qo’shimchalar kiritmaydi;
mazkur hujjatlar amaldagi huquq normalarini aniqlashtiradi, ularni qanday tushunish va qo’llash lozimligini ko’rsatib beradi;
ushbu hujjatlar mustaqil ahamiyatga ega bo’lmasdan, balki o’zi sharhlayotgan huquq normalari bilan birgalikda amalda bo’ladi;
mazkur hujjatlar hatti-harakatlari sharhlanayotgan huquq normalari bilan tartibga solinadigan sub’ektlarga emas, balki ularni qo’llayotgan organlarga qaratilgan bo’ladi;
huquq normalarini sharhlash aktlari majburiy xarakterga ega bo’ladi, chunki ularni qabul qilgan davlat organlari va mansabdor shaxslar davlat hokimiyati vakolatiga ega va boshqalar.
Huquq normalarini sharhlash aktlarini quyidagi mezonlar bo’yicha tasniflash mumkin:
huquq sohalari bo’yicha (konstitutsiyaviy-huquqiy, jinoyat huquqiy, ma’muriy huquqiy);
qabul qilgan sub’ektga ko’ra (autentik, ya’ni huquq normasini qabul qilgan organning o’zi tomonidan, legal, ya’ni vakolat berilgan sub’ekt tomonidan, masalan, jinoyat kodeksi normalarini O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi tomonidan sharhlanishi);
ifoda etish shakliga ko’ra (yozma shakldagi huquqni sharhlash aktlari muayyan rasmiy rekvizitlarga ega bo’ladi va og’zaki); yuridik ahamiyati bo’yicha (normativ sharhlash aktlari va aniq kazual holatlarga nisbatan chiqariladigan sharhlash hujjatlari) va boshqalar.
Dostları ilə paylaş: |