Mantiqiy (logik) usul – bu normativ huquqiy hujjatlarni mantiq fanining qoidalari asosida sharhlashdir. Mantiqiy sharhlash grammatik sharhlashdan farqli ravishda qonun va normadagi so’zlarning tom ma’nosini aniqlashga emas balki, qonunshunos ifodalab bermoqchi bo’lgan va aniq so’z shaklida ko’rsatib qo’yilmagan qoidaning mohiyatini aniqlashga xizmat qiladi. Mantiqiy sharhlash orqali qonunning ikki xil talqin qilinishi kelib chiqadi. Ularning birinchisi, qonunning asl mohiyati bo’lsa, ikkinchisi, mantiqiy sharhlash orqali aniqlangan mohiyati. Mantiqiy sharhlash uslubini faqat bittagina qonunni sharhlash uchungina emas, balki qonunlar tizimini sharhlash va u orqali ma’lum bir xulosaga kelish uchun ham qo’llash mumkin.
Tarixiy-siyosiy usul – huquq normasini qabul kilish jarayonidagi muayyan tarixiy va siyosiy shart-sharoitlarni tahlil qilish yordamida sharhlash. Bu normativ hujjatni qabul qilish maqsadini, uning vujudga kelishiga sabab bo’lgan ijtimoiy-siyosiy vaziyatini va joyi, vaqti va normativ hujjatni qo’llash amaliyotini aniqlab olishni taqozo etadi.
“Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xodimlari uchun tarixiy-siyosiy sharhlash juda muhim. Chunki aynan shu faoliyat davlat manfaatlari va ularni himoya qilish bilan uzviy bog’liq. Shuning uchun ham qonunchilikning siyosiy maqsadini tushunish, uning tarixini bilish ishning sifatli va bir maqsadga qaratilgan bo’lishiga yordam beradi”13.
Funktsional usul – huquq normasi tadbiq etiladigan shart-sharoit va omillarga asoslanib qilinadigan sharhlash. Muayyan holatlarda huquq normasining mazmunini aniqlash uchun faqat uning rasmiy tahlili va uni amalga oshirishning umumiy shartlarini e’tiborga olishning o’zi kifoya qilmaydi. Bunda sharhlovchi norma amalga oshiriladigan shart-sharoitlar va omillarni ham hisobga olishi lozim bo’ladi. Eng avvalo, bu baho beruvchi deb nomlanadigan atamalar (“uzrli sabablar”, “jiddiy zarar”, “katta ziyon”, “oxirgi zarurat”)ga taalluqli. Joyi, vaqti va boshqa omillarni hisobga olib, bir xil holatlar uzrli yoki uzrsiz deb, jiddiy yoki engil deb e’tirof etilishi mumkin va hokazo. Ba’zi holatlarda huquq ijodkori muayyan sharoitlarni hisobga olish vazifasini yuklaydi, ya’ni funktsional sharhlashga murojaat etishga majbur qiladi. Jumladan, ma’naviy zarar hajmini belgilashda adolat va oqillik talablari, shuningdek, ma’naviy zarar keltirgan daliliy holatlar e’tiborga olinishi lozim.