Huquqiy ong saviyasiga, ya’ni darajasiga ko’ra, odatiy huquqiy ong, ilmiy huquqiy ong, professional (kasbiy) huquqiy onglarga tasniflanadi.
Odatiy huquqiy ong bevosita kishilarning hayotiy shart-sharoitlari, ularning hayotiy tajribalari asosida shakllanadi. Unda ruhiy elementlar, ya’ni hissiyotlar, ehtiroslar muhim rol o’ynaydi.
Professional (kasbiy) huquqiy ong – huquqshunoslar, ya’ni maxsus yuridik ma’lumot va tayyorgarlikning amaliy tajribasi talab qilinadigan kasb egalari huquqiy ongidir. Huquqshunoslar uchun huquqiy bilimlarga ega bo’lish muhim ahamiyatga ega. Ushbu bilimlar fuqarolar darajasidan ancha yuqori bo’lishi, huquq tamoyillari va normalari yuzasidan ma’lumotlarning ko’lami, teranligi, rasmiylashtirilgan mohiyati bilan ajralib turishi, eng muhimi – ular haqiqatan ham shu bilim va ko’nikmalarini amaliyotda qo’llay olish qobiliyatiga ega bo’lishlari lozim.
Professional huquqshunoslar ongi siyosiy, huquqiy qarashlar, bilimlar, his-tuyg’ular, qadriyatlar va huquqiy ongning boshqa tarkibiy qismlarini tashkil qiluvchi tizimlari sifatida namoyon bo’ladi.
Ilmiy huquqiy ong – huquqni tizimga solib, nazariy o’zlashtirishda ifodalanuvchi g’oyalar, kontseptsiyalar, qarashlardan iborat. Bunday huquqiy ongga ega shaxslar sifatida yuridik yo’nalishdagi ilmiy tadqiqot institutlari, oliy yuridik o’quv yurtlari tizimida faoliyat ko’rsatuvchi huquqshunos olimlarni ko’rsatib o’tish mumkin.
3. HUQUQIY ONGNING FUNKSIYALARI
Huquqiy ongning funktsiyalari deganda, shaxsni huquqiy doirada ijtimoiy faol yurish turishiga ta’sir etuvchi asosiy yo’nalishlar tushuniladi. Huquqiy ong funktsiyalari tushunchasini uning sub’ekti faoliyati natijasida yuzaga keladigan tizimlashgan g’oyalar sifatida tariflash mumkin.
Huquqiy ongning huquqiy tartibga solish mexanizmidagi maqsadlariga ko’ra uning funktsiyalarini quyidagicha tasniflash mumkin: rag’batlantiruvchi funktsiyasi; ijtimoiy nazorat funktsiyasi; tarbiyaviy funktsiyasi; bashorat qilish funktsiyasi va boshqalar.