Kasbiy darajadagihuquqiy madaniyat yuridik faoliyat bilan o’z kasbiy faoliyatini amalga oshirish jarayonida doimiy shug’ullanuvchi shaxslarga xosdir. Mazkur daraja huquqni bilish va huquqiy muammolar, huquqiy faoliyatning maqsad va vazifalarini tushunish darajasining yuqoriligi bilan tavsiflanadi.
Nazariy daraja – bu nafaqat huquqni bilish, balki uning teran xossalari va qadriyatlari, amal qilish mexanizmi, huquqning samaradorligiga ta’sir ko’rsatuvchi omillarni tushunishning yuksak darajasidir.
5. HUQUQIY TARBIYA – HUQUQIY ONG VA HUQUQIY MADANIYATNI YUKSALTIRISHNING ZARUR SHARTI
Huquqiy tarbiya – bu jamiyat a’zolarining yurish-turish madaniyatiga va ongiga huquq haqidagi bilimlarni doimiy ravishda maqsadga muvofiq ta’sir etish orqali singdirib borish jarayonidir. Huquqiy tarbiya – bu huquqiy tajriba almashish bo’yicha davlat, jamoat tashkilotlari, alohida fuqarolarning bir maqsadga yo’naltirilgan faoliyati: huquqiy normalarga rioya qilish, ularni bajarish va bu normalardan foydalanishni ta’minlovchi muayyan ijobiy tasavvurlar, qarashlar, qadriyatlarni tushunish, yo’l-yo’riqlarni shakllantirish maqsadida shaxs ongi va xulq-atvoriga doimiy ta’sir o’tkazib borishdir.
Huquqiy targ’ibot, huquqiy ta’lim, yuridik amaliyot va o’zini o’zi tarbiyalash huquqiy tarbiya vositalariga kiradi. Huquqiy ta’sir mexanizmining tarkibiy elementi bo’lgan huquqiy tarbiyaga, shuningdek, huquqiy munosabatlarda sub’ektlarning axloqi va huquqiy ongiga ta’sir qiluvchi vosita sifatida ham qarash mumkin. Yuqorida ko’rsatib o’tilgan barcha vositalarni qo’llash asosida huquq haqidagi axborotlarni etkazish, qabul qilish, o’zgartirish va undan foydalanish hamda uni amalda ro’yobga chiqarishni ko’zda tutuvchi huquqiy xabardorlikni amalga oshirish masalalari yotadi.
Huquqiy tarbiya huquqiy ong va huquqiy madaniyatning shakllanishi va o’zgarishida muhim vosita hisoblanadi. Huquqiy tarbiya huquqiy bilimlarni yoyish, to’g’ri xulqning muhimligi va qimmati, ularni qabul qilish va keyinchalik o’zlashtirib olish maqsadida shaxs va jamiyat hayotidagi qonuniylik va boshqa huquqiy holatlardan iborat.