Huquq normasi – davlat tomonidan o’rnatiladigan, ma’qullanadigan, muhofazalanadigan, muayyan shaklda ifodalanadigan, ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan umummajburiy yurish-turish (xulq-atvor) qoidasi. Huquq normasi huquq mazmunining boshlang’ich nuqtasi hisoblanadi. Shu sababli unda, avvalambor, umuman huquq mazmunining asosiy xususiyatlari ifodalanadi. Huquq normalari ijtimoiy normalar sifatida kishilarning o’zaro munosabatlaridagi (ijtimoiy munosabatlardagi) xulq-atvor normalari jumlasiga kiradi. Bu ruxsat berish, cheklash, taqiqlash yoki pozitiv huquqqa xos majburiyatlar qoidasini o’z ichiga oluvchi qoidadir. Huquq normasi– ijtimoiy hodisa sifatida huquqning asosiy, muhim qismi, butun huquqiy tizimning bosh tushunchasidir. Huquqning shakllanishi va amalga oshirilish jarayoni, qonunlar, barcha yuridik tushunchalar va tuzilishlar, hatto nazariya ham o’z zamirida bevosita yoki bilvosita huquq normasiga ega bo’ladi.
Huquq normasining belgilari:
davlat tomonidan o’rnatiladi, xalqning irodasini o’zida aks ettiradi;
davlat tomonidan muhofazalanadi;
umummajburiylik xarakteriga ega;
rasmiy aniqlikka ega;
normativ (vakolat beruvchi va majburiyat yuklovchi) xarakterga ega.
2. HUQUQ NORMASINING TUZILISHI: GIPOTEZA, DISPOZITSIYA VA SANKTSIYa
Gipoteza - huquq normasida belgilanadigan qoida qanday sharoit va holatda kim tomonidan amalga oshirilishi ko’rsatiladi. Gipoteza huquq normasining bir qismi bo’lib, unda dispozitsiyada ko’rsatilgan qoidaning kuchga kirishi uchun zarur bo’lgan muayyan aniq hayotiy holatlar (voqea, harakat, holatlar) o’zining ifodasini topadi.
Huquq normalarining amal qilishi bilan bog’liq bo’lgan bitta shart-sharoit aks etgan gipoteza oddiy gipoteza hisoblanadi. Masalan: Fuqarolik protsessual kodeksining 148-moddasiga ko’ra, sudda fuqarolik ishlari yozma shaklda ariza berish yo’li bilan qo’zg’atiladi, deb belgilab qo’yilgan.