6. NORMATIV SHARTNOMALAR - HUQUQNING MAXSUS MANBASI SIFATIDA
Normativ shartnomalar ham huquqning muhim manbasi hisoblanadi. Ikki yoki undan ortiq mustaqil huquq sub’ektlari o’rtasida tuziladigan hamda ularning huquq va majburiyatlarini o’rnatadigan, o’zgartiradigan yoki bekor qiladigan bitimlarga normativ shartnomalar deyiladi. Normativ shartnomalar, ayniqsa, xalqaro huquqda katta ahamiyatga ega. Normativ shartnomalarning quyidagi turlari mavjud: sub’ektlariga ko’ra: ikki tomonlama va ko’p tomonlama; xususiyatiga ko’ra: norma o’rnatuvchi va ta’sis etuvchi.
Xalqaro shartnoma – davlatlar va xalqaro huquqning boshqa sub’ektlari o’rtasida ular uchun umumiy ahamiyatga ega bo’lgan hamda o’zaro huquq va majburiyatlarni qabul qilish yo’li bilan ular o’rtasidagi munosabatlarni tartibga solishga da’vat etilgan ochiq ifodalangan bitimdir.
7. NORMATIV-HUQUQIY HUJJATLARNING VAQT, HUDUD VA SHAXSLARGA NISBATAN AMAL QILISHI
Normativ-huquqiy hujjatlar vaqt, hudud va shaxslarga nisbatan amal qilish doirasiga ega bo’ladi.
“Normativ huquqiy hujjatlar to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining 26-moddasida normativ-huquqiy hujjatlarning kuchga kirish tartibi belgilab qo’yilgan.
Unga ko’ra, O’zbekiston Respublikasining qonunlari va O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari, agar hujjatlarning o’zida boshqa muddat ko’rsatilgan bo’lmasa, rasman e’lon qilinganidan so’ng o’n kundan keyin kuchga kiradi. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari tegishincha O’zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilangan tartibda kuchga kiradi va ular e’lon qilinishi shart.
Vazirliklar, davlat qo’mitalari va idoralarining normativ-huquqiy hujjatlari, agar hujjatning o’zida kechroq muddat ko’rsatilgan bo’lmasa, O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro’yxatidan o’tkazilganidan so’ng o’n kundan keyin kuchga kiradi. Vazirliklar, davlat qo’mitalari va idoralarining o’tkazilgan kundan e’tiboran o’n kunlik muddat ichida barcha manfaatdor shaxslar e’tiboriga etkazilishi lozim. Normativ-huquqiy hujjatni manfaatdor shaxslar e’tiboriga etkazish normativ-huquqiy hujjat matni bilan moneliksiz (erkin) tanishish huquqini ta’minlovchi har qanday shaklda amalga oshirilishi mumkin.
Ushbu qonunning 27-moddasida normativ-huquqiy hujjatning orqaga qaytish kuchi belgilab qo’yilgan. Unga ko’ra, normativ-huquqiy hujjatlar orqaga qaytish kuchiga ega emas va ular amalga kiritilganidan keyin yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan tatbiq etiladi. Qonun, u amalga kiritilishiga qadar yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan, agar bu hollar qonunda bevosita nazarda tutilgan bo’lsa, tatbiq etilishi mumkin. Agar qonun xatti-harakatlar sodir etilgan paytda javobgarlikka sabab bo’lmagan yoki engilroq javobgarlikka sabab bo’lgan xatti-harakatlar uchun yuridik va jismoniy shaxslarning javobgarligini belgilash yoki kuchaytirishni nazarda tutsa yoxud yuridik va jismoniy shaxslarga moddiy zarar keltirsa, qonunga orqaga qaytish kuchini berish mumkin emas.
Normativ-huquqiy hujjat, agar uning matnida boshqa izoh berilmagan bo’lsa, muddatsiz amal qiladi. Normativ-huquqiy hujjat amal qilishining vaqtinchalik muddati butun hujjat uchun yoki uning qismlari uchun belgilanishi mumkin. Bunday holda unda hujjat (yoki uning qismi) qaysi muddatga yoki qanday hodisa yuz berguniga qadar o’z kuchini saqlab qolishi ko’rsatilishi zarur. Normativ-huquqiy hujjatni qabul qilgan organ belgilangan muddat tugaguniga qadar hujjatning amal qilinishini yangi muddatga, boshqa hodisa yuz berguniga qadar uzaytirish to’g’risida yoki hujjatga muddatsiz tus berish haqida qaror qabul qilishi mumkin.
Normativ-huquqiy hujjat (uning qismi) quyidagi hollarda amal qilishini tugatadi:
normativ-huquqiy hujjat (uning qismi) mo’ljallangan muddat tugaganda yoki hodisa boshlanganda;
normativ-huquqiy hujjat (uning qismi) qonunda belgilangan tartibda konstitutsiyaviy emas deb topilganda;
normativ-huquqiy hujjat (uning qismi) o’z kuchini yo’qotgan deb topilganda;
normativ-huquqiy hujjat qonunda nazarda tutilgan hollarda bekor qilinganda.
Normativ-huquqiy hujjatlarning shaxslar buyicha amal qilishi deganda ularning O’zbekiston Respublikasida fuqarolarga, fuqaroligi bo’lmagan shaxslarga, davlat organlariga, jamoat tashkilotlariga, chet el fuqarolariga tegishliligi tushuniladi. Yuqorida ko’rsatib o’tilgan qonunning 29-moddasida normativ-huquqiy hujjatlarning shaxslar doirasi bo’yicha amal qilishi tartibi belgilab qo’yilgan. Unga ko’ra, normativ-huquqiy hujjatlarning amal qilishi O’zbekiston Respublikasining fuqarolari va yuridik shaxslariga, agar O’zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida boshqacha qoida belgilanmagan bo’lsa, shuningdek, O’zbekiston Respublikasi hududidagi chet el yuridik shaxslariga, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo’lmagan shaxslarga tatbiq etiladi.
Normativ huquqiy hujjatlarning hudud bo’yicha amal qilishi mamlakatning butun hududiga nisbatan tadbiq etiladi. Davlat hududi tushunchasiga quyidagilar kiradi: quruqlik, suv hududlari, havo bo’shlig’i, xorijdagi elchixonalar va vakolatxonalar egallab turgan hudud, muayyan davlat bayrog’i ostida bo’lgan dengiz, daryo, havo va kosmik kemalar hududi.