3. QONUN IJODKORLIGI JARAYONI: TUSHUNCHASI, PRINSIPLARI VA BOSQICHLARI
Qonunchilik ijodkorligi jarayoni deganda parlamentning o’z vakolatidan kelib chiqqan holda qonunni qabul qilish, uni o’zgartirish yoki jamiyat hayotida uzoq muddat davomida amalda bo’lib, ijro etilish odatiy holga aylangan odat, axloq yoki boshqa ijtimoiy normalarni sanktsiyalashga qaratilgan faoliyati tushuniladi. Qonunchilik ijodkorligi jarayoni – davlat oliy vakillik organining Konstitutsiyada belgilangan tartibda yangi qonunlar yaratishga, amaldagi qonunlarga qo’shimcha va o’zgartirish kiritishga qaratilgan, shuningdek, eskirgan qonunlarni bekor qilish borasidagi harakatlari yig’indisi bo’lib, u qonun bilan tartibga solinishi zarur bo’lgan munosabatlarni aniqlash, qonun loyihasini tayyorlash, uni muhokama etish va qabul qilishni o’z ichiga oladi. Qonun ijodkorligi tamoyillari:ilmiylik; professionalizm; qonuniylik; demokratizm; oshkoralik; tezkorlik.
Qonun chiqarish jarayoni bosqichlariga quyidagilar kiradi: Qonunchilik tashabbusi;
Qonun loyihasi muhokamasi;
Qonunni qabul qilish;
Qonunni imzolash va e’lon qilish.
1. Qonunchilik tashabbusi – bu muayyan organlar, nodavlat tashkilotlar va mansabdor shaxslarning qonunlar chiqarish masalasini qo’yish va ularning loyihalarini ko’rib chiqish uchun qonun chiqaruvchi organga taqdim etish huquqidir. Qonun chiqarish tashabbusi – qonun chiqarish jarayonining ilk bosqichi. Ushbu jarayon qizg’in sa’y-harakatlarga asoslanadi, ular natijasida qonun chiqaruvchi organga qonunchilik yuzasidan tegishli takliflar kiritiladi, parlament esa mazkur takliflar asosida yangi qonun chiqarish, amaldagisini o’zgartirish yoki bekor qilish to’g’risidagi masalalarni ko’rib chiqishga qabul qiladi.
Qonunchilik tashabbusi huquqi – Konstitutsiyada belgilangan vakolatli organlar, tashkilotlar va shaxslar tomonidan muayyan qonun loyihasini yoki yangi qonun qabul qilish to’g’risida, shuningdek amaldagi qonunni o’zgartirish yohud uni bekor qilish to’g’risidagi taklifni Oliy Majlis e’tiboriga taqdim etilishi va parlamentning bu masalani belgilangan tartibda ko’rib chiqish haqida tegishli qaror qabul qilishidir.
O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida qonunchilik tashabbusi huquqi sub’ektlarining ancha keng doirasi belgilangan. Xususan, Konstitutsiyaning 83-moddasiga muvofiq, qonunchilik tashabbusi huquqiga O’zbekiston Respublikasi Prezidenti, o’z davlat hokimiyatining oliy vakillik organi orqali Qoraqalpog’iston Respublikasi, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi, Oliy xo’jalik sudi, Bosh prokurori ega. Qonun loyihalarini O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish bilan bog’liq masalalar O’zbekiston Respublikasining “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi to’g’risida”gi Qonuni bilan belgilab qo’yilgan.