Kafedrasi anvarova dildora anvarovna



Yüklə 0,9 Mb.
səhifə77/126
tarix19.12.2023
ölçüsü0,9 Mb.
#186136
növüУчебно-методический комплекс
1   ...   73   74   75   76   77   78   79   80   ...   126
portal.guldu.uz-Davlat va huquq nazariyasi va tarixi

3. Qonunni qabul qilish. Qonunni Qonunchilik palatasi palata deputatlari umumiy sonining ko’pchilik ovozi bilan qabul qiladi. Qonunchilik palatasi qabul qilgan qonun o’n kun ichida Senatga ko’rib chiqish uchun yuboriladi. Senatga qonun bilan birga qonun loyihasini Qonunchilik palatasiga kiritish chog’ida taqdim etilgan hujjatlar yuboriladi.
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 84-moddasiga muvofiq:
a) qonun Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Senat tomonidan ma’qullanishi lozim;
b) Senat tomonidan rad etilgan qonun Qonunchilik palatasiga qaytariladi va agar qonunni qayta ko’rib chiqishda palata deputatlar umumiy sonining uchdan ikki qismidan iborat ko’pchilik ovozi bilan qonunni yana ma’qullasa, qonun parlament tomonidan qabul qilingan hisoblanadi hamda imzolanishi va e’lon qilinishi uchun O’zbekiston Respublikasi Prezidentiga palata tomonidan yuboriladi;
v) Senat tomonidan rad etilgan qonun yuzasidan palatalar yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish uchun tenglik asosida kelishuv komissiyasini tuzishlari mumkin. Palatalar kelishuv komissiyasi takliflarini qabul qilganda qonun odatdagi tartibda ko’rib chiqilishi kerak. Konstitutsiyaga o’zgartishlar kiritish, konstitutsiyaviy qonunni qabul qilish parlamentning har bir palatasidagi umumiy ovozlar sonining uchdan ikki qismidan iborat ko’pchilik ovozini talab etadi. Odatdagi qonunlar oddiy ko’pchilik ovoz bilan qabul qilinadi. Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonunni Senat ko’rib chiqadi hamda uni ma’qullash yoki rad etish to’g’risida qaror qabul qiladi. Senat tomonidan rad etilgan va Qonunchilik palatasiga qaytarilgan qonun, agar quyi palata deputatlar umumiy sonining uchdan ikki qismidan iborat ko’pchilik ovozi bilan shu qonunni yana ma’qullasa, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan qabul qilinishi mumkin. O’zbekiston Respublikasi Oliy majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonun tasdiqlash uchun Senatga yuboriladi.
Agar Senat kelishuv komissiyasining takliflarini qabul qilgan taqdirda qonun Qonunchilik palatasi tomonidan odatdagi tartibda qayta ko’rib chiqilishi kerak. Qonunni Qonunchilik palatasida qayta ko’rib chiqishda kelishuv komissiyasining bayonnomasida mavjud bo’lgan takliflargina muhokama qilinadi. Kelishuv komissiyasining loaqal bitta taklifi rad etilgan taqdirda Qonunchilik palatasi, Senat kelishuv komissiyasiga yangi takliflarni taqdim etish uchun palata tomonidan ma’qullangan tuzatishlarni inobatga olgan holda ishni davom ettirishni taklif qilishi mumkin. Agar Senat qonunni kelishuv komissiyasining tahririda ma’qullamasa, u rad etilgan qonun sifatida Qonunchilik palatasiga qaytarilishi kerak. O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Reglamentining 17-moddasida Senat tomonidan rad etilgan, shuningdek Respublika Prezidenti tomonidan e’tirozlar bilan qaytarilgan qonunni Qonunchilik palatasi tomonidan qayta ko’rib chiqish tartibi belgilangan. Mazkur tartibga muvofiq, mas’ul qo’mita rad etilgan qonun yuzasidan xulosa beradi. Mas’ul qo’mitaning xulosasini olganidan so’ng palata qonunni qayta ko’rib chiqish masalasini o’z majlisining kun tartibiga kiritadi. Agar Qonunchilik palatasi Senat tomonidan rad etilgan qonunni palata deputatlari umumiy sonining uchdan ikki qismidan iborat ko’pchilik ovozi bilan yana ma’qullasa, qonun Oliy Majlis tomonidan qabul qilingan hisoblanadi va Prezidentga imzolash va e’lon qilish uchun yuboriladi.
Qabul qilingan qonun loyihasini parlamentning ikkinchi palatasida ko’rib chiqish ikki palatali parlamentlardagi qonun chiqarish jarayonining navbatdagi bosqichidir. Zero, bir palatali parlamentda qonunni qabul qilish oxirgi marta ovozga qo’yish orqali amalga oshiriladi (u birinchi o’qishdan keyin ham, ikkinchi, uchinchi, to’rtinchi o’qishdan keyin ham o’tkazilishi mumkin). Ikki palatali parlamentda esa qonun loyihasi ayni bir tahrirda ikkala palata tomonidan qabul qilingan holdagina qonunga aylanadi (ammo ba’zan palatalardan biri qayta ovozga qo’yish orqali boshqa palata tomonidan qabul qilingan qonun loyihasini ma’qullamagan ikkinchi palataning “veto”sini engishi ham mumkin).
Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonunlar Qonunchilik palatasining tegishli qarorlari va boshqa zarur materiallar bilan birgalikda mas’ul qo’mita tomonidan rasmiylashtiriladi hamda Qonunchilik palatasi Spikeri tomonidan Senatga tasdiqlash uchun o’n kun ichida yuboriladi.
Senatga kelib tushgan qonun ro’yxatga olinadi va Senat Raisi tomonidan qonunni dastlabki tarzda ko’rib chiqadigan hamda uning yuzasidan xulosa tayyorlaydigan qo’mitaga (bundan buyon matnda mas’ul qo’mita deb yuritiladi) topshiriladi. Senat qo’mitalarining qonun muhokamasiga bag’ishlangan majlislari ochiq o’tkaziladi. Zarurat bo’lganda Senat qo’mitalari yopiq majlis o’tkazish haqida qaror qabul qilishi mumkin.
Qo’mitalarning majlislariga davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining, ilmiy muassasalarning namoyondalari, mutaxassislar va olimlar, matbuot organlari, televidenie, radio va boshqa ommaviy axborot vositalarining vakillari taklif etilishi mumkin. Kelib tushgan takliflarni mas’ul qo’mita qonun yuzasidan xulosa tayyorlayotganda umumlashtiradi.
Mas’ul qo’mitaning xulosasida qonunni ma’qullash yoki rad etish to’g’risidagi tavsiya ifodalangan baho bo’lishi kerak. Qonunni rad etish zarurligi to’g’risidagi xulosada mas’ul qo’mitaning qonunni rad etish zarur, deb hisoblashining vajlari bayon etilishi lozim. Mas’ul qo’mitaning xulosasi Senat Kengashiga taqdim etiladi, Kengash qonunni Senat majlisining kun tartibi loyihasiga kiritish-kiritmaslik to’g’risida qaror qabul qiladi.
Senatning majlisida qonunni ko’rib chiqish ma’ruzachining mas’ul qo’mita xulosasini o’qib eshittirishidan boshlanadi. Ko’rib chiqilayotgan qonun yuzasidan uning muhokamasi tartibida senatorlar so’zga chiqishlari mumkin. Muhokama natijalari asosida Senat qonunni ma’qullash yoki rad etish to’g’risida qaror qabul qiladi.
Qonun Senat tomonidan senatorlar umumiy sonining ko’pchilik ovozi bilan ma’qullanadi, Reglamentning 32-moddasida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Senat tomonidan ma’qullangan qonun imzolanishi va e’lon qilinishi uchun Senat qarori bilan birgalikda belgilangan tartibda O’zbekiston Respublikasi Prezidentiga yuboriladi.
Senatning qonunni rad etish to’g’risidagi qarorida rad etish vajlari ko’rsatilishi kerak. Unda bir vaqtning o’zida qonunga o’zgartishlar va qo’shimchalar kiritish zarurligi to’g’risidagi, shuningdek kelishuv komissiyasi tuzish haqidagi takliflar bayon etilishi mumkin. Senatning qonunni ma’qullash yoki rad etish to’g’risidagi qarori mazkur qaror qabul qilingan kundan e’tiboran o’n kun ichida Qonunchilik palatasiga yuboriladi.
4. Qonunni imzolash va e’lon qilish. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 84-moddasiga ko’ra, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonun qabul qilingan kundan e’tiboran o’n kundan kechiktirmay O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yuboriladi.
O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati ma’qullagan qonun imzolanishi va e’lon qilinishi uchun O’zbekiston Respublikasi Prezidentiga o’n kun ichida yuboriladi. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qonun o’ttiz kun ichida imzolanadi va e’lon qilinadi. O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan rad etilgan qonun O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga qaytariladi. Agar O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan rad etilgan qonunni qayta ko’rib chiqishda Qonunchilik palatasi deputatlar umumiy sonining uchdan ikki qismidan iborat ko’pchilik ovozi bilan qonunni yana ma’qullasa, qonun O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan qabul qilingan hisoblanadi hamda imzolanishi va e’lon qilinishi uchun O’zbekiston Respublikasi Prezidentiga Qonunchilik palatasi tomonidan yuboriladi. O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan rad etilgan qonun yuzasidan Qonunchilik palatasi va Senat yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish uchun Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolari orasidan tenglik asosida kelishuv komissiyasini tuzishi mumkin. Palatalar kelishuv komissiyasi takliflarini qabul qilganda qonun odatdagi tartibda ko’rib chiqilishi kerak.
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti qonunni o’z e’tirozlari bilan O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga qaytarishga haqli.
Agar qonun avvalgi qabul qilingan tahririda tegishincha O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat ko’pchilik ovozi bilan ma’qullansa, qonun O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan o’n to’rt kun ichida imzolanishi va e’lon qilinishi kerak.
Qabul qilingan va Prezident imzolagan qonunning matni Oliy Majlisga saqlash va e’lon qilish uchun yuboriladi. O’zbekiston Respublikasining qonunlari va O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari, agar hujjatlarning o’zida boshqa muddat ko’rsatilgan bo’lmasa, rasman e’lon qilinganidan so’ng o’n kundan keyin kuchga kiradi.
“O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi”, “O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarining to’plami”, “Xalq so’zi” va “Narodnoe slovo” gazetalari O’zbekiston Respublikasining qonunlari, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari e’lon qilinadigan rasmiy manbalardir.



Yüklə 0,9 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   73   74   75   76   77   78   79   80   ...   126




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin