Sud psixologiyasi quyidagi tadqiqot metodlariga ega.
Kuzatish metodining asosiy jihati shundaki, tadqiqot jarayonida insonning odatiy faoliyat tarzi buzilmaydi. Ushbu metod orqali obyektiv natijalarga erishish uchun bir qator shartlarga rioya etish zarur: qaysi qonuniyatlar qiziqtirayotganligini oldindan belgilash, kuzatish dasturini to‘g‘ri tuzish, asosiysi, kuzatuvchining o‘rganilayotgan shaxslar muhitidagi o‘rnini aniqlab olish zarur. Ushbu talablarga rioya etish sud psixologiyasida o‘rganiladigan vaziyatlar uchun juda muhim hisoblanadi.
Kuzatish natijalarini qayd etishda texnik vositalar, birinchi navbatda, kuzatilayotgan shaxsning nutqini magnit tasmasiga yozishdan foydalanish mumkin. Ba’zi hollarda fotosurat va kinotavsirga olishni ham qo‘llash yaxshi samara beradi. Dastlabki tergovda texnik vositalardan faqat protsessual qonun doirasida foydalanish mumkin. Tergov harakatining shu tariqa olingan va qayd etilgan natijalari ayni vaqtda dalillarni mustahkamlash metodi hamda muayyan sharoitlarda shaxsning xatti-harakatini kuzatishning qayd etilgan natijasi sifatida baholanishi mumkin. Masalan, ayblanuvchini so‘roq qilishda amalga oshirilgan magnitofon yozuvini eshitib, uning hissiy holatiga doir ma’lumotlarni aniqlash mumkin.
Kuzatish nafaqat psixolog-tadqiqotchi, balki tahlil ma’lumotlaridan jinoyatchilikka qarshi kurashda foydalanish uchun tegishli axborot olishi zarur bo‘lgan har qanday mansabdor shaxs tomonidan o‘tkazilishi mumkin. Xususan, kuzatishni tergovchi shaxsga to‘g‘ri tashxis qo‘yish (uni diagnostika qilish) maqsadida qo‘llashi mumkin.
So‘roq qilinayotgan shaxsning jinoyat hodisasiga aloqasi bo‘lishi mumkinligiga doir axborotni olishda uning mimikasi va imo-ishorasini kuzatish katta ahamiyatga ega. Bunday kuzatish natijalarini bir tomonlama subyektiv baholashning oldini olish uchun kuzatuv xolisona o‘tkazilishi, kuzatish chog‘ida olingan barcha faktlar qayd etilishi va kuzatish natijalari yetarlicha ilmiy talqin etilishi kerak.
Tergovchi tintuv qilinayotgan shaxsning xatti-harakatini kuzatish va ushbu kuzatish natijalarini tahlil qilish orqali juda muhim ma’lumotlarga ega bo‘lishi mumkin.
Eksperiment metodi. Ushbu metoddan foydalanganda eksperiment o‘tkazuvchi ruhiy jarayonlar xususiyatlarining tekshirilayotgan shaxsga ta’sir ko‘rsatuvchi tashqi stimul (rag‘batlantiruvchi omil)larga bog‘liq- ligini o‘rganadi. Eksperiment tashqi stimulyatsiya (qo‘zg‘ovchi)ga aniq belgilangan dastur bo‘yicha o‘zgaradigan qilib o‘tkaziladi. Eksperi- mentning kuzatishdan asosiy farqi shundaki, kuzatishda tadqiqotchi u yoki bu ruhiy hodisaning yuz berishini kutishi kerak, eksperimentda esa u tashqi vaziyatni o‘zgartirish orqali kerakli ruhiy jarayonni atayin keltirib chiqarishi mumkin. Sud-psixologik tadqiqotlar amaliyotida laboratoriya eksperimenti va tabiiy eksperiment keng tarqalgan.
Laboratoriya eksperimenti asosan ilmiy tadqiqotlarda, shuningdek, sud-psixologik ekspertiza o‘tkazishda keng qo‘llaniladi. Unga ancha murakkab laboratoriya asbob-uskunalari (ko‘p kanalli ossillograflar,
taxistaskoplar va boshq.)ning qo‘llanishi xosdir. Laboratoriya eksperi- menti yordamida, xususan, tergovchilarning diqqat, kuzatuvchanlik kabi kasbiy xislatlari tadqiq etilgan. Laboratoriya eksperimentining kamchi- liklariga huquqni muhofaza qilish idoralarining amaliy faoliyati sharo- itida texnikadan foydalanish qiyinchiliklarini, shuningdek, laboratoriya sharoitlarida ruhiy jarayonlar kechishining odatdagi sharoitlarda kechishidan farqli tomonlarini kiritish lozim. Bu kamchiliklar tabiiy eksperiment usulidan foydalanishda bartaraf etiladi. Birinchi navbatda, bu gap jabrlanuvchilar, guvohlar va boshqa shaxslarning muayyan psixofiziologik xislatlarini aniqlash maqsadiga ega bo‘lgan tergov eksperimentlarini o‘tkazishga taalluqlidir. Murakkab vaziyatlarda tergov eksperimentlarini o‘tkazishda mutaxassis-psixologni taklif etish tavsiya qilinadi.
Anketa metodi. Bu metodga tadqiqotchini qiziqtiruvchi faktlar haqida bir qator materiallar olish uchun nisbatan ko‘p sonli shaxslar guruhiga beriladigan savollarning bir xilligi xos. Materiallarga statistik ishlov beriladi va tahlil qilinadi. Sud psixologiyasi sohasida anketali metod jinoiy qasdning hosil bo‘lish mexanizmini tekshirishda keng tarqalgan (davlat mulkini talon-toroj qiluvchilar, bezorilarning ko‘pchiligi o‘rtasida anketalashtirish o‘tkazilgan). Anketali metod tergovchining professiogrammasini, kasbiy jihatdan yaroqliligi va kasbiy deformasiyasi (buzilishi)ni tadqiq etishda ancha keng qo‘llaniladi. Hozirgi vaqtda anketali metodni amaliyot xodimlari jinoyatchilik sabablarining ba’zi jihatlarini tadqiq etishda qo‘llay boshladilar.