Suhbat (intervyu) metodi. Ushbu yordamchi metod tadqiqotning eng boshida umumiy yo‘nalish olish va ishchi farazlarni yaratish maqsadida qo‘llaniladi. Bu erkin, majburiy bo‘lmagan suhbat bo‘lib, uning davomida tergovchi suhbatdoshining shaxsiga xos asosiy xususiyatlarini o‘rganadi, individual yondashuv ishlab chiqadi va so‘roq qilinayotgan shaxs bilan muloqotga kirishadi. Bunday suhbat juda ko‘p hollarda so‘roq qilishning asosiy qismidan avval bo‘lib o‘tadi va asosiy maqsadi jinoyat hodisasi haqida xolisona va to‘liq ma’lumot olishdir.
Suhbat (intervyu) anketa tadqiqotlaridan keyin ham qo‘llanishi mumkin. Bunda anketa tadqiqotlari natijalari suhbatlashish orqali chuqurroq o‘rganiladi. Suhbatga tayyorgarlik jarayonida savollarni berishga katta e’tibor qaratish lozim. Savollar qisqa, aniq va tushunarli bo‘lishi kerak.
So‘nggi yillarda psixodiagnostika o‘tkazishda kompyuterdan foyda- lanishga qiziqish keskin oshdi. Avtomatlashtirilgan psixologik tizim-
larning dastlabki variantlari mamlakatimizda ХХ asrning 60-yillaridayoq ishlab chiqilgan edi. Ammo ular, EHMlardan foydalanish qiyinligi va ularning qimmat turishi sababli, ommaviy tarzda yoyilmadi. O‘tgan asrning 80-yillari o‘rtalaridan boshlab esa kompyuter tizimlari test o‘tkazish amaliyotiga keng tatbiq etila boshlandi.
Kompyuterlashtirishdan avval psixologik test o‘tkazish uzoq davom etadigan, bir xil tusdagi bir muncha murakkab ish bo‘lgan. Testdan o‘tayotgan shaxs juda ko‘p savollarni o‘qir hamda maxsus jadvallarning katta qog‘oz «choyshab»larini to‘ldirar edi. To‘ldirilgan jadvallarga
«qo‘lda» ishlov berish ayniqsa qiyin va katta hajmli ish bo‘lgan. Psixolog yoki uning yordamchilari javoblarni guruhlarga ajratar (yordamchi jadvallarga yozib qo‘yar yoki maxsus trafertalardan foydalanar), har bir guruhdagi javoblarni hisoblar va aniq psixologik ko‘rsatkichlarni aniqlar edilar. Bunday psixologik diagnostika quyidagi sabablarga ko‘ra amalda qoniqarsizdir:
testlarda kam sonli xohlovchilarning ishtirok etishi, javoblarga ishlov berishning nihoyatda qiyinligi statistik jihatdan ishonchli natijaga erishish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni shakllantirishga imkon bermasligi;
jarayonning testdan o‘tkazilayotgan shaxs ruhiyati va his- tuyg‘ulariga ta’siri, natijada uning psixologik holatini buzib ko‘rsatishi;
ko‘pchilik tadqiqotchilarning fikricha, test o‘tkazuvchi psixo- logning subyektiv qarashlari va test natijalarini amaliy qilishi.
Hozirgi vaqtda test o‘tkazish jarayoni kompyuterda erkin suhbat shaklida olib boriladi. Savollarning bir xildagi ketma-ketligiga barham berilgan. Har bir savol ekranda paydo bo‘ladi va javob kiritilganidan keyin yo‘q bo‘ladi. So‘ngra keyingi savol paydo bo‘ladi va hokazo. Vaziyat uzluksiz o‘zgarib turadi. Testdan o‘tayotgan shaxsning o‘zi suhbat (dialog) sur’atini, hissiy boyligini belgilaydi. Bularning bari shaxsning suhbatda o‘zini to‘liq namoyon etishiga yordam beradi.
Hozir kompyuterlarda psixologik parametrlarni hisoblash hamda testdan o‘tayotgan shaxs javoblarining butun majmui bo‘yicha berish jarayoni bir necha soniya vaqt talab qiladi. Psixolog test o‘tkazib bo‘lingan zahoti asosiy psixologik ko‘rsatkichlarning to‘liq to‘plamiga ega bo‘lgan tayyor psixokartani oladi. U faqat mutaxassis sifatida ishlaydi. Asosiy ko‘rsatkichlar majmui dastlabki tarzda baholanganidan so‘ng ancha ixtisoslashgan dasturlar bo‘yicha qo‘shimcha test tayin-
lanishi mumkin. Bunday dasturlar bloki ishlab chiqilgan, yo‘lga qo‘yil- gan va amalda foydalanilmoqda.
Psixokartalarning to‘planib boruvchi massivi kompyuterda keyin- chalik ishlov berish – umumiy statistik qonuniyatlarni (mutaxassisning psixologik portreti xususiyatlariga jins, yosh, ish staji, kasb va boshqa omillarning ta’sirini) aniqlash uchun foydalaniladi.
Testdan o‘tish 90 daqiqadan oshmasligi kerak. Asosiy testdan keyin tekshiriluvchi shaxs o‘zining individual-tipologik va shaxsiga xos xususiyatlarni raqamlar ko‘rinishida ifodalovchi maxsus psixogramma- larni oladi. Psixolog-mutaxassis yakka tartibdagi suhbatda tekshir- uvchiga test natijalarini tushuntirib beradi. Ta’kidlash joizki, ba’zi test o‘tkazish tizimlarida kompyuterda tekshiriluvchilarga o‘z shaxsini test ma’lumotlari bo‘yicha tavsiflash taklif etiladi. Bunday xarakteristikalar (tavsiflar) rasmiy (formal) xususiyatga ega, ularda olingan empirik ma’lumotlar inobatga olinmaydi. Bundan tashqari, test o‘tkazish tizimi o‘z-o‘zicha emas, balki inson faoliyatini yaxshilash uchun zarur. Olingan ma’lumotlarni psixolog muayyan maqsadga yo‘naltirilgan suhbat, kuzatish kabilarning natijalari bilan solishtiradi.
Psixolog test natijalari bo‘yicha individual maslahat jarayonida psixik adaptatsiya (moslashuv) xususiyatlari, hissiy-irodaviy holati, shaxsning tuzilishi va ehtiyoj yo‘nalishlarini tahlil qiladi.
Yuridik psixologiyada muammoli vaziyatda huquqiy oqibatlarga ega bo‘ladigan shaxs xatti-harakatining psixik qonuniyatlarini tadqiq etish juda samarali hisoblanadi. Bunday yondashuv qonunga itoatkor xatti- harakatning ruhiy qonuniyatlarini o‘rganish uchun ham, g‘ayriqonuniy xatti-harakat mexanizmlari va ularning turli oqibatlarini (jinoyatni ochishdan tortib jinoyatchining qayta ijtimoiylashuvigacha) aniqlash uchun ham samaralidir.
Shunday qilib, tizimli yondashuv psixologiya va huquqshunos- likning turli usullari bilan birga, faoliyat jarayonining asosiy psixologik qonuniyatlari, shaxsning tuzilishi va huquqiy normalar tizimining o‘zaro ta’sirini yetarlicha chuqur tahlil etish va aniqlashga, ushbu o‘zaro ta’sirning barcha ishtirok etuvchi elementlarini inobatga olgan holda aniq tavsiflash va muhim xususiyatlarini ajratishga imkon beradi.