O`yuvchi ishqorlar. Suvda yaxshi eriydigan asoslar o`yuvchi ishqorlar deyiladi. Ulardan eng muhimlari NaOH va KOH lardir. NaOH va KOH–oq, xira, qattiq kristall moddalar. Suvda yaxshi eriydi, bunda ko`p miqdorda issiqlik ajralib chiqadi. Suvdagi eritmalarda deyarli to`liq dissotsilanadi va kuchli ishqorlar hisoblanadi.
NaOH ↔ Na+ + OH– NaOH + CO2 = NaHCO3 KOH ↔ K+ + OH– 2NaOH + CO2 = Na2CO3 + H2O
Na va K tuzlari. Natriy barcha kislotalar bilan tuzlar hosil qiladi. Ularning barchasi suvda yaxshi eriydi hamda ulardan eng muhimlari–NaCl, Na2CO3 va Na2SO4 hisoblanadi.
NaCl ovqatga solinadigan zarur modda, oziq–ovqat mahsulotlarini konservalashda, NaOH, Cl2, HCl, Na2CO3 olish uchun xomashyo sifatida ishlatiladi.
Na2CO3 kristall soda, ichimlik soda, shisha, sovun, qog`oz ishlab chiqarishda va ro`zg`orda yuvish vositasi sifatida ishlatiladi.
Na2SO4 soda va shisha ishlab chiqarishda hamda Na2SO4•10H2O kristallgidrati tibbiyotda ichni yumshatuvchi sifatida ishlatiladi.
Natriy tuzlari (natriy ionlari) alangani sariq rangga kiritadi. Bu kimyoviy birikmalardagi Na ni aniqlashning eng seziluvchan usulidir.
Kaliyli tuzlardan asosan kaliyli o`g`itlar sifatida foydalaniladi. Kaliy tuzlari (kaliy ionlari) alangani gunafsha rangga kiritadi. Bu kimyoviy birikmalardagi K ni aniqlashning eng seziluvchan usulidir.
Takrorlash uchun savollar. 1. Ishqoriy metallar guruhchasi elementlari qanday umumiy xossalarni namoyon qiladi?
2. Ishqoriy metallar qanday olinadi va qanday xossalarni namoyon qiladi?
3. Ishqoriy metallar nima uchun faqat bir valentlik namoyon qiladi?
4.O’yuvchi kaliy nima?
5. Asosli oksidlar qanday olinadi va qanday xossalarga ega?
6.Natriy va kaliy organizmda qanday rol o’ynaydi?