1-kurs o\'zbek mutaxassislikka kirish majmua 2022-2023
O‘qish malakalarining sifatlarigabadiiy asar matnini to‘g‘ri, tez, ongli va ifodali o‘qish kiradi. O‘qish darslarida o‘quvchilarning o‘qish malakalari shakllantiriladi va takomillashtiriladi.
O‘qish malakasining sifatlari o‘zaro bog‘liq bo‘lib, ularning asosi ongli o‘qish hisoblanadi. O‘quvchi matnni tez va to‘g‘ri o‘qisa-yu, anglab o‘qimasa yoki uning tez o‘qishi natijasida boshqalar matn mazmunini tushunmasa, to‘g‘ri o‘qisa-yu, o‘ta sekin o‘qisa, nutq birliklari orasida to‘xtamlarga e’tibor bermasa, matnda ifoda etilayotgan fikr tushunilmaydi. Muayyan tezlikda va to‘g‘ri o‘qish ongli o‘qishga xizmat qiladi, to‘g‘ri, tez va ongli o‘qish esa ifodali o‘qishning asosi hisoblanadi.
O‘qish malakalarini egallash maktabda o‘qitiladigan barcha predmetlarni muvaffaqiyatli o‘zlashtirishning muhim sharti hisoblanadi. O‘qish faoliyatning asosiy turi bo‘lib, o‘quvchilarni g‘oyaviy-siyosiy, aqliy, estetik va nutqiy tomondan rivojlantirish uchun juda katta imkoniyat yaratadi. Bu jarayon esa o‘qish malakalarini o‘stirish va takomillashtirish ustida tizimli va maqsadga muvofiq ishlashni talab qiladi.
O‘qish malakasini egallash ancha murakkab bo‘lib, uni shakllantirish uzoq vaqtni talab etadi. Ruhshunos olim T. G. Egorov o‘zining «Ocherki psixologii obucheniya detey chteniyu» nomli asarida o‘qish malakalarini shakllantirish jarayonini uch bosqichga ajratadi: analitik bosqich, sintetik bosqich va avtomatlashgan bosqich.Analitik bosqich savod o‘rgatish davriga to‘g‘ri keladi, bunda so‘zni bo‘g‘in-harf tomonidan tahlil qilish va bo‘g‘inlab o‘qish malakasi shakllantiriladi. Sintetik bosqich uchun so‘zni sidirg‘a o‘qish xarakterlidir; bunda so‘zni ko‘rish orqali idrok qilish va uning talaffuzi so‘z ma’nosini anglash bilan asosan mos keladi. O‘qish so‘z ma’nosini idrok qilish bilan amalga oshadi. O‘quvchilar sintetik bosqichga 3-sinfda o‘tadilar. Bundan keyingi yillarda o‘qish avtomatlasha boradi.
O‘qish darslarida asar ustida ishlashni shunday tashkil etish kerakki, asar mazmunini tahlil qilish o‘qish malakalarini takomillashtirishga yo‘naltirilgan bo‘lsin.