DIALIZ USULI. Bu usulda kolloid eritma yoki polimer eritmalarni tozalash oddiy dializatorda olib boriladi. Oddiy dializator 1 rasmda ko’rsatilganidek tagi xayvon, pufagi yoki kollodiy parda (tselofan)dan iborat. Idishga tozalanishi kerak bo’lgan kolloid eritma solinadi. So’ngra bu idish suv solingan boshqa idishga tushiriladi. Idishdagi suv vaqti- vaqti bilan almashtirib turiladi. Kollodiy parda quyidagicha tayyorlanadi. Biror shisha idishga kollodiy parda tarkibiga kiruvchi 11% ga yaqin azot bo’lgan nitrotsellyulozaning spirt bilan efir aralashmasidagi eritmasi solinadi. So’ngra idishni aylantirib turib, kollodiy eritmasidan bo’shatiladi. Idish devorlarida qolgan kollodiy eritmasi mumkin qadar tekis tarqalishi kerak. So’ngra idish to’nkarilib, uning ichidagi spirt va efir tamomila bug’languncha kutib turiladi. Efir hidi yo’qolgandan keyin idish toza suv bilan bir necha marta chayqatiladi. So’ngra pardaning chetlari ko’chirilib, parda bilan shisha o’rtasiga suv quyiladi va hosil bo’lgan parda shishadan ko’chirib olinadi.
Hosil qilingan kollodiy devorlarida (yoki hayvon pufagi devorlarida) juda mayda teshiklar bo’ladi. (ularning diametri 20-30 nm dir). Bu teshiklardan molekula va ionlar o’ta oladi, lekin kolloid eritmaning zarrachalari o’ta olmaydi.
Kolloid eritmadagi elektrolitlar diffuziyalanib, parda orqali kolloid eritmadan chiqib ketaveradi. Suvni almashtirish bilan kolloid eritmani istalgan darajada tozalash mumkin. Agar uzoq vaqt dializ qilinsa, u holda kolloid eritmadan qo’shimchalar chiqib ketish bilan birga, stabilizator ham chiqib ketishi mumkin, bu esa kolloid sistemani koagulyatsiyalanishga olib kelishi mumkin.
Ishning maqsadi.Zol’ va polimer eritmalarni tozalash va ularinng diffuziya tezligi bilan tanishish.
Kerakli asbob va reaktivlar. Dializator, 2 %li FeCl3, 1N AgNO3, 1N BaCl2, 2 % va 10 % li tanin zoli, yodning suvdagi eritmasi, kraxmal kukuni, fenoftalein indikatori, 10 % li NaCl eritmasi, 0,1 n NaOH, 2 n CuSO4, Fe(OH)3-gidrozoli, Berlin lazuri va qizil Kongo bo’yog’i.