Ishni bajarish tartibi: Gips xamirining tishlashish muddati Vika asbobi yordamida aniqlanadi. B asbob (3-rasm) stanina 1, suriladigan metall sterjen 2, uning qo’shimcha yuk qo’yiladigan maydonchasi 3, uchi kesik konussimon jez halqa 8, shisha plastinka 9 dan tashkil topgan. Qisuvchan vint 6 sterjenni zarur balandlikka o’rnatish uchun xizmat qiladi. Sterjenning mili 4 uning staninaga biriktirilgan va darajalarga (0 dan 40 mm gacha) bo’lingan shkala 5 bo’yicha surilishini ko’rsatib turadi. Qo’zg’aluvchan sterjenning pastki qismiga diametri 1 mm va uzunligi 50 mm bo’lgan nina 7 o’rnatiladi.
3-rasm. Gips xamirining tishlashish muddatini aniqlaydigan Vika asbobi: a-old va yon tomonidan ko’rinishi; b- metall sop; d-po’lat igna;
1-stanina; 2-sterjen; 3-yuk qo’yiladigan maydoncha; 4-sterjen millari; 5- shkala; 6-qisib turuvchi vint; 7-nina; 8-konussimon jez xalqa; 9-shisha plastinka.
Sinov oldidan metall sterjenning bemalol tushishi ninaning tozaligi, o’zak milining vaziyati, ya’ni uning shisha plastinkaga taqalganida nul vaziyatni egallashi tekshiriladi. Sterjenning nina bilan birgalikdagi massasi 120 g ga teng. Sinash oldidan halka 8 bilan plastinka 9 ni mashina moyi bilan yupqa qilib moylash kerak.
Gips xamirining qotish muddatini aniqlash uchun tarozida 200 g gips tortib olinib, etarli miqdorda suv quyilgan kosaga solinadida, chilchop bilan 30 sekund qorishtiriladi. Tayyor xamir darhol shisha plastinka ustidagi halkaga solinadi. Xamir ichidan havo pufakchalarni chiqarib yuborish uchun halka bilan plastinka 4-5 marta silkitiladi: plastinkaning bir tomoni taxminan 10 mm ga ko’tarib tushiriladi; ortiqcha xamir pichoq bilan sidirib tashlanadi. Halka asbob ninasi tagiga joylanadi, nina halkaning qoq o’rtasida gips xamirga tegib turadigan qilib pastga tushiriladi va sterjeni siquvchi vint yordamida mahkamlab qo’yiladi, so’ngra nina har 30 sekundda pastga tushirilib xamirga botirilaveradi (har gal xamirning yangi joyni teshish lozim); ninani har safar xamirdan sug’irib olgandan keyin yaxshilab artish kerak. Ninaning xamirga botish chuqurligini sterjen mili ko’rsatib turadi, shu qiymatlar laboratoriya ishglari daftariga yozib boriladi.
Gips xamirining tishlasha boshlagan va qotib bo’lgan vaqti daftardagi ma’lumotlardan olinadi. Xamir qorilgan paytdan to nina xamir tubiga, ya’ni plastinkaga 0,5 mm etmay to’xtagan paytgacha o’tgan muddat xamir tishlasha boshlagan vaqt hisoblanadi. Xamir qorilgan paytdan to nina xamirga 0,5 mm dan chuqur botmaydigan bo’lgancha o’tgan muddat gips xamirining tishlashish muddati tugagan vaqtni bildiradi.
Sinalayotgan gips xamirining tishlashish muddati laboratoriya ishlari daftariga yoziladi va standartdagi talablarga taqqoslanadi.
Binokorlik gipsidan qorilgan xamir qotib qolish muddati jihatidan uch guruhga ajratiladi: A – tez tishlashadigan gips (kamida 2 minutda tishlasha boshlaydi va 15 minutdan kechikmay toshdek tishlashib qoladi); V – normal tishlashaddigan gips (kamida 6 minutda tishlasha boshlaydi va 30 miutdan kechikmay toshdek tushlashib qoladi); V – sekin tishlashadigan gips (kamida 20 minutda tishlasha boshlaydi, uning toshdek tishlashib qolish vaqti normalanmaydi).