Korxonalarda ishlab chiqarilgan mahsulotlar tannarxini pasaytirish va samarali boshqarish tannarx aniqlashning zamonaviy tizimlarini amaliyotga joriy qilishni taqozo etadi.
"Direkt-kosting" hisob tizimi ham respublikamiz buxgalteriya hisobi uchun yangi tizimlardan hisoblanib, bugungi kunda iqtisodiy rivojlangan mamlakatlarda keng qo’llanilmoqda. Germaniya va Avstraliyada mazkur usul "qisman xarajatlar hisobi” deb ataladi. Britaniyada u "marjinal xarajatlar hisobi”, Frantsiyada – "marjinal buxgalteriya" yoki "marjinal hisob" degan nomlarni olgan. O’zbekistonda esa "cheklangan, to’liq bo’lmagan yoki qisqartirilgan tannarx hisobi" tushunchalari qo’llanilib kelmoqda.
Farb mamlakatlarida marjinal daromad usulidan ishlab chiqarishni (ekstensiv) rivojlantirish modeli o’rniga yangi model – intensiv rivojlanish modeli sifatida foydalanila boshlandi. Bunday modeldan foydalanish, o’z navbatida, xarajatlarni bevosita va bilvosita, asosiy va qo’shimcha, doimiy va o’zgaruvchan xarajatlarga aniq bo’lishni va shu asosda boshqarishning strategik vazifalarini hal etishni talab qiladi.
Shuni nazarda tutish kerakki, "Direkt-kosting" tizimining paydo bo’lishi sof buxgalteriya hisobi bilan bog’liq edi. Hisob xodimlari o’sha davrda shunday xulosaga kelishdiki, barcha xarajatlar mazkur hisobot davriga va shu davrdagi ishlab chiqarilgan mahsulot bilan bog’liq, ya’ni, ular mahsulot sotilgandagi hisobot davriga tegishli bo’lishi lozim.
"Direkt-kosting" tizimining asosiy maqsadi korxona xarajatlarini ishlab chiqarish hajmi o’zgarishiga bog’liq holda doimiy va o’zgaruvchan xarajatlarga bo’lishdan iborat.
Dastlabki bosqichda tannarxga faqat o’zgaruvchan xarajatlar kiritilar edi, doimiy xarajatlar esa korxonaning moliyaviy natijalariga hisobdan chiqarilar edi. Direct-Costing-System (bevosita xarajatlar hisobi tizimi)ning nomi ham shundan kelib chiqqan, keyinroq "Direkt-kosting" tizimi shunday hisob tizimiga aylandiki, unda tannarx faqat bevosita o’zgaruvchan xarajatlar qismida hisob qilinadigan bo’ldi. Mazkur nomdagi bir qator shartliliklar ana shundan kelib chiqqan.
Amaliyotda “Direkt-kosting” tizimini turli variantlarda qo’llash imkoniyati mavjud. Bevosita xarajatlar bo’yicha kalkulyatsiyalashni ko’zda tutuvchi klassik “Direkt-kosting” tizimida xarajatlarni kalkulyatsiyalash o’zgaruvchan xarajatlar bo’yicha amalga oshiriladi. Bunda ishlab chiqarish quvvatlaridan oqilona va to’liq quvvati bo’yicha foydalanish xarajatlarini kalkulyatsiyalash jarayoniga barcha o’zgaruvchan xarajatlar hamda umumishlab chiqarish xarajatlarining bir qismi kiradi. Bularning barchasi ishlab chiqarish quvvatidan foydalanish koeffitsientiga muvofiq aniqlanadi.
“Direkt-kosting” hisob tizimida moliyaviy natijalar to’g’risidagi hisobot tizimidagi ko’rinishda aks ettiriladi (13.4-jadval).
Jadval ma’lumotlari moliyaviy natijani aniqlash tartibidan kelib chiqib "Direkt-kosting" hisob tizimi va mahsulotning to’liq tannarxi o’rtasidagi farqli jihatlarni ifoda etadi.
Shunday qilib, “Direkt-kosting” hisob tizimi quyidagi xususiyatlarga ega:
– hisobni birinchi navbatda marjinal daromad, ya’ni oraliq moliyaviy natijani aniqlashga yo’naltirilishi;
– mahsulotni faqat o’zgaruvchan xarajatlar nuqtai nazaridan hisobga olish va ishlab chiqarish tannarxini aniqlash;
– korxona bo’yicha doimiy xarajatlar hisobi va ularni yakuniy moliyaviy natijani aniqlash uchun operatsion foydani kamaytirishga qaratish;
– bahoni tezkor boshqarish jarayoni asosi sifatida marjinal daromadni aniqlash;
– sotish hajmi, tannarx va foyda o’rtasidagi o’zaro bog’liqlik va munosabatni aniqlash;
– zararsizlik nuqtasini belgilash.