«GILGAMISH» DOSTONI
«Gilgamish» dostonining shumer tilida saqlangan syujeti bilan akkad nusxasi syujeti o’rtasida farq bor. Masalan, shumer tilidagi nusxada birinchi qo’shiq «Gilgamish va Akka» deb nomlangan. Unda Gilgamish hukmronlik qilgan shahar Kish shahrining hukmdori Akkaga buysungan. Gilgamish o’z do’sti Enkidu, xalq yig’ini va oqsoqollari maslahati bilan Akkad zulmidan qutilish uchun kurashga otlanadi. Jang Gilgamishning g’alabasi bilan tugaydi. Akkadlar yaratgan dostonda shumeriylar qo’shig’ida aks etgan tasvir berilmagan. Akkad dostonining syujetida Gilgamish bir muncha zulmkor shoh sifatida ko’rsatilgan. Gilgamish erkaklarni shahar devorlarini qurishga majbur etib, xotin–qizlarni haramiga olib boradigan hukmdorga aylangan. Gilgamish do’sti Enkidu bilan bir qancha qahramonliklar ko’rsatadi. Masalan, Kedr o’rmonida yashovchi pahlavon Xumbaboni kurashda halok etadi. Gilgamishning pahlavonligiga qoyil qolgan ma’buda Ishtar (shumerlarda Innin) unga sevgi izhor etadi. Gilgamishdan rad javobini oladi. Ishtar bundan g’azablanadi va otasidan yordam so’raydi. Otasi xudo Anu unga qarshi samoviy xo’kizni yuboradi. U shunchalik bahaybatli ediki, Frot daryosining suvini bir simirishda ichib qo’yadi (M.Koshg’ariy turkiylarning o’g’uz qabilasi Frot daryosini Oko’z – Ho’kiz nomi bilan ataganligini yozadi. Qarang: I, 91-bet). Dami bilan yerni yoradi. Gilgamish Enkidu bilan birgalikda samoviy xo’kizni o’ldiradi.
Gilgamish xudolarga bas kelaolmasligini anglab yetadi. Shu sababli u o’lmaslik – boqiy yashash sirini axtarib kemada Okeandan suzib o’tadi va O’tnapishtim yashayotgan orolga yetib keladi. Uning maslahati bilan dengiz tubiga tushib, qari odamlarni yashartiradigan sehrli o’tni olib chiqadi. Lekin qarshisida ilon paydo bo’lib, o’tni olib qochadi.
«Gilgamish»ning mantiqiy hukmi kuchli pahlavonlar ham abadiy yashay olmaydi, xudoga itoat et, hamma ish uning roziligi bilan bo’ladi, degan g’oya asosida qurilgan.
Dostonning turkiylar bilan yaqinlik tomoni. Qadimshunoslar «Gilgamish» yaratilgan shumer tilini biror til oilasiga kiritish qiyin, deb hisoblaydilar. Shu sababli ham bu tilni ba’zan turkiylar, ba’zan hindlarning qadimgi mund tiliga taqqoslashlar bo’lgan. Xo’sh, «Gilgamish»ning qadimgi turkiylarga aloqador tomoni bormi? Kuzatishlar dostonning turkiylar bilan aloqador tomonlari ham borligini ko’rsatadi.
«Gilgamish» yaratilgan tilni qadimshunoslar o’lik til deb hisoblashadi. Shumer tili miloddan avvalgi 4 minginchi yillikning oxirlaridan birinchi ming yilliklargacha amalda bo’lgan. Tarixiy manbalarga ko’ra, shumerlar miloddan avvalgi ikki minginchi yillikning birinchi yarmida akkadlar, keyinchalik Bobil davlati tarkibiga qo’shilgan. Natijada, ularning tili bu xalqlar tili bilan chatishib ketgan.
Shumer xalqining ijtimoiy-siyosiy tarixi nuqtai nazaridan bu fikrlar to’g’ri. Lekin uch ming yil davomida fan, madaniyat, adabiyot, din va turli xil davlat hujjatlari yaratilgan tilning tarix sahnasiga kirib kelishi va yo’qolib ketishini ertaklardagi voqyealardek tushunish ajabla-narlidir. Uch ming yil davomida yaratilgan madaniyatni hozirgi davrda yashayotgan aniq bir xalqning ota-bobolari nomi bilan bog’lash jahonda ulug’ sanalgan biror xalqning madaniyatini kamsitmaydi. Shumer tilining grammatik va leksik tarkibi turkiy tilga mos tushishini aytishga uringan olimlarni, ikkinchi guruhlari faraziya, deb tanqid qilishdi. Masalan, F. Xommel birinchilardan bo’lib, shumer tilini turkiy tilga nisbat bergan. Bizning zamonamizga kelib qozoq shoiri O’. Sulaymonov bu tilni ural-oltoy tillari oilasiga kiritishga harakat kilgan. Polyak olimi Ya. Braun tibet, M.Serotelli gruzin tillari oilasiga mansub deb hisoblaydi. Shumershunos I. M. Dyakonov esa bu fikrlarni faraz deb tushunadi va ularning taqqoslarini inkor etadi. O’rni kelganda aytish kerakki, bu olim Olmaotadan 50 kilometr uzoqlikda Issiq daryosi bo’yidagi qo’rg’ondan topilgan yozuvni ko’pgina turkiyshunoslar sak turklariga nisbat berganida va o’qib asoslashganida ham tan olishni istamagan edi.
Shumer tilini hozirgi qaysi tillar oilasiga kiritish mumkin deb aytishdan ko’ra,
masalaga hozirgi qaysi tillarni shumer tili oilasiga kiritish mumkinligi nuqtai-nazaridan yondashish to’g’ridir. Chunki, shumer tili 4 ming yil oldin muomalada bo’lgan. Bu tilda gaplashuvchi jamoa ming yillar davomida jahonning turli qit’alariga ko’chgan, turli qabilalar bilan qo’shilib ketgani, tabiiy. Zotan, qadimshunoslar ham shundan guvohlik berishadi. Shumer tilini hozirgi bir xalq tili bilan grammatik va leksik jihatdan qiyosan o’rganish masalani yorqin oydinlashtirmaydi. Chunki, ba’zi tillarning rivojlanib ketishi, taraqqiyoti o’zining qadimiyligini saqlab qolgan emas. Agar hozirgi turkiy tillarning kelib chiqish oilasi shumer tilidan deb olinadigan bo’lsa, u holda barcha turkiy tillar tadqiqot doirasiga tortilmog’i kerak.
Masalan, shumer tilida ama – ona. Mahmud Koshg’ariyning yozishicha, qaysidir o’lkalardan turkiylar mamlakatiga ko’chib kelgan tubutliklar onani uma deb atashadi. Turkiy qavmlarning ayollardan tashkil topgan jangovor guruhi Ama – zonkadir. Ada – otadir. Bu so’z turkiylar uchun tushunarli. Kisikil- qiz, ayol. Qadimgi turkiylarda bu ma’no kis, kishi so’zlari orqali ifodalangan. Shumerlarga xos «s» va «sh»ning almashinuvi e’tiborga olinsa, uning turkiycha bilan yaqinligi bor. Bizning tilimizdagi egar so’zi shumerlarning eger – bel orqani ifodalaydigan so’ziga yaqin turadi. Kusa – kursidir. Turkiylarning «r» harfini aytolmaydigan (masalan, kursi – kussi, mardon – maddon, to’rt – to’t kabi) lahjalari mavjud. Shumerlarda ug’ – xalq, ken – kengash ma’nosini beradi. Ug’ken – xalq yig’ilib kengashadigan joy. Demak, ken – kengash, ayni paytda turli joylardan keladigan xalqlarning to’planib, maslahat o’tkazadigan markazi ma’nosini ham anglatadi. Bu, albatta, turkiylarda ken (kent) shahar (Toshkent kabi) mazmuniga ham mosdir.
Shumer va turkiy tillar o’rtasidagi yaqinlikni qiyosan o’rganish ishiga O’.Sulaymanov birinchilardan bo’lib kirishgan, shumer tilidagi oltmishdan ortiq so’zning hozirgi turkiy tillarda qo’llanilishi hamda bu tillardagi so’zlar bilan o’zakdosh ekanligini isbotlagan edi. Olim shumer atamasining ma’nosi haqida ham fikr yuritar ekan, bu so’zni «sub – yer», «sibir», «yer — sub» so’zlari bilan o’zakdosh deb tushunadi hamda yer–suv mazmunini beradi, degan farazga keladi. Chindan ham turkiylarga xos tovush o’zgarish hodisalari («sh» — «s», «m» — «b») shumerni «sub — yer» deb o’qishga imkon beradi.
Badiiy asarni ma’lum bir xalq adabiyotiga nisbat berish uchun faqat tilni asos qilib olish yetarli emas. Bunday muammoli masalalar tug’ilganida badiiy asarda aks etgan diniy e’tiqodlar, qabila yoki xalqlarning urf-odatlari, obrazlarning xarakteri va qahramonligi so’ngi asrlardagi qaysi xalqning turmushida saqlanganligi nuqtai nazaridan ham yondashish kerak. «Gilgamish» dostonini turkiy xalqlar adabiy merosiga nisbat berish uchun unda ko’pgina qadimiylik belgilari saqlanib qolgandir.
Turkiy qabilalarning eng qadimgi qavmi gumer hisoblanadi. Bu qavm o’zlarini Nuh to’fonidan so’ng dunyoda paydo bo’lgan birinchi xalqlardan deb tushunishgan. Qadimshunoslar turkiylarning kimmer qabilasini gumer qavmining nomi sifatida e’tirof etishadi. Antik yunon va ossuriy tarixchilarining kitoblarida kimmerlar haqida boy ma’lumotlar berilgan. Tarixiy asarlarda bu turkiy qabilaning nomi gimmer, kimmer shaklida, shumer esa ba’zan sumer shaklida ham yozilgan. Shumer va kimmer nomlarida mantiqan bog’lanish hamda ohangdorlik bor. Qolaversa, gumerlar ham shumerlardek dunyodagi eng qadimgi qabilalardan biridir.
Antik davr yunon va ossuriy tilida yaratilgan tarixiy kitoblarda kimmeriylarning vatani Shimolda – Qrim atroflarida deb ko’rsatilgan. Shumerlar esa Mesopatamiyada yashaganlar. Uzoq Mesopotamiya bilan kimmerlar o’rtasida yaqinlik bo’lganmi? Shumer va kimmer xalqini bir-biriga bog’laydigan asoslar nimada?
«Injil»da ko’rsatilgan gumerning o’g’illaridan biri Ashkanoz. Bu qavm tarixda skiflar nomi bilan yuritiladi. Gumerning yana bir o’g’li Tugarma deb atalgan. Undan Mesopotamiyada yashagan xalqlar tarqalishgan. Demak, kimmer va skiflar Kichik Osiyo mamlakatlariga tez-tez hujum qilishi hamda o’z hukmronligini o’tkazishga urinishining mantiqiy zamini mavjud. Axir, Ossuriya shohi Ashshurbanipal o’z kutubxonasida shumeriylarning sopol kitoblarini bekorga saqlamagan. Skif–kimmerlar hukmdori Prototeyga ossuriylar shohi tinchlik ittifoqini mustahkamlash uchun o’z qizini xotinlikka bergan edi. Shu kundan boshlab Prototey ossuriylarning shohi sifatida ham tan olingan. Yoki I.M.Dyakonov Midiya tarixiga bagishlangan kitobida skiflar sarkardasi Madi xam Ashshurbanipalning kuyovi bo’lganligini qayd etadi. Midiya shohi Kiaksar Madini o’ldirib, Ossuriya kutubxonasini yoqib yuborishga tashkilotchilik qilishida katta mantiq bor. Kiaksar Ossuriya kutubxonasida kimmeriy va skiflar madaniyati, tarixi va adabiyoti bitilgan xazina borligini sezgan bo’lishi kerak.
Shumer va qadimgi mesopotamiyaliklar turkiylar bilan yaqinligini asoslovchi
yana bir necha dalillarni keltirish mumkin. Chuvashlar turkiylarning qadimgi qavmlaridan biridir. Chuvashiya jumhuriyatida Shumeriya deb ataluvchi shahar mavjud. X asrda yashagan arab tarixchisi ibn Xovqal ma’lumot berishicha, Samarqand atrofida mesopotamiyalik – iroqliklarning qishloqlari bo’lgan. Ular o’zlarini doimiy yashaydigan xalq sifatida ko’rsatishgan. Aytish kerakki, Shumer viloyati hozir janubiy Mesopotamiya – Iroqda. Arab tarixchilari iroqliklarning Jizzax, Toshkent atroflarida ham qishloqlari bo’lishganini yozishadi. Iroqliklarning Urgutdagi qishlog’i Vazkerd, Jizzaxdagisi Vinkerd, Toshkent atrofdagisi Binkent deb atalgan. Arxeolog V.L. Vyatkin mesopotamiyaliklarning Urgutdagi manzili bo’ylab kuzatish ishlari olib borib, ular yashagan joyni Qing’ir kishlogida deb ko’rsatadi. Qing’irni kimmer, gimmer, qimmerning o’zgargan shakli deb hisoblash mumkin. 1920 yilda akademik V.V.Bartold Urgut tog’larining Gulbog’ soyidagi qoyadan Suriya tilidagi yozuvlarni ham ko’rgan. Ajabmaski, arablargacha Markaziy Osiyo shaharlarida yashay boshlagan va o’zini iroqlik deb hisoblagan xalqlar shumerlar avlodidan bo’lishsa.
Shumeriylar tarixi haqidagi izlanishlar Urgut nomining yangicha talqinini ham beradi. Bu esa qadimgi mesopotamiyaliklarning Urgutda yashaganligidan yana bir dalildir. Miloddan avvalgi uch minginchi yillarning o’rtalarida akkad va shumer davlatlari birlashtirilgan. Akkad davlati taxminan 120 yil yashagan. Miloddan avvalgi 2200-yilda Sharq tomondan kelgan tog’lik gutiylar deb nomlangan urushqoq xalqlar akkadlar hukumatini ag’darishgan. Bunday qahramonlikka shumerlarning Lagash shahri aholisi katta yordam bergan. XXII asrga kelib, Ur sulolosidan bo’lgan qavm ulardan hokimiyatni qaytarib oladi va gutiylar bilan lagashliklar mamlakatdan quvib chiqariladi.Bu o’rinda yana bir faraziyani ham eslatib o’tish kerak. Ko’pchilik shumershunoslar shumerlar Mesopotamiyaga tog’lik o’lkalardan, ehtimol Eron va Markaziy Osiyodan kelib qolishgan, degan fikrni ham olg’a surishadi.
Shumer shahar-davlatiga asos solgan xonlardan biri Gilgamishdir. Uning hokimi Gilgamish Kish hokimi ustidan g’alaba qozonib, afsonaviy qahramonga aylanadi. Gilgamish akkad tilidagi eposda Gilgamish deb nomlangan. Uni Gilgamish deb nomlash to’g’ridir. Bu turkiy tilga yaqinlashtirish maqsadida emas, albatta, «Gilgamish» so’zining o’zagi turkiycha «bilmoq» ma’nosini ifodalaydi. Dostonning mazmuni ham asar qahramonining nomiga «bilish» so’zi asos bo’lganligini isbotlaydi. Dostonda Gilgamish ta’rifi shunday:
Dostları ilə paylaş: |