Gematit – αFe2O3. Nomi – «gematikos»: rangi qonga o`xshash. U trigonal singoniyali bo`lib, plastinkasimon, romboedrik, ba`zan kichik taxtachasimon kristallar holida uchraydi. Bulardan tashqari zich yaxlit massalar holida, varaq-varaq agregatlarga o`xshash ko`rinishlarda bo`ladi. Gematit rangi – kulrang, qora. Uning chizig`i olchadek qizil, shaffof, ba`zan yarim metall kabi yaltiraydi. Gematitning qattiqligi – 5,5-6,0, solishtirma og`irligi – 5,2, ancha mo`rt bo`ladi. U HCl da sekin eriydi.
Gematit asos, o`rta va nordon intruziv jinslarda paydo bo`ladi, ba`zan gidrotermal jarayonlarda yuzaga keladi. Regional metamorfizm hosilasi kristallik slaneslarda va kontaktli metamorfik jinslarda ko`p uchraydi.
Gematit temir olishda asosiy sanoatbop xom-ashyo hisoblanadi.
Magnetit – FeFe2O4. Singoniyasi kubik. Kristallari ko'proq sakkiz qirrali bo'ladi. Ko'pincha yaxlit donador massalar, yoki xol-xol donalar holida uchraydi. Rangi temir kabi qora, chizig'i qora. Yarimmetall kabi yaltiraydi. Qattiqligi 5,5-6,0. Ulanish tekisligi yo'q. Solishtirma og'irligi 4,9-5,2 g/sm3. Kuchli magnit tortish xususiyatiga ega. U eng muhim temir ma'dani.
Korund - A12O3.Korund sof alyuminiy oksidi, ya'ni suvsiz giltuproqdir. Kristallari bo'chkasimon, ustunsimon piramidal va plastinka shaklida uchraydi. Rangi ko'proq ko'kish va sargish-kulrang bo'lib, xilma-xil rangli shaffof kristallari ham bo'ladi. Qimmatbaho shaffoflari: leykosapfir - rangsiz, rubin (la’l) - qizil, sapfir- ko'k, yoq ut - qizil, sharq ametisti - binafsha, sharq zumradi - yashil. Ulanish tekisligi yo'q, shishasimon yaltiraydi. Mayda xillari najdak deb yuritiladi. Qattiqliligi - 9, solishtirma og'irligi 3,95-4,10 g/sm3. Ba'zan magmatik jinslarda va pegmatitlarda, asosiy qismi esa ohaktoshlarda va gilli tog’' jinslarida metamorfizm natijasida hosil bo'ladi.
Sanoatda va xalq xo'jaligida abraziv material sifatida ishlatiladi. Sapfirlar va rubinlar qimmatbaho toshlardir.