MAGMATIK TOG' JINSLARINING TЕKSTURASI
Tog' jinslarining ichki tuzilish belgilarining yig'indisi tekstura deyiladi. Tekstura uning tarkibidagi minerallarning bir-biriga nisbatan joylanishi bilan belgilanadli. Magmatik tog' jinslarida tuzilish jihatidan bir xil, g'ovaksimon, taksit, sharsimon va yo'l-yo'l teksturalar uchraydi.
Tuzilish jihatidan bir xil tekstura tog' jinslarini tashkil qiluvchi minerallarning bir-biriga nisbatan bir xil tarqalganligi bilan ajralib turadi. Uning hamma qismi bir xil tuzilishga va rangga ega. Bu tekstura magmaning teng sharoitda kristallanishi jarayonida hosil bo'ladi.
G'ovaksimon tekstura jinslarda dumaloq yoki shaklsiz bo'shliqlarning borligi bilan ajralib turadi. Bunday tekstura effuziv jinslarning kristallanishi jarayonida magmadan ajralib chiqqan gazlar hisobiga hosil bo'ladi.
Taksitli tekstura ayrim jinslarga xos bo'lib qismlari bir-biridan rangi, strukturasi va mineral tarkibi bilan farq qiladi.
Sharsimon teksturali jinslarda minerallar ma'lum markaz atrofida konsenrik holatda joylashib, shar va ellipsoidal shakllarni hosil qiladi. Bu tekstura granit, gabbro, diorit va boshqa jinslarda uchraydi.
Yo'l-yo'l tekstura jinslarda har xil tarkibli qismlar borligi bilan ajralib turadi. Bu tekstura gravitatsion differensiatsiyalanishning mahsuli bo'lib, jinsni tashkil qiluvchi yengil minerallar yuqoriga qalqib chiqishi, og'ir minerallar pastga cho'kishi natijasida hosil bo'ladi.
9-AMALIY MASHG’ULOT
MAGMATIK JINSLARNI MINERAL TARKIBIGA
KO'RA TASNIFLASH
Tog' jinslarini tarkibiga qarab tasniflash ancha qulaydir, chunki to'liq kristallangan jinslarning mineral tarkibini mikroskop ostida tez aniqlash mumkin. Biz A.N. Zavaritskiy tomonidan taklif etilgan tasnifni asos qilib oldik. U taklif etgan tasnifda jinslarni tashkil qiluvchi minerallarning miqdori nisbati hisobga olinib, jinslarning kimyoviy tarkibi, strukturasi va teksturasiga e'tibor beriladi.
Asosiy tasniflash minerallaridan biri dala shpatidir. Plagioklaz albit va anoritning izomorf birikmasi bo'lib, har bir magmatik tog' jinsi uchun ularning ma'lum nisbati xosdir. Jinslar guruhlarga bo'linganda plagioklaz bilan natriy-kaliyli dala shpatlarining nisbati hisobga olinadi. Tog' jinslarida kvars keng tarqalgan bo'lib, ikkinchi tasniflash minerali hisoblanadi. U SiO2 bilan o'ta to'yingan jinslarda uchraydi. Tasniflash minerallariga yana temir-magnezial silikatlar (biotit, shoh aldamchisi, piroksen, olivin) va feldshpatoidlar (nefelin, sodalit, leytsit) kiradi.
Magmatik jins hosil qiluvchi asosiy minerallar miqdoriga va jinslarning kimyoviy tarkibiga ko'ra magmatik jinslar sakkiz guruhga bo'linadi. Jinslar guruhining nomi eng keng tarqalgan intruziv va effuziv jins nomi bilan nomlanadi:
1. Peridotit guruhi- kremnezyom oksidi miqdoriga qarab o'ta asos (giperbazit) jins.
2. Gabbro-bazalt guruhi - asos (bazit).
3. Diorit-andezit guruhi - o'rta.
4. Granodiorit-datsit guruhi -nordon.
5. Granit-liparit guruhi - nordon.
6. Sienit-traxit guruhi - o'rta.
7. Nefelinli sienit-fonolit- ishqorli.
8. Ishqorli gabbroid-bazaltoid guruhi- ishqorli.
Dostları ilə paylaş: |