Kvarsitlar kristall donali yoki slanessimon jins bo'lib, oq ranglidir. U qo'shimcha minerallar hisobiga har xil rangli bo'lishi mumkin. Jinsning teksturasi massiv, strukturasi granoblastli, ayrim hollarda arrasimon bo'ladi. Kvarsitlar qaysi darajada qayta kristallanganligiga qarab mayda, o'rta va yirik donali bo'ladi. Jins kvarsdan tashkil topgan. Qo'shimcha mineral holida slyuda, xlorit, granat, grafit, dala shpatlari, kianit, sillimonit, stavrolit va boshqalar minerallar uchraydi.
Kvarsitlar parajinslar bo'lib, kvarsli qumtoshlar va kremenli jinslarning metamorfizmga uchrashi hisobiga hosil bo'ladi. Jins tarkibida u yoki bu minerallarning uchrashiga qarab turlarga bo'linadi. Ular ichida temirli kvarsitlar katta amaliy ahamiyatga ega. Jins tarkibida kvarsdan tashqari ko'p miqdorda gematit va magnetit uchraydi. Bu jinsga yo'l-yo'l tekstura xosdir. Temirli kvarsitni jespelit deb ataladi.
Marmar metamorfizmning hamma fatsiyalarida karbonat tog' jinslarining (ohaktosh, dolomit, magnezit va siderit) hisobiga hosil bo'ladi. Jins tarkibida uchragan asosiy va qo'shimcha minerallarga qarab marmarning rangi har xil bo'lishi mumkin. Marmarni tarkibida asosiy minerallardan kalsit, dolomit, magnezit va siderit uchraydi. Qo'shimcha minerallardan kvars, temir oksidlari va boshqa minerallar bo'ladi. Jins strukturasi granoblastli, teksturasi birlamchi jins teksturasiga qarab massiv va yo'l-yo'l bo'lishi mumkin.
Ayrim hollarda marmarlarning tarkibida ma'lum miqdorda granat, diopsid, forsterit va boshqa silikatlar uchraydi. Bu jinslar kaltosifir deyiladi.
Migmatitlar. Bu jinsda substratning yo'li (biramchi) bilan granit tarkibli yo'llar ketma-ket keladi.
Granulit fatsiyasining jinslari P= 13000 atm. gacha va T = 750-10000C bo'lganda hosil bo'ladi. Ularning tarkibida suv yo'q. Bu fatsiyada gipersten, diopsid, kvars, granatlar (pirop) barqarordir.
Granulit mayda, kamroq o'rta donali bo'lib, oqroq yoki qora ranglidir. Ochroq rangli granulitlar kvars, dala shpatli jinslar hisobiga hosil bo'ladi. Ular tashqi ko'rinishi bo'yicha granitlarga o'xshash. Granulitlarga doska shaklli kvars donali yo'llarning kvars, dala shpatlari, piroksen (gipersten), granat agregatlaridan tashkil topgan yo'llar bilan ket-ket kelishi xosdir. Qora rangli granulitlar plagioklaz, gipersten, granatdan (almandin) tashkil topgan bo'lib, ular asos magmatik jinslar va mergel hisobiga hosil bo'lgan. Granulitlarning strukturasi granoblastli, teksturasi massiv va linzasimon yoki yo'l-yo'l.