14-modda. Davlat organlarining, tashkilotlarning va ular mansabdor shaxslarining virtual qabulxonalarini tashkil etish Aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni tashkil etish, murojaatlarning ko‘rib chiqilishi ustidan tizimli
monitoring va nazoratni amalga oshirish, shuningdek murojaatlar bilan ishlashda zamonaviy axborot-
kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish maqsadida davlat organlari, tashkilotlar va ular
mansabdor shaxslari o‘z virtual qabulxonalarini tashkil etishi mumkin.
Virtual qabulxonalar qaysi davlat organi,tashkilot yoki ularning qaysi mansabdor shaxslari
tomonidan tuzilgan bo‘lsa, o‘sha davlat organi, tashkilot yoki ularning mansabdor shaxslari nomidan
faoliyat ko‘rsatadi.
3-bob. Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaat etish huquqlari kafolatlari 15-modda. Murojaat etish huquqini amalga oshirish kafolatlari Jismoniy va yuridik shaxslarga davlat organlariga, tashkilotlarga va ularning mansabdor shaxslariga
yakka tartibda yoki jamoa bo‘lib murojaat etish huquqi kafolatlanadi.
Murojaat etish huquqi ixtiyoriy amalga oshiriladi. Hech kim biron-bir murojaatni himoya
qilishga yoxud unga qarshi qaratilgan harakatlarda ishtirok etishga majbur qilinishi mumkin emas.
Murojaat etish huquqining amalga oshirilishi boshqa jismoniy va yuridik shaxslarning
huquqlarini, erkinliklarini hamda qonuniy manfaatlarini, shuningdek jamiyat va davlat manfaatlarini
buzmasligi kerak.
Xorijiy davlatlarning jismoniy va yuridik shaxslari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar
O‘zbekiston Respublikasi davlat organlariga, tashkilotlariga va ularning mansabdor shaxslariga
ushbu Qonunga muvofiq murojaat etish huquqiga ega.
LexUZ sharhi Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 16-modda. Murojaat etish huquqidan foydalanilayotganda kamsitishga yo‘l qo‘yilmasligi Murojaat etish huquqidan foydalanilayotganda jismoniy shaxsning jinsi, irqi, millati, tili, dini,
ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeyiga, shuningdek yuridik shaxslarning
mulk shakli, joylashgan eri (pochta manzili), tashkiliy-huquqiy shakllariga va boshqa holatlariga
qarab kamsitishga yo‘l qo‘yilmaydi.
LexUZ sharhi Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi