O‘z-o‘zidan yonadigan ko‘mir qatlamlarini qazishda ko‘mir yo‘qotilishining minimal bo‘lishiga alohida e’tibor beriladi. Bunga qazilgan bo‘shliqni butunlay to‘ldirishga asoslangan qazish tizimlarini qo‘llash va uzoq muddat xizmat qiladigan kon lahimlarini pishiq kon jinslaridan o‘tish orqali erishiladi.
Yuqori unumdorlikka ega bo‘lgan mexanizatsiya vosita- larining paydo bo‘lgani, ularni yotiq ko‘mir qatlamlarini qazish va tashishda qo‘llanishi kon ishlarini uzun lavalarda olib borish orqali kavjoy yuklamasini ancha oshirishga imkon yaratdi. Natijada murakkab qazish tizimlari o‘rniga ancha sodda tizimlardan foydalanish, bir vaqtda ishlaydigan kavjoylar sonini kamaytirish va kon ishlarini rejalashni soddalashtirishga erishildi.
Qazish tizimini tanlashga ta’sir etuvchi omillar soni juda ko‘p. Shu sababli ularning har birini o‘rganib, qazish ishlariga birgalikda ko‘rsatadigan ta’sirini hisobga olish maqsadga muvofiqdir.
Qazish tizimlari tasnifi. Konlarning turli geologik sharoitlarda yotishi va kavjoylarda qo‘llanadigan qazish texnologiyalarining har xilligi qazish tizimlarini ham turli variantlarga ega bo‘lishini taqozo etadi. Shu sababli qazish tizimlarini tasniflashga ehtiyoj tug‘iladi.
Qazish tizimlarini tasniflashda shunday umumiy belgi borki, u barcha variantlarga mansub bo‘lib, kon-tayyorlov va kon qazish ishlarini olib borish navbati bilan ifodalanadi. Bu asosiy belgi bo‘lib, qazish tizimi ko‘rinishlarini (sidirg‘asiga qazish, uzun stolbalarga ajratib qazish, aralash usulda qazish, kamerali, kamera-stolbali qazish tizimlari) aniqlab beradi.
Qazish tizimlarini tasniflashda yuqorida ko‘rsatilgan asosiy belgidan tashqari, qazish kavjoyining uzunligi (uzun yoki qisqa), qatlamni tabaqalarga ajratib yoki ajratmasdan qazish, kavjoyni qazish maydoniga ko‘ra qatlamning yotish elementlariga nisbatan cho‘ziqlik, tushish, ko‘tarilish va diagonal bo‘yicha surilishi kabi yordamchi belgilar ham hisobga olinadi.
A. N. Klyachkov yuqorida keltirilgan barcha belgilarni uch guruhga birlashtirish asosida qazish tizimlarini quyidagicha tasniflaydi (4.14-rasm).
4.14-rasmda keltirilgan qazish tizimlari tasnifidan tashqari, qatlamlarni tabaqalarga ajratib yoki ajratmasdan qazish belgisiga asoslangan A.S. Burchakov va Y.A. Jejelevskiy tavsiya etgan qazish tizimlari tasnifidan ham konchilik amaliyotida foydalaniladi. Bu tasnif 4.5-jadvalda keltirilgan.