3. Morfologik prinsip yoki analogiya prinsipi. Bu prinsip asosida tuzilgan imlo qoidalari so‘zning ma'noli qismlarini (o‘zak va affiksal morfemalarni), ular qanday talaffuz qilinishidan qat'i nazar, asliga (tipik shakliga) mos ravishda yozishni talab qiladi. Chunonchi, "g" bilan boshlangan "-ga", "-gan", "-gani", "-guncha" qo‘shimchalari "sh","t","p", "s" kabi jarangsiz undoshlar bilan tugagan o‘zaklarga qo‘shilganda "-ka", "-kan", "-kani", "-kuncha" shakllarida talaffuz qilinsa-da, morfemalarning asl shakllariga mos ravishda "-ga", "-gan", "-gani", "-guncha" yoziladi. Qiyos qiling: ishga (yozuvda) - ishka (talaffuzda), ketgan (yozuvda) - ketkan (talaffuzda), ketguncha (yozuvda) - ketkuncha (talaffuzda), topgan (yozuvda) - topkan (talaffuzda), misga (yozuvda) - miska (talaffuzda) kabi.
Eslatma: "q","k", "g", "g‘" bilan tugagan so‘zlarga "g" bilan boshlangan affikslarning qo‘shilishida bu qoidaga amal qilinmaydi: ular rus-o‘zbek yozuvi imlosida talaffuziga ko‘ra (fonetik prinsip asosida) yoziladi. Qiyos qiling: оқ+ган(asl shakli)-oққaн (talaffuzda)-оққан (ad.-orf.yozuvda), эк+ган (asl shakli)-эккан (talaffuzda)-эккан (ad.-orf.yozuvda), туғ‘+ган (asl shakli)-туққан(talaffuzda)-туққан (ad.-orf.yozuvda), соғ+ган (asl shakli)-соққан (talaffuzda)-соққан(ad.-orf.yozuvda) kabi.
4.Grafik prinsip. Bu prinsip, aslida, orfografiya qoidalarini emas, grafika qoidalarini belgilaydi - grafemalarning grafikada kodlashtirilgan fonemalarini ifodalashga asoslanadi, shunga ko‘ra u, ba'zan, fonemografik prinsip deb ham nomlanadi. Chunonchi, sirg‘aluvchi "j" bilan qorishiq "j"(dj) ning yozuvda bitta j grafemasi orqali ifodalanishi, "η" fonemasining esa ng digrafi bilan ifodalanishi grafikada kodlashtirilgan. Yozuvda bu me'yorga amal qilinadi, xolos: jemper (sirg‘aluvchi "j"), jang (qorishiq "dj" va sayoz til orqa "η") kabi. Orfografiyaning bunday kodlashtirishga bevosita aloqasi yo‘q, bu grafemalarning yozuvda qo‘llanishini grafikaning o‘zi boshqaradi.
O‘zbek tilshunosligida grafik prinsipni etimologik prinsipga asos bo‘lgan tamoyil deb yoki hatto bu ikki prinsipni bir hodisa sifatida ta'riflash hollari ham bor. Xususan, o‘zbek grafik lingvistikasining yetakchi vakillaridan biri Faxri Kamolov uni ayni shu ma'noda sharhlaydi: "Imloda,-deydi u,- grafik prinsip bir xalqning ikkinchi xalq bilan bo‘lgan madaniy aloqasiga va yozuvning qaysi grafik sistema negizida maydonga kelishiga bog‘liqdir. Arab alfaviti asosidagi eski o‘zbek yozuvida etimologik prinsipning to‘la ravishda amalga oshirilishi uchun o‘sha davrning grafik sistemasi asos bo‘lgan. Shuning uchun ham arabcha-forscha so‘zlar, mahalliy tillarda qanday o‘qilishi va qaysi xilda talaffuz etilishidan qat'i nazar, o‘zining grafik shaklini to‘la ravishda saqlab qolgan, arab imlosida qanday bo‘lsa, aynan shu shaklda yozilgan. Bu esa arab alfavitini qabul qilgan xalqlar yozuvida umumiy qonun sifatida asosiy prinsiplardan biri hisoblangan..."
Darhaqiqat, grafik prinsipning yuzaga kelishida bir xalqning ikkinchi xalq bilan bo‘lgan madaniy aloqasi, uning yozuv sistemasiga tayanishi kabi omillarning roli bor: arab grafikasidagi eski o‘zbek yozuvida qisqa unlilarning yozuvda ifodalanmaganligi (ﺒﻘﺎ - baqo: "abadiylik", "mangulik"; ﺼﻐﺎﺮ - sig‘or: "yosh bolalar", "go‘daklar" kabi), arabcha leksik o‘zlashmalarning yozma shakllarida o‘zbek tili fonologik tizimiga xos bo‘lmagan fonemalarni ifodalovchi ﻉ (аyn), ﺚ (sе), ﺺ (sod), ﺽ (zod), ﻄ (to), ﻅ (zo) kabi harf-grafemalarning qo‘llanganligi (ﻋﺬﻢ – аzm: «qat’iy qaror», «jazm»; ﺜﻨﺎ –sano: «maqtov»; ﺼﺎﺒﺭ - sobir: «sabrli», «bardoshli»; ﻀﺎﺒﺖ – zobit: «oqsoqol»; ﻄﺎﻠﻊ tole’: «baхt», «taqdir»; ﻅﻔﺭ -zafar: «g‘alaba» kabilar) shundan dalolat beradi. Biroq, grafik prinsipning mohiyatini o‘zbek yozuviga asos bo‘lgan boshqa til yozuviga xos grafik belgilar va qoidalarning aynan (manba tilning yozuvi va imlosida qanday bo‘lsa, shundayligicha) saqlanishi bilan bog‘lashning o‘zi yetarli emas: bu prinsip manba tildagi harf-tovush munosabatlaridan chetga chiqishi, bevosita o‘zbek tilining o‘zidagi harf-tovush munosabatlarini qamrab olishi ham mumkin. Masalan, rus-o‘zbek yozuvining grafik tizimidagi o grafemasi ruscha leksik o‘zlashmalardagi o‘rta-keng lablangan "o" unlisini ifodalaydi: opera, tonna s‘zlarining yozilishi o grafemasining shu xususiyatiga asoslangan, bu xususiyat aslida rus tilining grafik tizimidagi harf-tovush munosabatlarining (grafik qoidaning) o‘zbek yozuviga aynan (o‘zgarishsiz) ko‘chirilishiga tayanadi, Faxri Kamolovning "grafik prinsipi"da shu holat nazarda tutilgan. Biroq o grafemasining mazmun planida o‘zbek tili vokalizmining quyi-keng, kuchsiz lablangan "o" unlisi (ota, bola so‘zlarining birinchi bo‘g‘inidagi fonemasi) ham kodlashtirilgan. Bu holat rus tilining grafik tizimiga xos emas, chunki rus tilida quyi-keng "o" fonemasi ham, uni yozuvda ifodalaydigan grafema ham yo‘q: o grafemasining o‘zbekcha quyi-keng "o" fonemasini ifodalashi o‘zbek tilining grafik tizimida nazarda tutilgan, shunga ko‘ra ota, bola so‘zlaridagi o grafemasining qo‘llanishi ham grafik prinsipning mahsuli bo‘ladi. Faxri Kamolovning etimologik yoki grafik prinsipga bergan ta'rifi esa ko‘proq tarixiy-an'anaviy prinsip talablariga mosdir. Rus tilshunosi A.N. Gvozdevning uni etimologik yoki tarixiy prinsip deb nomlashida ham shu xususiyat hisobga olingan.