1.4. Korxonalarning tashkiliy-huquqiy shakllari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida xususiy mulk mulkchilik shaklining boshqa ko‘rinishlari bilan bir qatorda daxlsizligi va davlat tomonidan muhofaza qilinishi belgilab qo‘yilgan. YAngi qonunchilik hujjatlarida yangi iqtisodiy tushuncha - korxonaning tashkiliy-huquqiy shakli tushunchasi kiritilgan.
Korxonalarning tashkiliy-huquqiy shakllari bu bozorda korxonalar faoliyatining huquqiy shartlari. Huquqiy shakllarning xilma-xilligi tadbirkorlik faoliyati uchun kapitalni jalb qilish usullarini diversifikatsiya qilish, shuningdek korxonalarni har xil javobgarlik shakllaridan himoya qilish, shuningdek, bajarilayotgan ishlarning xavfliligiga, raqobat darajasiga, bozorga kirish taktikasiga qarab bozorda turli xil harakatlarni amalga oshirishga imkon beradi.
Korxonalarning qonun hujjatlari va boshqa xo‘jalik huquqi normalarida ko‘zda tutilgan mulkchilik shakli, ishlab chiqarilayotgan mahsulot turi va hajmi, kapitalning shakllanishi, turli xil firmalararo uyushmalarga a’zo bo‘lish usullari va olib boruvchi raqobatchilik kurashlari bilan farq qiluvchi faoliyat tavsifi va mazmuniga bog‘liq bo‘lgan strukturaviy tuzilishining usul va ko‘rinishlari xo‘jalik yuritishning tashkiliy-huquqiy shaklini ifodalaydi.
Xozirgi zamon sharoitlarida davlat, munitsipal, jamoa, individual (oilaviy, xususiy) turdagi korxonalar mavjud bo‘lib, ular o‘zlariga biriktirib qo‘yilgan mulk tavsifi yoki tezkor (operativ) boshqaruv huquqiga ko‘ra ham tasniflanadi.
Xo‘jalik faoliyati yurituvchi har bir sub’ekt bir qator huquqlarga ega bo‘lib, bular bir tomondan, ularning ichki tashkilotchiligini aniqlab bersa, ikkinchi tomondan, jismoniy va huquqiy shaxslar hamda davlat bilan o‘zaro munosabatlarini amalga oshirishga ko‘maklashadi.
Korxonalar huquqiy shaklining har bir ko‘rinishida ularning egalari, ya’ni xususiy mulk egalari, korxona bilan turli darajadagi aloqada bo‘ladilar. Masalan, ochiq turdagi hissadorlik jamiyati egalari korxona mulkining bir qismigagina egalik qilish huquqiga egalar hamda boshqaruv funksiyalarini amalga oshirishda ham o‘z aksiyalari miqyosida ishtirok etadilar.
Xo‘jalik o‘rtoqliklarida (jamiyatlarida) esa mulk egasi va mulk yaqinlashtirilgan bo‘lib, korxonani boshqarishda ularga bevosita ishtirok etish imkoniyati yaratib berilgan.
Keng tarqalgan korxona shakllaridan biri xo‘jalik o‘rtoqliklari bo‘lib, ular ishonch asosidagi to‘liq o‘rtoqlik (kommandit o‘rtoqligi) ko‘rinishida tashkil qilinishi mumkin.
Qonunga asosan ishtirokchilari imzolangan shartnomalar bo‘yicha tadbirkorlik faoliyati yurituvchi hamda ularga tegishli mulk javobgarligiga ega bo‘lgan o‘rtoqliklar - to‘liq o‘rtoqliklar hisoblanadi.