Ta’sis xujjatlari Nizom asosida yoki faqat ta’sis shartnomasi asosida, bir vaqtning o‘zida Nizom va ta’sis shartnomasiga asosan faoliyat yuritish mumkin.
Korxonaning ta’sis shartnomasi kelishuv asosida tuziladi, Nizom esa ta’sischilar tomonidan tasdiqlanadi.
Korxona Nizomi asosiy ta’sis xujjati bo‘lib, unda korxonaning tashkiliy huquqiy shakli, nomi va manzilgohi, Nizom jamg‘armasining miqdori, daromadlarining tarkibi va taqsimlanish tartibi hamda korxona fondlarini tashkil qilish tartibi, korxonani tugatish va qayta tashkil qilish tartibi ko‘rsatilishi shart. Korxona Nizomi uning huquqiy maqomini, huquq va majburiyatlarini belgilab beradi. Korxona to‘g‘ri va to‘liq tayyorlangan Nizom asosida mahalliy xokimiyat idoralarida ro‘yxatga olinadi, keyin o‘z muhriga ega bo‘ladi va boshqa hisob raqami ochish huquqini qo‘lga kiritadi. O‘z muhri va hisob raqamiga ega bo‘lmagan korxona huquqiy shaxs hisoblanmaydi va mustaqil korxonalar qatoriga kirmaydi.
Ta’sis shartnomasi korxonaning tashkil qilinishi va yakka tarzda yoki hamkorlikdagi faoliyatining boshlanishini tavsiflovchi hujjatdir.
Ta’sis shartnomasida korxonani tashkil qilish tartibi, daromad va xarajatlarni qatnashchilar o‘rtasida taksimlash shartlari, ishtirokchilarni korxona tarkibidan chiqarish faoliyat tartibi belgilab ko‘yiladi.
Korxona mulkini shakllantirish va undan foydalanish Nizom va Ta’sis shartnomasining muxim kismi xisoblanadi.
Korxonalar to‘g‘risida"gi qonunga asosan quyidagilar korxona mulkini shakllantirishning manbalari hisoblanadi:
ta’sischilarning pul va moddiy ko‘rinishdagi badallari;
maxsulot sotishdan va boshqa turdagi faoliyatdan olingan daromadlar;
qimmatbaxo qog‘o‘zlardan olingan daromadlar;
banklar va boshqa kreditorlardan olingan kreditlar;
korxona, tashkilot va fuqarolarning beg‘araz va xayriya badallari, shuningdek,
almashish, meros va sovg‘a tariqasida olinuvchi mulk;
qonun bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Korxona joylashgan manzilgoxi bo‘yicha davlat idoralarida ro‘yxatga olingan kundan boshlab tashkil kilingan xisoblanadi, xujjatlar 10 kun mobaynida Moliya vazirligiga yagona davlat reestriga kiritish uchun taqdim etiladi.
Respublikamizda ohirgi yillarda kichik biznes va xususiy korxonalar faoliyatini rivojlantirish va uning samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlashga qaratilgan qulay huquqiy muhitni shakllantirish, tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish mexanizmlarini imkon qadar soddalashtirish maqsadida kator qonunlar qabul qilindi, mavjudlariga o‘zgartirishlar kiritilib, yanada takomillashtirildi.
Hozirda Respublikamizda kichik va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonidagi munosabatlarini tartibga soluvchi bir qator qonun xujjatlari mavjud. Jumladan:
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksi (44 - modda).
O‘zbekiston Respublikasining 1996 yil 26 apreldagi "Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonuni (17, 18 - moddalar);
O‘zbekiston Respublikasining 2001 yil 6 dekabrdagi "Mas’uliyati cheklangan va qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida"gi qonuni (19, 49 - moddalar);
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining "Tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish uchun ro‘yxatdan o‘tkazish tartibotlari tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida"gi 2003 yil 20 avgustdagi 357 - son qarori;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 1994 yil 22 martdagi "Huquqiy shaxslar birlashmalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish haqidagi nizomni tasdiklash to‘g‘risida"gi 153 - son qarori;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 1997 yil 2 iyuldagi O‘zbekiston Respublikasida "Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarni tashkil etish, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va tugatish tartibi to‘g‘risida"gi 336 - son qarorini aytib o‘tishimiz mumkin.
Korxonani davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda quyidagi hujjatlar ro‘yxati qonun bilan qat’iy belgilab qo‘yilgan. Mas’uliyati cheklangan va qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun quyidagi 7ta hujjat talab etiladi:
davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida ariza;
nizom va ta’sis shartnomasining notarial tasdiqlangan ikki asl nusxasi, agar jamiyat bir shaxs tomonidan ta’sis etilgan bo‘lsa, u tomonidan va notarial tasdiqlangan nizom;
tuman (shahar) xokimligi vakolatli organ tomonidan berilgan firma nomi to‘g‘risidagi guvoxnoma;
muxr va shtamp eskizlari uch nusxada;
mutaxassislarning har biri tomonidan ta’sis xujjatlarida ko‘rsatilgan o‘z ulushining kamida 30 foizi nizom fondiga ko‘shilganligini tasdiqlovchi bankning ma’lumotnomasi.
Tadbirkorlik sub’ektining nizom fondi yoki uning bir qismi mulkiy ulush (ko‘chmas mulk, asbob-uskunalar, boshqa mol-mulklar) yoki intellektual mulk hisobiga shakllantirilgan taqdirda bank ma’lumotnomasi talab etilmaydi, ta’sis xujjatlarida nizom fondini shakllantirish manbalari ko‘rsatilishi muassislar niyatining tasdig‘i hisoblanadi.
Huquqiy shaxslar birlashmalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun quyidagi 5 ta xujjat talab etiladi:
davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida ariza va belgilangan shaklda to‘ldirilgan ro‘yxatga olish kartasi;
birlashma nizomi va ta’sis shartnomasini tasdiqlash to‘g‘risidagi ta’sis yig‘ilishi (konferensiyasi) bayonnomasi;
birlashma nizomi va ta’sis shartnomasining notarial tasdiqlangan nusxasi;
birlashma pochta manzilini tasdiqlovchi hujjat;
ro‘yxatdan o‘tkazish yig‘imi to‘langanligini tasdiqlovchi bank to‘lov hujjati.
Nizom fondi to‘liq xorijiy investorlar tomonidan shakllantiriladigan korxonalar, xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar va xorijiy sarmoya ishtirokidagi boshqa tashkilotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun esa quyida keltirilgan 7 ta hujjat talab etiladi:
davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida ariza;
xorijiy muassis to‘g‘risida huquqiy shaxs ro‘yxatdan o‘tkazilgan joydagi savdo reestridan ko‘chirma va O‘zbekiston Respublikasining konsullik muassasasi tomonidan belgilangan tartibda legalizatsiya qilingan, bular mavjud bo‘lmagan takdirda, muassis ro‘yxatdan o‘tkazilgan davlat Tashqi ishlar vazirligida, mazkur mamlakatning O‘zbekiston Respublikasi konsullik muassasasida yoki diplomatik vakolatxonasida legalizatsiya qilingan, keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Konsullik boshqarmasida tasdiqlangan bankning tavsiya xati (O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashamaydigan jismoniy shaxslar bankning tavsiya xati va o‘z pasportlariga oid ma’lumotlar nusxasini taqdim etadilar);
korxona ta’sis hujjatlari (Nizom va ta’sis shartnomasi)ning notarial tasdiqlangan yig‘imi to‘langanligi to‘g‘risida bank to‘lov hujjati;
shahar (tuman) xokimliklarining vakolatli organlari tomonidan berilgan firma nomi to‘g‘risidagi guvoxnoma;
muhr va shtamp eskizlari (uch nusxa).
Korxonani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi ariza va unga ilova qilingan hujjatlar tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘limiga shaxsan yoki pochta orqali topshirilishi mumkin. Davlat ro‘yxatidan o‘tish uchun korxonani tashkil qilish to‘g‘risidagi qaror, korxona Nizomi (ta’sis shartnomasi) va Vazirlar Maxkamasi tomonidan belgilab beriluvchi hujjatlar taqdim etiladi. Ro‘yxatga olish 30 kun mobaynida amalga oshirilishi lozim.
Ro‘yxatga olish uchun quyidagi hujjatlar talab qilinadi:
korxonani ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi ariza;
ta’sis shartnomasi yoki korxonani tashkil kilish to‘g‘risidagi qaror;
korxona Nizomi;
ta’sis shartnomasi yoki korxonani tashkil qilish to‘g‘risidagi qarorda ko‘rsatilgan Nizom jamg‘armasining kamida 50% miqdoridagi qismi to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat;
Davlat bojini to‘laganlik haqida guvoxnoma;
Monopoliyaga qarshi muassasaning korxonani tashkil qilishga roziligini tasdiqlovchi xujjat;
Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash qo‘mitasi yoki uning quyi idoralari roziligi haqidagi hujjat.
Ishlab chiqarishning barqaror emasligi, moliyaviy qiyinchiliklar, surunkali zarar ko‘rish va to‘lov qobiliyatining yo‘qolishi korxonalarni tugatish yoki qayta tashkil qilishga asosiy sabab.
Korxonani tugatish va qayta tashkil etish (birlashtirish, ko‘shish, bo‘lib yuborish, ajratish, qaytadan tuzish), korxona mol-mulki egasining yoki shunday korxonalarni tuzishga vakolatli bo‘lgan idoralar qaroriga binoan, yoxud sud yoki xo‘jalik sudining qaroriga binoan amalga oshiriladi. Singan korxonalarni tugatish O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
1. Korxona olti oy mobaynida moliyaviy - xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmagan taqdirda tugatiladi va soliq organlari taqdimnomasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasining Adliya Vazirligi hamda joylardagi davlat hokimiyati organlari tomonidan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar ro‘yxatidan chiqariladi.
2. Korxonani qayta tashkil etish va tugatish chog‘ida ishdan bo‘shatilayotgan xodimlarga O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq ularning huquqlari va manfaatlariga rioya etilishiga kafolat beriladi.
3. Korxona davlat ro‘yxati reestridan chiqarib yuborilgan paytdan boshlab qayta tashkil etilgan yoki tugatilgan hisoblanadi.
4. Korxona boshqa korxona bilan qo‘shilgan taqdirda mazkur korxonalarning har biriga taalluqli barcha mulkiy huquqlar va majburiyatlar qo‘shilishi natijasida vujudga kelgan korxonaga o‘tadi. Bir korxonaning boshqa bir korxonaga ko‘shilishi chog‘ida uning barcha mulkiy xuquqlari va majburiyatlari qo‘shib olgan korxonaga o‘tadi.
5. Korxona bo‘lib yuborilgan taqdirda qaytadan tashkil etilgan korxonaning mulkiy huquqlari va majburiyatlari ana shu bo‘lib yuborish natijasida vujudga kelgan yangi korxonalarga bo‘lib yuborish hujjatlari (balansi)ga muvofiq tegishli qismlarda o‘tadi. Korxonadan bitta yoki bir nechta yangi korxonani ajratib chiqarish chog‘ida qaytadan tashkil etilgan korxonaning mulkiy huquqlari, majburiyatlari bo‘lib yuborish xujjati (balansi)ga muvofiq tegishli qismlarda ularning har biriga o‘tadi.
6. Bir korxonani boshqa korxona qilib o‘zgartirish chog‘ida avvalgi korxonaning barcha mulkiy xuquqlari va majburiyatlari qaytadan tashkil etilgan korxonaga o‘tadi.
Korxonani tugatishni, mulkdor yoki mazkur mol-mulkni boshqarishga vakolatli organ tuzadigan tugatish komissiyasi amalga oshiradi, bankrotlik xollari bundan mustasno. Xo‘jalik sudi tomonidan xo‘jalik yurituvchi sub’ekt bankrotligi to‘g‘risida qaror qabul qilinganda tugatish komissiyasini shakllantirish va uning ishlash tartibi O‘zbekiston Respublikasining "Bankrotlik to‘g‘risidagi qonuni" bilan belgilanadi.