Miqdor ko’rsatkichlari korxonaning ishlab chiqarish va xo’jalik yuritish faoliyatini hajm o’lchamida izohlaydi. Bunday ko’rsatkichlar qatoriga ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar miqdori, ishlayotgan xodimlar soni va mehnatga haq to’lash fondi, mashina va asbob-uskunalar parki, ishlab chiqarish dasturini amalga oshirish uchun zarur bo’lgan materiallar miqdori, sex hamda ish joylari soni va hokazolarni kiritish mumkin.
Sifat ko’rsatkichlari korxonaning ishlab chiqarish faoliyatidagi o’zgarishlarni nisbiy kattaliklar: mehnat mahsuldorligining o’sishi, mahsulot tannarxining bazis davrga (yoki reja hisobotiga) nisbatan foizlarda kamayishi, mahsulotning to’liq tannarxiga nisbatan foizlarda daromad hajmi, korxona rentabellik darajasining o’sishi va shu kabilar yordamida tavsiflaydi.
Sifat ko’rsatkichlari aksari hollarda pul qiymatida ifodalanishi sababli, korxonalarning xo’jalik faoliyatini rejalashtirish va tahlil qilish amaliyotida asosiy va aylanma fondlar, asbob-uskunalar, sarflanayotgan yoqilg’i, energiya va boshqa materiallar kabi qiymat ko’rsatkichlaridan foydalaniladi. Qiymat ko’rsatkichlari korxona faoliyatida qo’llaniluvchi turli xildagi vositalarni statika va dinamikada taqqoslash imkonini beradi. Bundan tashqari, soliqlar va turli xil to’lovlar hamda korxona daromadi foizlardan tashqari pul ko’rinishida ham o’lchanadi.
Korxona faoliyatini rejalashtirish korxona va uning bo’linmalari faoliyatini tahlil qilishdan boshlanishini aytib o’tish muhim. Mazkur tahlil davomida rejaning sifat, miqdor va qiymat ko’rsatkichlari bo’yicha bajarilishiga baho beriladi hamda talofat va yo’qotishlar aniqlanib, korxona faoliyatini yaxshilash bo’yicha chora-tadbirlar ishlab chiqiladi. Aynan shu chora-tadbirlar va yangi maqsadlardan kelib chiqqan holda joriy rejalashtirish amalga oshiriladi hamda yangi reja davriga korxona faoliyati rejalari ishlab chiqiladi.
5.4. Korxonaning biznes –rejalashtirish. Rejalashtirish korxonani boshqarish jarayoni sifatida o’z texnologiyasiga ega bo’lib, bu texnologiya korxonaning rejalashtirilayotgan davrdagi maqsad va vazifalarini aniqlash, bajaruvchilarga muayyan vazifalarni belgilash, vazifalarni turi, kattaligi va muddatiga ko’ra, aniqlashtirish, shuningdek, ishlab chiqarish faoliyati natijasi - daromad yoki foyda olishni o’z ichiga oladi. Kichik korxonalarda bu vazifalarni bajarish katta korxonalarga nisbatan yengilroq bo’lsada, barcha hollarda quyidagi omillarni hisobga olish talab qilinadi:
ishlab chiqarish quvvatining mavjudligi va tuzilmasi;
xodimlar soni, ixtisos tarkibi va malakasi;
moliyaviy resurslar;
aylanma mablag’lar mavjudligi va unga bo’lgan ehtiyojlar, jumladan, moddiy-tovar boyliklari zahiralari;
ilmiy-texnik tadqiqotlar tuzilmasi va tayyorlik darajasi;
mahsulotni sotish kanallari.
Rejalashtirish, reja loyihasini uning mahsulot ishlab chiqarish va sotish rejasi, moddiy-texnika ta’minoti rejasi, kadrlar va oylik maosh bo’yicha reja, yangi texnika va kapital qo’yilmalar rejasi, moliyaviy reja kabi asosiy qismlari doirasida tayyorlash bilan bog’liq bo’lgan rejadan avvalgi davrni o’z ichiga oladi. Ularning moddiy va moliyaviy resurslar hamda bajarish muddati bo’yicha to’liq o’zaro bog’liqligi va balanslashganligi rejalashtirish jarayoni va korxona rejasining ishonchliligini ta’minlovchi muhim jihatdir. O’z navbatida, mahsulot ishlab chiqarish ishchi kuchining mavjudligi, shartnomalar bo’yicha mahsulot yetkazish rejalari va ishlab chiqarish quvvatlari bilan, tannarx rejalari esa ishlab chiqarish dasturlari va moliyaviy reja bilan bog’liq bo’ladi.
Rejalarni ishlab chiqishda korxonaning barcha sexlari va funksional bo’linmalari, jumladan, moliya va reja bo’limi, mehnat va ish haqi bo’limi, marketing xizmati, buxgalteriya, texnik bo’lim, sex rahbarlari ishtirok etishlari zarur. Korxona rejasi va uning bo’limlari qanchalik sinchkovlik bilan ishlab chiqilgan bo’lsa, uni bajarish shunchalik yengillashadi, resurslar kamroq talab qilinadi hamda ish sifati yuqori darajada bo’ladi. Afsuski, rejaning balanslashtirilmaganligi, unda xatolar mavjudligi, shuningdek, rejani bajaruvchilarning intizomsizligi (amalga oshirishni sust nazorat qilish natijasida) tufayli ko’p vaqt hamda mablag’lar isrof qilinmoqda. Xuddi shu sababli mahsulot sifati pasayib, daromad olish o’rniga xarajatlar yuzaga kelmoqda. Bundan kelib chiqqan holda rejalashtirishni korxona jamoasining funksiyasi deb atashimiz mumkin.
Rejalashtirish tabiatini 5.1 - chizma yordamida aks ettirish mumkin:
Rejalashtirish tizimi quyidagi talablarga javob bergan taqdirdagina samarali va ishonchli hisoblanadi:
1. Rejalashtirishning har bir elementi va bosqichi qat’iy ravishda asoslab berilishi.
2. Rejadagi vazifalarning aniq va o’z vaqtida bajarilishi, ya’ni rejaning adresliligi.
3. Reja bajarilishini doimiy va uzluksiz ravishda hisobga olish, nazorat qilish va unga zarur hollarda o’zgartirishlar kiritish.
4. Ichki va tashqi muhitdagi o’zgarishlarni ijobiy qabul qilish, shuningdek, korxona faoliyatini ro’y bergan o’zgarishlarga mos ravishda, o’z vaqtida qayta tashkil qilish (rejalashtirishning moslashuvchanligi).
5. Fan-texnika taraqqiyoti va xo’jalik yuritishning ilg’or tajribalariga tayanish.
Rejalashtirish davomida bugungi kundan tashqari, kelajakni, ertangi kunni ham inobatga olish zarur. Korxona istiqboli va bozordagi holatining barqarorligi, ko’p jihatdan uning ilg’or texnika va fan yordamida yaratilgan eng yaxshi mahsulotlar namunasini tezlik bilan o’zlashtirib olish qobiliyatiga bog’liq bo’ladi. Shu sababli korxonalarda axborot tizimini yaxshi yo’lga qo’yish hamda reklama faoliyatini rivojlantirish lozim. Reklama iste’molchilarni (xaridorlarni) mavjud mahsulot bilan tanishtirishdan tashqari, xuddi xorijdagi kabi, ularni aynan shu mahsulotni sotib olishga undashi kerak.
Rejalashtirishning har bir turi o’ziga xos xususiyatlarga ega bo’lib, bu xususiyatlar qatoriga quyidagilarni kiritish mumkin:
belgilangan rejalashtirish oralig’ining aniqligi;
integrasiya va differensiasiya darajasi, shuningdek, rejalashtirilayotgan ko’rsatkichlar miqdori;
rejani tayyorlovchilar va amalga oshiruvchilar o’rtasida majburiyatlarni taqsimlash tartibi.
Rejalashtirishda “korxona-muhit-holat” munosabatlari asosiy o’ringa egadir. Bunda ishlab chiqarish shunday rejalashtiriladiki, natijada korxonaning bozordagi barqarorligini saqlab qolish, yuzaga keladigan holat va tashqi muhitni hisobga olishdan tashqari, mahsulotni tezda sotish va ishlab chiqarish rentabelligining o’sishiga imkon yaratiladi. Buning uchun korxona anchadan beri ishlab chiqarilayotgan an’anaviy mahsulotlardan tashqari, yangi mahsulot turlarini, jumladan, o’xshashi bo’lmagan mahsulotlarni ishlab chiqarishi, mahsulotlar turini ko’paytirishi zarur.
Barcha xodimlar, ayniqsa, rahbarlar, bugungi kunda kelajakdagi faoliyat uchun qulay istiqbol yaratish nisbatan oson bo’lsada, xuddi shu ishni 3-5 yildan so’ng, ya’ni istiqboldagi kunga aylangan paytda bajarish qiyinlashadi yoki bunga umuman imkon bo’lmaydi. Shu sababli rejalashtirish joriy holatdan tashqari iqtisodiyot va fan-texnika taraqqiyoti sohalaridagi ro’y berishi mumkin bo’lgan o’zgarishlarni qanchalik ko’p hisobga olsa, uning natijalari shunchalik yuqori bo’ladi. Bu yerda korxonaning yo’lga qo’yilgan marketing xizmati, xodimlar malakasi hamda mamlakatimizda va chet elda ishlab chiqarilayotgan turli mahsulotlar haqidagi ilmiy-texnik ma’lumotlar muhim o’rin egallaydi.
Umuman olganda korxonada rejalashtirish tuzilmasi va mazmunini quyidagi model ko’rinishida aks ettirish mumkin (5.2 - chizma):