1.2. So’zlarning shakl yoki ma’nosiga ko’ra o’zaro aloqador birlikni tashkil etishi Tildagi so’zlarning ma’lum qismi shakl yoki ma’nosiga ko’ra o’zaro aloqador birlikni tashkil etadi. Bunday birliklarning quyidagi tiplari mavjud: 1) omonimlar;2)omofonlar; 3)omograflar; 4) paronimlar; 5) sinonimlar; 6) antonimlar. Talaffuzi bir xil bo’lgan so’zlar omonimlar deyladi. Omonimlar deyarli bir xil yoziladi. Chunki ular bir xil fonetik strukturaga ega bo’ladi. Masalan:kuya— hasharotning nomi, kuyaqozoning kuyasi; sir— davlat siri, mening sirim, sening siring; sir— oynaning siri, kostryulning siri; chang— muzika asbobi, chang— to’zon; bog’—mevazor bog`, gulzor bog’, bog’— bog`laydigan narsa — vosita; tortmoq— tarozida tortmoq, o’lchamoq, tortmoq.— arqonni tortmoq, qo’lini tortmoq; yozmoq— qalam bilan yozmoq, yozmoq— dasturxon yozmoq; chopmoq— yugurmoq; chopmoq — kesmoq va b. Bunday omonimlar har bir turkum doirasida grammatik formalar bilan shakllanganda ham o’zaro omonim bo’lib kelaveradi. Bu omonim so’zlar har xil leksik ma’no ifodalasa ham, ot turkumiga oidligiuchun otlarga xos har qanday grammatik formada o’zaro omonimlik munosabatida bo’ladi. Shuningdek, fe’l turkumiga kiruvchi tortmoq, yozmoq, chopmoq omonimlari ham fe’lga xos har qanday grammatik formada, chunonchi, mayl va shaxs-son formalarida ham omonimlik munosabatini saqlaydi. Omonimlarni yuzaga keltiruvchi hodisalar turlicha bo’lib, ularning asosiylari quyidagilar: 1. Aslida har xil talaffuzli, fonetik strukturasi farqli bo’lgan so’zlarning bir xil talaffuz etiladigan bo’lib qolishi natijasida omonimlar yuzaga keladi. Masalan: ot (ism) va ot (uy hayvoni), shuningdek, o’t (o’t-o’lan) va o’t(olov) omonimlarining o va o’ unlilari aslida farqli talaffuz etilgan. Hozirgi adabiy tilda esa bularning talaffuzi bir xil. O’zbek tilining ayrim shevalarida ot (ism)dagi o unlisi bilan ot (uy hayvoni) dagi o unlisi, shuningdek, o’t (o’t-o’lan) dagi o’unlisi bilan o’t(olov) dagi o’unlisi hozir ham farqli talaffuz etiladi. Demak, bu shevalarda ular omonim hisoblanmaydi. So’zlarning semantik taraqqiyoti omonimlarni vujudga keltirishi mumkin. Bu hol ko’p ma’noli so’z ma’nolari o’rtasidagi bog’lanishning yo’qolishi natijasida bo’ladi1. Ma’lumki, polisemantik so’z necha ma’noga ega bo’lishidan qat’i nazar, bu ma’nolar o’rtasida bog’lanish borligi sezilib turadi. Shu sababli ma’lum bir so’z har qancha ko’p ma’noli bo’lsa-da, bitta leksik birlik (so’z) bo’ladi. Agar polisemantik so’z ma’nolari o’rtasidagi bog’lanish yo’qolsa, yangi so’z hosil bo’ladi. Bunda so’zning shakli (fonetik strukturasi) o’zgarmay qolishi tufayli omonim yuzaga keladi. Masalan: dam (nafas), dam(hordiq), dam(bosqon) omonimlari xuddi shunday usulda yuzaga kelgan. Omonimiyaga olib keluvchi asosiy hodisalardan biri birdan ortiq so’zning talaffuz jihatdan tasodifan mos kelib qolishidir. Bu hol asosan o’zga tillardan so’z o’zlashtirish natijasida sodir bo’ladi. Bunda o’zlashma so’z bilan o’z tildagi so’z yoki turli tillardan o’zlashgan so’zlar o’zaro talaffuzi jihatidan bir xil bo’lib qoladi. Masalan: tojikcha bog’ (daraxtlardan hosil qilingan maydon) bilan o’zbekcha bog’ (bog’laydigan narsa, bog’lashdan hosil bo’lgan tugun), shuningdek, italyancha banka (pul bilan muomala qiluvchi tashkilot) va polyakcha banka (idish) kabi.
Xullas, omonimiya so’zlarning talaffuz jihatdan bir xilligi bo’lib, bu hodisa turli sabablar asosida sodir bo’ladi. Birdan ortiq so’zning bir xil talaffuz etilishi salbiy hodisa emas. Tilda bunday hodisa mavjudligining o’ziyoq omonimiyaning salbiy hodisa emasligini ko’rsatadi. Chunki til fikr olishuvga salbiy ta’sir etuvchi hodisaning yashashiga yo’l qo’ymaydi. Fonetik strukturasida ma’lum tovushi farqli, lekin talaffuzi bir xil bo’lgan so’zlar omofonlar deyiladi. So’zlarning shunday munosabatda bo’lish hodisasi omofoniya deyiladi. Omofonlardagi o’zaro farq ular tarkibidagi bir fonemada bo’ladi. Lekin bu fonemalar ham fonetik xususiyatlari jihatdan bir-biriga juda yaqin turadi. Shu sababli ham bu so’zlarningtalaffuzi bir xil bo’ladi: tub— tup, yot — yod, bob — bop, mard-mart, tanbur — tambur, sudxo`r — sutxo`r, bod— bot, sud — sut va b. Demak, omonimlarda so’zlarning fonetik strukturasi va talaffuzi bir xil bo’lsa, omofonlarda faqat talaffuzi bir xil bo’lib, fonetik strukturasi bir tovushda farqlanadi. Yozilishibir xil bo’lgan so’zlar omograflar deyiladi. So’zlarning shunday munosabatda bo’lish hodisasi omografiya deyiladi. Omograflarning fonetik strukturasi ham, talaffuzi ham har xil bo’ladi: tol (daraxt) va tol(qurilish materiali), tok (uzum butasi) va tok (elektr toki). Ko’rinadiki, omograflar ma’nosi, fonetik strukturasi, talaffuzi jihatdan boshqa-boshqa, yozilish shakli jihatdan bir xil bo’lgan so’zlardir. Yozilish shaklining bir bo’lishi esa o’zaro farqli fonemalar uchun imloda ayni bir harf qabul qilinishi natijasidir. Agar bu fonemalarning har biri uchun alohida harf qabul qilinsa, omograf yo’qoladi. Yozilishi bir xil bo’lgan turli so’z formalari ko’p jihatdan omograflarga yaqin turadi. Masalan: gullar(gul so’zining ko’plik formasi) va gullar (gulla fe’lining gumon formasi); oldi (old+i) va oldi (ol + di) va sh.k. Bu hodisa ko’pgina ishlarda omoformalar deb yuritiladi. Lekin bular bir xil forma emas, balki har xil formalardir. Shu sababli ularni omoforma (bir xil forma) deb bo’lmaydi. Fonetik strukturasi boshqa-boshqa, talaffuzda o’xshash, yaqin bo’lib qoladigan so’zlar paronimlar deyiladi. So’zlarning o’zaro bunday munosabatda bo’lish hodisasi paronimiya deyiladi. Fakt — pakt, afzal — abzal, amr — amir va b. Demak, paronimiya adabiy normada talaffuz etmaslik, adabiy talaffuz normasini, shuningdek, so’zning fonetik strukturasini to’g’ribilmaslik natijasida sodir bo’ladi. Omonim, omofon, omograf va paronimlar haqida aytilganlardan shu narsa ma’lum bo’ladiki, ularda ikki yoki undan ortiq so’zning o’zaro birlik hosil qilishi shakliy munosabatga ko’ra, talaffuziga ko’radir. Bunda so’zlarning ma’no jihati hech qanday ahamiyatga ega emas. Fonetik strukturasi (shakli) har xil, ma’nosi esa bir xil bo’lgan so’zlarsinonimlar deyiladi. So’zlarning shunday munosabatda bo’lish hodisasi esa sinonimiya deyiladi: aylanmoq,— kezmoq— sayr etmoq, vijdon — nomus, dangasa — yalqov— ishyoqmas— tanbal — soyapar, nomiga — irimiga, xushbo’y — hidli— muattar kabilar. Bir umumiy (birlashtiruvchi) ma’nosi bilan o’zaro boglanuvchi so’zlar guruhi sinonimikqator deyiladi. Sinonimik qator ikki yoki undan ortiq so’zdan tashkil topishi mumkin: yalinmoq — yolvormoq(ikki so’zli), zavq— maroq— shavq (uch so’zli), istak— xohish— orzu— havas — ishtiyoq — hafsala — mayl — ra’y— ko’ngil — armon — tilak — rag’bat (o’n ikki so’zli) va h. So’zlarni sinonim qiladigan narsa ularning bir xil ma’noga egaligi bo’lib, ko’p ma’noli so’zlar birdan ortiq ma’nosida boshqa so’zlar bilan sinonim bo’lishi mumkin. Boshqacha aytganda, ko’p ma’noli so’z har bir ma’nosi bilan boshqa- boshqa sinonimik qatorda bo’lishi mumkin Masalan: ko’p ma’noli bitirmoq fe’li uch ma’nosi bilan uch sinonimik qatorda bo’ladi: Bitirmoq — tugatmoq — tugallamoq — tamomlamoq —tamom qilmoq. Bu qatordagi so’zlar «yakuniga yetkazmoq» ma’nosi bilan o’zaro sinonimdir. Misollar: Yig’im-terimni bo’lganimizdan keyin boshlasak, sovuq tushmay bitiramiz. (A. Q.) Choyni naridan-beri tugatib, Hasanali ketidan guzarga chiqdi (A. Qod.) O’ninchini tugallagan yigit-qizlarning maktabni bitirish marosimiga hozirlik ko’rilar edi. (Sh. P.) Omadimiz kelgan ekanmi yo qurt tutishni sog’inib qolgan ekanmizmi, biram bo’lib berdi, qani endi terib tamom qilsak (A. Q.)
Bitirmoq — bajarmoq — ado etmoq — o’rinla(t)moq— do’ndirmoq — o’tamoq — bajo qilmoq. Bu qatordagi so’zlar «ish, vazifa, topshiriqni amalga oshirmoq, bajo keltirmoq» ma’nosi bilan o’zaro sinonim bo’ladi. Misollar:Mehnatni siz qildingiz, katta ishni ko’ngildagidek bitirib keldingiz. (X. Seitov.) Kuniga ikki kishi uch yarim-to’rt norma do’ndiryapmiz. Yo’g’e, bajaryapmiz. (Sh. Toshmatov.)
Bitirmoq — tamomlamoq — tamom qilmoq — sop qilmoq — soplamoq, — ado qilmoq — yo’qotmoq — yo’q qilmoq. Bu qatordagiso’zlar «tamom (yo’q) holatga keltirmoq» ma’nosi bilano’zaro sinonim bo’ladi.Misollar:Qizning ota-onasi, qarindosh-urug’ining ta’rifini aytib bitirolmaydilar. (P. T.) Hovlidigi ikir-chikir ishlarni tamomlagach, ayvonning oldiga o’tirib tuzatindi.(A. Qod.) Madamin salkam bir lagan oshni bir necha olishda tugatdi... (P. T.)