Korxona iqtisodiyoti



Yüklə 1,74 Mb.
səhifə31/103
tarix10.05.2023
ölçüsü1,74 Mb.
#110722
1   ...   27   28   29   30   31   32   33   34   ...   103
Tayanch iboralar: boshqaruv, boshqaruv ob’ekti, boshqaruv sub’ekti, boshqarish prinsiplari, boshqarish shakllari, boshqarish usullari, tashkiliy ta’sir, ma’muriy ta’sir, buyruq, farmoyish, ko‘rsatma, gorizontal boshqarish, chiziqli boshqarish, funksional boshqarish.


Takrorlash uchun savollar



  1. Boshqarish tushunchasi.

  2. Boshqarish ahamiyatini oshiruvchi omillarga nimalar kiradi.

  3. Korxonalarni boshqarish xususiyatlari nimalardan iboratQ

  4. boshqarishni tarkibiy qismlari.

  5. Korxonani boshqarish prinsiplari.

  6. Boshqarishni shakllari.

  7. Boshqarish uslublari.

  8. Tashkiliy ta’sir ko‘rsatish uslublari ma’muriy ta’sir ko‘rsatish uslublaridan qanday farq qiladiQ

  9. Korxonani boshqarish yo‘nalishlari nimalardan iborat bo‘ladiQ

  10. Korxona rahbarini rolini qanday omillar oshiradiQ

  11. Korxona rahbarini xususiyatlarini tushuntiring.

  12. Korxona rahbari nimalardan xabardor bo‘lishi kerakQ

  13. Korxona rahbari nimalarni bilishi kerakQ



V bob. KORXONA FAOLIYATIDA BIZNES-
REJALASHTIRISH VA PROGNOZLASH


Reja:

5.1. Bozor iqtisodi sharoitida rejalashtirishning


metodologik asoslari.

  1. Rejalashtirish prinsiplari, metodlari va

ko‘rsatkichlari.
5.3. Korxonada rejalashtirish tizimi va rejaning turlari.
5.4. Korxona faoliyatiga ta’sir qiluvchi omillar.
5.5. Korxona rejasining bo‘limlari va ko‘rsatkichlari.
5.6. Biznes-reja tushunchasi, turlari va tarkibi.

  1. Bozor iqtisodi sharoitida rejalashtirishning

metodologik asoslari

Bozor iqtisodi shakllanishi sharoitida iqtisodiy fanlarning vazifalaridan biri rejalashtirish munosabatlarini to`g‘ri va ilmiy asoslashdan iboratdir.


Iqtisodiyot fanining asoschilaridan biri qadimgi grek faylasufi Aristotelning aytishicha, har qanday ne’mat yaratish har joyda, har tomonlama ikki xil shartga bog‘liq, ya’ni, birinchisi, har qanday faoliyatni kelajak maqsadini to`g‘ri aniqlab olish, ikkinchidan, maqsadga erishishga munosib vositalarini topishdan iboratdir.
Ushbu iboralardan kelib chiqadiki, tarixan insoniyat o`z faoliyatini amalga oshirishda abstrakt fikrlash asosida uni doimo prognoz qilgan va rejalashtirgan.
Rejalashtirish atamasi hayotga keyinchalik ayniqsa sotsialistik tizim davrida tadbiq qilingan. Nosotsialistik tizimdagi davlatlarda ko‘proq prognoz, programma, strategiya, konsepsiya kabi atamalar ishlatiladi. Bularning hammasi bir xil vazifani, ya’ni kelajakda sodir bo‘ladigan yoki sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan hodisa va jarayonlarni kelib chiqishi, amalga oshirish tartibi, yo‘llarini va ketma-ketligini ko‘rsatadi. So`z atamada emas. So`z uning asl mazmunida.
Har qanday xo`jalik yuritishning samarasi iqtisodiyot qonunlarining talablarini chuqur o`rganish asosida rejalashtirish nazariyasini ishlab chiqilishiga va uning metodologiyasini yaratishga bog‘liq.
Tarixan iqtisodiyot bilan bog‘liq fanlar o`z nazariyasini takomillashtirish asosida rejalashtirish nazariyasini yaratgan.
Rejalashtirish nazariyasi jamiyatning taraqqiyot qonuniyatlarini bilish, jarayonlar va hodisalar o‘rtasidagi bog‘liqlikni ob’ektiv sabab va oqibatlarini o‘rganish, ularni dialektik va logik usullar bilan asoslash negizida rejalashtirishning metodologiyasini yaratgan.
Rejalashtirish metodologiyasi rejalashtirish jarayonining ichki logikasini yoritib beradi. Rejalashtirish metodologiyasi rejalashtirish jarayonini tashkil qilish, uni ishlab chiqish va joriy qilish prinsiplarini, metodlarini, tarkibini, tartibini, etaplarini va ko`rsatkichlari sistemasini asoslab beradi.
Rejasiz har qanday g‘oya, maqsad, safsataga aylanib qoladi. Har qanday ijtimoiy tizimda o`z faoliyatini yurgizishda insoniyat uchta bir-biri bilan tig‘iz bog‘liq bo`lgan fundamental muammolar bilan to`qnashadi. Bozor iqtisodi sharotida shakllangan iqtisodiy nazariya u muammolarni quyidagicha ta’riflaydi.
Birinchidan, nima ishlab chiqarish va qancha miqdordaQ
Ikkinchidan, qanday ishlab chiqarish va qancha harajatlar zarur bo`ladiQ
Uchinchidan, kim uchun ishlab chiqariladi va ular qanday taqsimlanadiQ
Jamiyat va uning sub’ektlari oldidagi bunday muammolar, albatta, o`z-o`zidan hal bo`lmaydi. Buning uchun xalq xo`jaligini tashkil qilish, boshqarish, tarmoqlararo va xo`jalik sub’ektlari o`rtasidagi iqtisodiy aloqalarni bog‘lash, sotuvchi bilan iste’molchilar orasidagi munosabatlarni, tovar bilan baho miqdorini moslashtirish va hokazolar kabi iqtisodiy jarayonlar, hodisalarni uyg‘unlashtirish kabi masalalarni hal qilish zaruriyati to`g‘iladi. Bu hodisalar va jarayonlarni tartibga solish hamda ular o`rtasidagi bog‘liqlikni ta’minlash, avvalam bor iqtisodiy qonunlar ta’siri ostida va albatta davlatni aralashishi natijasida yuz beradi. Bunday umumiqtisodiy qonunlardan biri jamiyatni rejali-mutanosib (proporsional) rivojlanishidir.
Sotsialistik iqtisodiyot nazariyasi ko`p yillar davomida proporsional rejali-mutanosib rivojlanish qonunining harakatini o‘zigacha bo`lgan formatsiyalarda ijtimoiy ishlab chiqarishga ta’sirini inkor qilib, uning harakat qilish zaruriyatini faqatgina ishlab chiqarish vositalariga ijtimoiy mulk tug‘diradi deb tasdiqlab keldi.
Lekin, bozor iqtisodiyotini shakllanishi va rivojlanish tarixiga nazar solinsa, rejalashtirish boshqarishning asosiy qoidasi (prinsipi), asosiy omili sifatida hayotda tarixan ishlatilib kelingan.
Fredrix Uinslou Teylor (1886-1915 y.) hozirgi zamon menejmentini asoschisi deb hisoblangan, ishlab chiqarishni tashkillashtirish nazariyasini yaratgan. Uning “Menejmentni ilmiy prinsiplari” nomli asarida mehnatni tashkil qilish qonuniyatlari to`g‘risidagi bilimlarni qat’iy ilmiy tizimi, mehnatni tashkil qilishni, vaqtni o`rganish usullari (xronometraj), tannarxni hisoblashni matematik usullari, ish haqini differensiatsiya qilish, mehnat jarayonini tahlil qilish va uning asosida rejalashtirish, tashkil qilish masalalari asoslangan. F.Teylor nafaqat yuqoridagi qoidalarni nazariy asoslagan, ularni ishlab chiqarish jarayoniga tadbiq qilgan.
Genri Lodrens Gamnt (1861-1919y.) korxona faoliyatini tezkor rejalashtirish va boshqarishga asos solgan. Uning “Grafigi Gamnta” nomi bilan mashhur bo`lgan grafiklarni rejalashtirish tizimi ishlab chiqarish korxonalarida keng foydalanilgan.
Gorrington Emirson (1853-1931y.) mehnat unumdorligini oshirishni 12 ta qoidasini ishlab chiqqan. Ularga boshqarishni boshlang‘ich nuqtasi sifatida maqsadni aniqlash; kamchiliklar va nuqsonlarni tan olish va sababini axtarish; xodimlar faoliyatini reglamentatsiya va nazorat qilish, hamda moddiy rag‘batlantirish; ishlab chiqarish jarayoni elementlarini normalashtirish, doimiy, to`la, real va tezkor hisob-kitob qilish, rejalashtirish kabi masalalarni kiritgan.
Germaniya Federativ Respublikasi Kansleri Lyudvig Erhard (1950-1960y) iqtisodiy reformalar o`tkazgan va reformaning asosiy yo`nalishlaridan biri sifatida indikativ rejalashtirishni joriy qilish bo`lib hisoblangan. Indikativ rejalashtirish indikativ ko`rsatkichlarni tasdiqlashdan iborat bo`lib, ularni bajarilishini ta’minlash uchun qudratli iqtisodiy, huquqiy, ma’muriy dastaklar (instrumentlarni) ishlatishni ko`zda tutgan. Jahon iqtisodiyot nazariyasi yutuqlari va tajribasini ishlatish asosida indikativ rejalar chuqur ilmiy asosda ishlab chiqilib, uni tayyorlashga yuqori kasbiy malakaga ega bo`lgan iqtisodchilar, olimlar jalb qilingan.
Rivojlangan davlatlar iqtisodiyotidagi yetuk yutuqlarga erishish, krizislarni bartaraf qilish, strategik, joriy va tezkor rejalashtirish usullarini, qoidalarini ishlatish asosida erishgan desak mubolag‘a bo`lmaydi. Ularda rejalashtirish masalalari bilan shug‘ullanadigan zaruriy kafolatlarga ega bo`lgan vazirliklar, idoralar, muassasalar tashkil qilingan. Barcha firmalar, kompaniyalar, korporatsiyalar, korxonalar prognozlash va rejalashtirish bilan shug‘ullanadigan funksional boshqaruv organlariga ega.
Korxonalar, firmalar faoliyatini rejalashtirish ilmiy asoslangan holda tashkil qilinadi. Chet el adabiyotlarida rejalashtirishni tashkil qilishni asosan ikki xil usuli keltiriladi. Birinchisi, “break-down” - yuqoridan pastga usuli, ikkinchisi, “buifd-up” - pastdan yuqoriga usuli. Birinchi usulni mazmuni korxona rahbariyati uning maqsad va vazifalarining asosiy yo‘nalishlarini belgilaydi, quyi bo‘limlarda ular detallashtirilib, siljish jarayonida umumiy rejaga kiritiladi. Ikkinchi usul bo‘yicha ko‘rsatkichlarni miqdori rejalashtirgan davrga quyi bo‘limlarda ishlab chiqiladi va rahbariyat ularni umumlashtirib korxonani umumiy rejasi aniqlanadi.
Amaliyotda ko‘pchilik hollarda ikkala usul birgalikda ishlatiladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib rejalashtirishni tarixiy, iqtisodiy kategoriya deb hisoblash mumkin.
Rejalashtirish borasida jahonda 100 eng yirik deb tan olingan transnatsional kompaniyalardan biri, Amerika Qo`shma Shtatlaridagi “Am-elektrik” fermasining tajribasi nazariy va amaliy jihatdan e’tiborga sazovor. Bu firma energetik jihozlar ishlab chiqarish, ularni ta’mirlash va ishlatish bo`yicha xizmatlar ko`rsatish bilan shug‘ullanadi.
Ushbu firmada rejalashtirish har ikki yilga (har bir strategik xo`jalik markazi (SXM) bo`yicha) strategik reja ishlab chiqishdan boshlanadi. Bu ishga 4 oy muhlat beriladi. Strategik yo`nalish uch yilga mo`ljallanib, 5 yilga ekstropolyatsiya qilinadi. Bu sikl yillik rejalarni asoslashni ham o`z ichiga oladi.
Yillik (joriy) rejalashtirishni xo`jalik faoliyatini, bozor kon’yukturasini chuqur tahlil qilish asosida marketing bo`limi bajaradi. Rejani bajarilishini ishlab chiqarish bosh boshqarma boshlig‘i har oyda o`tkazadigan majlislarda zavodlar boshliqlari orqali amalga oshiradi. Har qanday rejadan chetlashish marketing va moliya bo`limlari bilan tanqidiy tahlil qilinadi, rejaga zaruriy korrektirovkalar kiritiladi.
Rahbariyatning doimiy nazoratida turadigan ko`rsatkichlarga - buyurtmalar soni, ishlab chiqarish vaqti, mehnat unumdorligi, ishlab chiqarish zahiralari miqdori, harajatlar, foyda kabilar kiradi.
Rejalashtirishni bozor munosabatlariga mos kelmasligi qalbaki asoslanib kelinganlgi bizlarga hozirgi kunda a’yon bo`lib turibdi. Bunday nazariyaning asosida “markazlashgan-buyruqbozlik” konsepsiyasi yotgan bo`lib, xalq xo`jaligini yagona reja asosida boshqarish, uning barcha sohalarini faqatgina markazdan turib rejalashtirish g‘oyasi yotgan edi. Mutanosib rivojlanishni to`g‘ridan-to`g‘ri markazdan rejalashtirish deb tushunildi. Hozirgi kunda, shu sababli iqtisodiy adabiyotlarda, tadbirkorlar, xo`jalik rahbarlari va oddiy odamlar ongida bozor iqtisodiyotida rejali mutanosib rivojlanish qonuni harakat qilmaydi degan taasurot yo`qolmagan. Bu qonun bizlarda taraqatilayotgan yangi adabiyotlarda bozor iqtisodi qonunlari qatorida eslatilmaydi ham. Shuni ta’kidlash kerakki, hozirgi kunda bizda chiqarilayotgan biznes-reja to`g‘risidagi adabiyotlarda tadbirkorlar, yangi tashkil qilinayotgan kichik va o`rta korxonalarda tuziladigan rejalar, bir necha jadvallar va hisob-kitoblar to`g‘risidagina fikr izhor qilinib, rejalashtirishning jiddiy masalalari chetda qolib ketayapti. Asosan yangi tuzilayotgan korxonalar uchun zarur bo`lgan hisob-kitoblar, investitsiya olish uchun mo`ljallanganligi biznes-rejalar to`g‘risida ko`proq fikr yuritiladi. Barcha rivojlangan davlatlarda bozor munosabatlari iqtisodiy qonunlar va reja tizimining barcha turlarini ishlatish asosida tartibga solinib turiladi. Tartibga solish rejasiz amalga oshmaydi va u ham davlat miqyosida rejalashtirishning keng ishlatilishini taqozo qiladi. Umuman olib qaraganda insoniyat jamiyatining rivojlanishi, jahon tajribasi, kelajak to`g‘risidagi g‘oyalar, etnografik, arxiologik ma’lumotlar, rejalashtirish va istiqbolni belgilash nazariyasi va tajribasi shuni ko`rsatadiki, tabiatda ham, insoniyat jamiyatida ham bizning ongimizdan qat’iy nazar muvozanat, mutanosiblik ta’minlanib kelgan.
Shunday qilib, rejali mutanosib rivojlanish qonuni insoniyat jamiyatini rivojlanishining barcha pog‘onalarida (formatsiyalarida) mulk shaklidan, boshqarish tizimi shaklidan qat’iy nazar harakatda bo`lib kelgan va u insoniyat jamiyatiga taalluqli umumiqtisodiy qonun bo`lib hisoblanadi. Bozor iqtisodiyotiga xo`jalik faoliyatini rejalashtirish emas, markazlashgan-buyruqbozlik qoidasiga asoslangan, davlat tomonidan direktiv ravishda jamiyatning barcha sohalarini yagona xalq xo`jaligi rejasi asosida tartibga solish mos kelmaydi. Bozor iqtisodiyoti rejalashtirish nazariyasi va amaliyotini inkor qilmaydi. Bozor iqtisodiyotiga “reja-hukm” emas, “reja-prognoz” mos keladi. Lekin bu deganimiz bozor iqtisodiyotida umuman “reja-hukm” ishlatilmaydi degan ma’noni tushuntirmaydi, ayrim sohalarda davlat tomonidan qat’iy rejalar ishlatiladi. Masalan: mudofaa sohasida, ayrim davlat ahamiyatiga ega bo`lgan strategik tarmoqlarda, davlatlararo munosabatlarda va hokazolarda.
Asosiy masala rejalarning mazmuni, shakli va ularni ishlab chiqish, harakatga keltirish usullaridadir. Xulosa qilib aytganda, bozor iqtisodiyoti munosabatlarini sotsialistik tuzumdan farq qilish tomonlaridan biri rejalashtirishni yo`qqa chiqarish emas, uning mazmunini, shakllarini, usullarini bozor iqtisodiyoti qoidalariga moslashtirib ishlatishdir.
Rejalashtirish boshqarishning iqtisodiy usullaridan biri bo`lib, u xo`jalik yuritishda iqtisodiy qonunlar talabini ishlatishni asosiy vositasi sifatida namoyon bo`ladi. Rejalashtirish maqsadni tanlash, asoslash, chegaralangan resurslardan oqilona foydalanish, maqsadga yetish yo`llarini, chora-tadbirlarini belgilash, iqtisodiy asoslash va ularning bajarilishini nazoratga olish jarayonidan iboratdir. Rejalashtirish g‘oyani, maqsadni amalga oshirish usulidir. Maqsadga yo`naltirilgan, kutilayotgan sharoitga mo`ljallangan reja faoliyatni samarali yuritishni ta’minlaydi.



Rejalashtirish - maqsadni belgilash, unga yetish vositalarini aniqlash va harakat yo`llari to`g‘risida muntazam ravishda dastur ishlab chiqish jarayonidir.

Rejalashtirish ko`p qirrali, murakkab jarayondir. Tuzilgan reja yoki korxona programmasi nima qilish, kim bajaradi, qachon va qanday bajaradi degan savollarga ochiq, to`la va asoslangan javob berishi shartdir.


Sanoat korxonalari faoliyatining samaradorligi talab va taklifni hisobga olgan holda nima, kimga va qanday mahsulot ishlab chiqarish, resurslar bilan ta’minlanish, ishlab chiqarishning optimal texnologiyasini tanlash, mahsulotni sotish shakli va usullari va boshqa ko‘pgina holatlarga bog‘liqdir. Har bir korxona bu omillarni uzviy bog‘lashga harakat qiladi. Bu esa korxonaning ishlab chiqarish va xo‘jalik faoliyatini rejalashtirish orqali amalga oshiriladi.
Rejalashtirish - xo‘jalik yuritishda ob’ektiv iqtisodiy qonuniyatlardan ongli ravishda foydalanishdir.
Rejalashtirish - bu korxonani tashkil etish, uning faoliyatini va taraqqiyotini belgilaydigan rejani ishlab chiqish hamda uni amalga oshirish ustidan nazorat qilish jarayonlaridir.
Rejalashtirish yordamida korxonalar mehnat, moddiy va moliyaviy resurslardan oqilona va samarali foydlanish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.
O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasidagi korxonalar to‘g‘risida”gi Qonunning 20-moddasida qayd etilganidek “Korxona o‘z faoliyatini mustaqil rejalashtiradi va xom ashyo resurslari va materiallarning mavjudligini hamda ishlab chiqarilayotgan mahsulotga, bajarilayotgan ishga, ko‘rsatilayotgan xizmatga bo‘lgan talablarni hisobga olib, taraqqiyot istiqbollarini belgilaydi”.
Bozordagi beshafqat raqobatga bardosh berishda va korxonaning iqtisodiy o‘sishini ta’minlashida rejalashtirish muhim shartlardan biri hisoblanadi.
Rejalashtirish korxonalarda pirovard mahsulot tayyorlash va uni sotish bilan bog‘liq ishlab chiqarish omillarini yaratish uchun o‘ta zarur. Mahsulot ishlab chiqarishda foydalaniladigan omillar juda ham ko‘p: yer, mehnat resursi, kapital, tadbirkorlik faoliyati va hokazolar kiradi.
Reja g‘oyalarni va maqsadlarni asoslashda, korxonani boshqarishda va uning istiqbolini belgilashda muhim qo‘llanma hisoblanadi. Rejalashtirish raqobatda maksimum uyg‘unlikka erishishda, bo‘lishi mumkin xatolarning oldini olishga, ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni ilg‘ashga va ulardan foydalanishga, korxonaning zaif tomonlarining ta’sir kuchini pasaytirishga va o‘z vaqtida choralar ko‘rishga, turli xil xavf-xatarlarning oldini olishga imkoniyat yaratadi.
Rejalashtirishning asosiy vazifasi maqsadni to`g‘ri belgilash, unga erishish parametrlarini (indikatorlarini, ko`rsatkichlarini) va yo`llarini aniqlab berishdan iborat.
Rejaga maqsadga erishish parametrlarini o‘zida ifodalagan programma shaklidagi rasmiy hujjat sifatida qarash mumkin.
Rejalashtirish bir necha bosqichdan iborat bo`ladi. Ularni umumlashtirib uch bosqichga bo`lish mumkin.
Boshlang‘ich bosqichda g‘oyani shakllantirish, maqsadni aniqlash, ma’lumotlarni tahlil qilish, umumlashtirish, rejalashtirilayotgan ko`rsatkichlarni yo`nalishlarini aniqlash, istiqbolni belgilashdan iborat bo`lishi kerak. O‘rtanchi bosqichi ko`p variantli rejani tuzish, xo`jalik sub’ekti rahbariyati tomonidan ko`rib chiqish, uning optimal variantini ma’qullash. Oxirgi bosqichi qabul qilingan rejani bajaruvchilarga yetkazish, bajarilishini ta’minlashni chora-tadbirlarini ko`rish va nazorat qilishdan iborat bo`lishi kerak deb hisoblaymiz. Ushbu bosqichlarni standart sifatida qabul qilmaslik kerak. Rejalashtirishning turlari va ko`rsatkichlari, rejalashtirilayotgan faoliyatga qarab bosqichlarni kengaytirish, boshqa ketma-ketlik shakllarini ishlatish mumkin.
Jahon amaliyotida rejalashtirishning alohida bosqichlari, ya’ni rejalashtirish jarayonining ketma-ketligi ishlab chiqilgan va unga rioya qilishlik bu jarayon bosqichlarini logik bog‘liqligini ta’minlaydi.
Strategik rejaning etaplari 5.1.1-chizmada berilgan.
5.1.1-chizma.

Yüklə 1,74 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   27   28   29   30   31   32   33   34   ...   103




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin