Kosmik metodlarning landshaftlarni tadqiq qilishdagi ahamiyati



Yüklə 35,2 Kb.
tarix13.12.2023
ölçüsü35,2 Kb.
#175032
Тезис 1


Xayitbayev Abror Ismoilovich1
(Urganch davlat universiteti, O’zbekiston)


KOSMIK METODLARNING LANDSHAFTLARNI TADQIQ QILISHDAGI AHAMIYATI


ЗНАЧЕНИЕ КОСМИЧЕСКИХ МЕТОДОВ В ЛАНДШАФТНЫХ ИССЛЕДОВАНИЯХ


THE IMPORTANCE OF SPACE METHODS IN LANDSCAPE RESEARCH


Annotatsiya: Maqolada kosmik metodlarning xozirgi zamon ilmiy tadqiqot ishlarida, shu jumladan landshaftlarni kuzatish, ularni tadqiq qilish, struktura va rivojlanish dinamikasini o‘rganish jarayonidagi ahamiyati yoritilgan.
Kalit so‘zlar: kosmik metod, kosmik suratlar, distansion ma’lumotlar, aerofotos’yomka materiallari.
Аннотация: В статье подчеркивается значение космических методов в современных научных исследованиях, в том числе в процессе наблюдения за ландшафтами, их исследованием, структурой и динамикой развития.
Ключевые слова: космический метод, космические фотографии, данные о расстоянии, материалы аэрофотосъемки.
Abstract: The article highlights the importance of space methods in modern scientific research, including in the process of observing landscapes, studying them, studying the structure and dynamics of development.
Key words: space method, space photographs, remote sensing data, aerial photography materials.


Kosmik tadqiqotlar tez sur’atlar bilan rivojlanmoqda, fan va texnikaning ko‘p sohalari, shu jumladan, Yer haqidagi fanlar uchun tobora katta ahamiyat kasb etmoqda. Tabiiy muhitni kosmosdan o‘rganishning imkoniyati ayniqsa kattadir. Uchuvchi kosmik apparatlar yordamida tabiiy muhit haqida olingan ma’lumotlar kompleks xarakterdadir. Kosmik metodning qimmatli tomonlaridan biri shundaki, bunday kuzatishlar global, operativ xarakterda bo‘lib, muntazam takrorlanib turadi.
Fan-texnika inqilobi sharoitida geografiya fanining muvaffaqiyati yangi metodlardan, mukammallashgan texnika vositalaridan foydalanish bilan bog‘liqdir.
Xozirgi kunda kosmik s’yomka materiallaridan barcha sohalarda keng foydalaniladi. Distansion ma’lumotlar, ayniqsa kosmik informatsiyalar katta vazifalarni hal qilishda tashkiliy asos sifatida muhim ahamiyatga ega. Ular jumladan:
- yer haqidagi fanlarda fundamental va amaliy tadqiqotlarni rivojlantirishda;
- tabiiy sharoit va resurslarni kompleks tahlil etishda va inventarizatsiya qilishda, ulardan ratsional foydalanish, ularni muhofaza qilish va qayta tiklash bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishda;
- turli rayonlardagi tabiiy va iqtisodiy territorial sharoitlarda, har xil masshtabdagi o‘zgarishlarni nazorat qilish va prognoz etishda;
- barcha masshtablar bo‘yicha umumgeografik va mavzuli kartalar fondini yangilashda katta rol o‘ynaydi.
Kosmik metodlar yordamida olingan ma’lumotlar tabiatdan foydalanishni boshqarish jarayonlarining uzoq muddatli dasturlarini ilmiy asoslash darajasini ko‘tarish uchun muhim ahamiyatga egadir.
Bunday ma’lumotlar landshaftlardagi antropogen o‘zgarishlar maydonining ko‘lami va xarakterini, ifloslovchilarning muhit tomonidan singdirilishi va neytralizatsiyalashishining tezligini, har xil tabiiy zonalarda, har xil ta’sir etish usullarida landshaftlar uchun zarralar qanday birliklarda ifloslanishini va boshqalarni aniqlashga imkon beradi [2, 36-b.].
Landshaftni tadqiq qilishda kosmik suratlar tabiiy muhitning hamma komponentlarini kompleks aks ettiradi, shuning uchun landshaftni tadqiq qilishda ular yaxshi samara beradi. Ular tabiiy hududiy komplekslarni landshaft sifatida klassifikatsiyalash, kartaga tushirish, morfologik tahlil qilish va diagnostika uchun qimmatli materiallardir [1, 22-b.]. Shu bilan birga, kosmik suratlar asosida bir vaqtning o‘zida har xil darajadagi landshaft strukturalarini tahlil qilish mumkin. Aerofotos’yomka materiallaridan farq qilib, kosmik suratlarda landshaft strukturalarining eng muhimlari saqlanadi, mayda komplekslari generalizatsiya qilinadi, ya’ni umumlashtiriladi.
Kosmik suratlarda landshaft morfologik birliklari bilan bir qatorda tabiiy va antropogen landshaftlarning dinamik holati ham deshifrovka qilinadi, to‘qayzor maydonlarning qisqarishi, cho‘l yaylovlari biomassasining kamayishi, haydaladigan yerlarning eroziyaga uchrashi aniqlanadi [1, 31-b.].
Kosmosdan turib tuproq resurslarini ham tekshirish mumkin. Tuproq tiplari ba’zan bevosita belgilarga, ko‘pincha esa bilvosita belgilarga qarab o‘qiladi. Shudgor qilingan yoki o‘simliklar bilan qoplanmagan hududlardagi tuproq tiplarini kosmik suratlardan bevosita ko‘rish mumkin. Shuni aytish kerakki, ba’zan bir tipdagi tuproqlar kosmik suratlarda tuproqning namligiga, ularning yuvilish darajasiga va boshqa omillarga qarab har xil ko‘rinishi mumkin.
Ekin ekilgan yerdagi tuproq xillari ko‘pincha ekinlarning o‘sishiga qarab belgilanadi. Tabiiy o‘simliklar bilan qoplangan uchastkalarda esa tuproq qoplami har xil tuproq tiplarida, rivojlanayotgan o‘simlik turlarining almashishi tufayli aniqlanadi. Kosmik suratlarda mikrorelef bilan bog‘liq bo‘lgan tuproq qoplami kompleksligining konturlari aniq aks etadi. Botqoqlangan va sho‘rlangan tuproqlarning yaxshi tasviri, ayniqsa, kosmik suratlar asosida bu tuproqlarni katta tafsilot bilan kartaga tushirishga imkon beradi va ularni yaxshilashning meliorativ chora-tadbirlarini ishlab chiqishda qo‘llanishi mumkin.
Kosmik suratlarning qo‘llanilishi har xil tipdagi sho‘rlangan tuproqlarning hududiy tarqalishini va maydonini aniqlashga imkon beradi, bu esa ularni melioratsiya holatini yaxshilash uchun maxsus tadbirlarni qo‘llashga asos bo‘ladi. Bundan tashqari, ular tuproq qoplamining eroziyaga uchraganini ham aniqlashga yordam beradi.
Ayrim hollarda, ba’zi bir rayonlar tuproqlarining har xil mexanik tarkibi ham, ayniqsa qumli, qum va tub tog‘ jinslari yaqin yotgan toshli tuproqlar ham kosmik suratlarda farq qilib turadi. Demak, kosmik axborotlar tuproq qoplamining strukturasini o‘rganishda, mayda hamda o‘rta masshtabli tuproq kartalari tuzishda katta foyda keltirar ekan [2, 49-b.].
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, kosmik metod ko‘pgina samaradorlik formalariga ega. Kosmik metodlar boshqa metodlar yordamida erishib bo‘lmaydigan yangi ilmiy faktlarni yig‘ishga imkon beradi, kuzatishlarning batafsilligi va ishonchliligini oshiradi, vaqt va mehnat sarflashni kamaytiradi, foydani ko‘paytiradi va xarajatni kamaytiradi, atrof-muhit ustidan kuzatish sifatini yaxshilaydi va xalqaro hamkorlikni mustahkamlaydi.


Foydalanilgan adabiyotlar
1. Абдулкасимов А.А. О структуре и картировании оазисных ландшафтов. В сб.: Антропогенные ландшафты ЦЧО и прилегающих территорий. Воронеж, 1972. – С. 39-41.
2. Алибеков Л.А. Географик тадқиқотларнинг космик методи. Ўқув қўлланма, Тошкент – “Ўқитувчи”, 1983 й.
3. Shakirov Sh.Yu. Xorazm viloyati toʻqaylarini Sentinel-2A maʼlumotlari asosida monitoring qilish masalalari. Magistrlik dissertatsiyasi. Urganch davlat universiteti, Urganch, 2022 y.

1 Xayitbayev A.I. Urganch davlat universiteti Geografiya kafedrasi o’qituvchisi

Yüklə 35,2 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin