Kurs ishi mavzusining maqsadi. O’zbekiston Respublikasida byudjetni joriy rejalashtirishdan voz kechilgan holda o’rta muddatli byudjetlashtirishga o’tishning sabablari, shuningdek davlat byudjetining o’rta muddatli istiqbolli ko’rsatkichlarini tahlil qilish va uni rivojlantirish bo’yicha takliflar berish.
Kurs ishi mavzusining predmeti. Mamlakatimizda davlat byudjetini istiqbollarini belgilashning mohiyati, o’rta muddatli rejalashtirishning davlat, korxonalar, aholi va xorijiy investorlar uchun muhimligi hamda fiskal barqarorlikka ta’sirini o’rganishdir.
Kurs ishi mavzusining obyekti. Pensiya jamg’armasi faoliyati istiqbollarini belgilash bilan bog’liq tushunchalarni o’rganish hamda pensiya fondi faoliyatini natijalarini tahlil qilish.
Kurs ishining vazifalari. Qo’yilgan maqsadga erishish yo’lida quyidagi asosiy vazifalar belgilab olindi:
- Pensiya jamg’armasi istiqbollarini belgilashning mazmun-mohiyatini tushunib olish, byudjet shaffofligini ta’minlashda ushbu yangicha tizimning rolini baholash va kerakli xulosalar chiqarish;
- oʻrta muddatli istiqbolga moʻljallangan asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlar prognozlari hamda pensiya jamg’armasi faoliyatini tahlil qilish;
- O’zbekistonda so’nggi yillarda davlat pensiya jamg’armasi faoliyatida hamda soliq islohotlarini amalga oshirishda erishilgan natijalarni o’rganish va tahlil qilish;
- Pensiya jamg’armasi bugungi kunda yuz tutayotgan va tub islohotlarni amalga oshirishdagi muammolarni ko’zdan kechirish hamda uni rivojlantirish bo’yicha takliflar berish.
Byudjetdan tashqari Pensiya Jamg’armasining tashkiliy tuzilishi, asosiy vazifalari va funksiyalari.
Budjetdan tashqari Pensiya jamg’armasi bu – aholining kam ta’minlangan, yordamga muhtoj, mehnatga layoqatsiz qismini pul mablag’lari bilan ta’minlovchi mustaqil moliyaviy organdir. Ushbu jamg’arma asosiy faoliyat yo’nalishlaridan bir bu pensiya va bolalar nafaqasini to’lash hamda ularni moliyalashtirishni amalga oshirish uchun markazlashtirilgan holda pul mablag’larini jamlash, Respublika va mahalliy darajadagi strategik rejalarni amalga oshirish orqali aholini ijtimoiy qo’llab-quvvatlashni moliyalashtirishda faol qatnashish hamda o’z-o’zini moliyalashtirish tamoyillari va tijorat faoliyati asosida fond mablag’lari miqdorini oshirish kabi vazifalarni bajaradi. Bundan tashqari, Pensiya jamg’armasi davlat ijtimoiy sug’urta badallari stavkalarini belgilashda, nafaqa ta’minoti va ijtimoiy ta’minot rejalarni ishlab chiqish bo’yicha takliflarni tayyorlashda bevosita qatnashadi va sug’urta badallarining o’z vaqtida to’liq kelib tushishi va ularning to’g’ri sarflanishi ustidan nazoratni ta’minlaydigan muassasa hisoblanadi. Pensiya jamg’armasining eng ustuvor tamoyili bu – avlodlar majburiyatlarining ta’minlanish bo’lib hisoblanadi . Chunki, inson hamma vaqt birdek kuch-g’ayratli bo’lmaydi. Mohiyatan olib qaralganda, inson yoshlik vaqtlaridan boshlab keksalikdagi farovonlikni ta’minlash maqsadida Pensiya jamg’armasi ixtiyoriga pul o’tkazib boradi va ma’lum vaqt o’tgandan so’ng o’zi jamg’argan mablag’lari hisobidan pensiya ko’rinishidagi ma’lum bir daromadga ega bo’ladi. Davlat tomonidan kafolatlangan pensiyalarning oshishi bozor iqtisodiyotiga o’tishda mamlakat aholisini kuchli ijtimoiy himoya qilish prinsiplariga tayangan holda hamda milliy valyutaning inflyatsiya darajasini hisobga olibdeyarli har bir kalendar yili mobaynida kamida ikki marotaba oshirilmoqda. Mamlakatimizda yalpi ichki mahsulotning barqarorligi, iqtisodiyotdagi yetakchi tarmoqlarning yuqori o’sish sur’atlari, davlat byudjetining profitsit bilan ijro etilishi, ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy himoyalash tizimini moliyalashtirishga qulay sharoit yaratmoqda.. Ijtimoiy muhofazaga muhtoj aholini kafolatli himoya qilish davlatning eng muhim siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy vazifasi hisoblanib, har bir mamlakat ijtimoiy himoya tizimining miqdor va sifat ko’rsatkichlari jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining darajasidan dalolat beradi. Davlat ijtimoiy himoyasiniamalga oshirishning muhim yo’nalishlaridan yana biri bu ijtimoiy ta’minot hisoblanadi.
Ijtimoiy ta’minot - fuqarolar ayrim toifalarini davlat byudjeti hamda byudjetdan tashqari maxsus fondlar mablag’lari hisobidan moddiy ta’minlashga yo’naltirilgan davlatning ijtimoiy yordam ko’rsatish shaklidir. Fuqarolarga bunday yordam davlat tomonidan ijtimoiy jihatdan muhim deb e’tirof etilgan hollarda ko’rsatiladi. Ana shu yordamdan aholining nochor qatlamlari ahvollarini jamiyatning boshqa a’zolari bilan imkoniyat darajasida tenglashtirish maqsadi ko’zlanadi. Ijtimoiy sug’urta esa davlat tomonidan belgilab qo’yilgan, nazorat qilinadigan va kafolatlanadigan, davlat maqsadli, byudjetdan tashqari ijtimoiy sug’urta fondlari hamda boshqa jamoaviy va xususiy sug’urta fondlari mablag’lari hisobiga keksa yoshdagi, mehnatga layoqatsiz fuqarolarni moddiy ta’minlash, qo’llab-quvvatlash tizimidir. Davlat ijtimoiy yordami – mehnatga layoqatsizligi, ishsizligi, daromad manbai mavjud bo’lmaganligi sababli mustaqil ravishda o’zini moddiy ta’minlay olmagan shaxslarga davlat tomonidan ko’rsatiladigan ijtimoiy yordam hisoblanadi. Bu yordam turining hajmi shaxs daromadi yoki aholining umumiy turmush darajasi bilan bog’liq bo’lmaydi. Ijtimoiy yordam doirasidagi nafaqa va yordam pullari faqat amaldagi qonunchilikda belgilab qo’yilgan aholi toifalariga beriladi. Mazkur himoya institutining asosiy jihati – bu aholining kam ta’minlangan guruhlariga davlatning ijtimoiy-shartnomasiz yordam ko’rsatishidir. Aholining ijtimoiy muhofazaga ehtiyojmand sub’ektlariga quyidagilar kiradi:
– pensionerlar aholining bu guruhi pul ta’minoti huquqiga ega fuqarolar bo’lib, u tegishli qonunchilik hujjatlari asosida amalga oshiriladi. Belgilangan yoshga yetgan fuqarolar pensiyaga chiqish huquqiga egalar.
– nogironlar, aholining bu toifasiga jismoniy yoki aqliy nuqsonlari borligi, yashash faoliyati cheklanganligi munosabati bilan ijtimoiy yordam va himoyaga muxtoj bo’lgan shaxslar kiradi.
kam ta’minlangan oilalar, ular daromadlari tirikchilik eng kam miqdoridan yuqori bo’lmagan oilalardir. Kam ta’minlanganlik chegarasi mutaxassislar tomonidan me’yoriy iste’mol savatchasi miqdoridan kelib chiqib belgilanadi. Hozirgi vaqtda yangi ijtimoiy-iqtisodiy tizimga o’tilishi munosabati bilan bu chegarani belgilash ancha murakkab masala hisoblanadi va yurtimizda hozirgi kunga kelib bu haqida aniq bir ko’rsatkichlar e’lon qilingani yo’q;
ishsizlar, aholining bu toifasiga ishsiz va daromad topish manbayi bo’lmagan mehnatga layoqatli fuqarolar kiradi. Bu toifadagi fuqarolar aholining ish bilan bandligi xizmatida ishsiz sifatida belgilangan tartibda ro’yxatdan o’tishlari talab qilinadi.
Fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish tizimida Pensiya jamg’armasining o’rni shundaki, bunda davlat tomonidan kafolatlangan pensiya ta’minoti tizimida boshqaruv tuzilmasini takomillashtirish, daromadlarga mo’ljallangan majburiy badal, yig’im va ajratmalarni to’liq yig’ilishini ta’minlash, shuningdek, aholini kuchli ijtimoiy himoya qilish uchun moliyalashtirish chora-tadbirlarini o’z vaqtida va to’liqligicha ta’minlashga erishish hisoblanadi. Pensiya ta’minoti tizimining tashkiliy tuzilmasini yanada takomillashtirish, pensiyalar va ijtimoiy nafaqalarni byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasidan o’z vaqtida moliyalashtirish hamda ularni to’liq hajmda to’lash, shuningdek, respublika fuqarolarining pensiya ta’minotiga yo’naltiriladigan mablag’lardan maqsadli foydalanilishi ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida hozirgi kunda qator muhim ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Pensiya jamg’armasi o’z faoliyati to’g’risida O’zbekiston Respublikasi Moliya vaziriga, Jamg’armaning Kuzatuv kengashi raisiga hisob beradi. Pensiya jamg’armasi o’z faoliyatida O’zbekiston Respublikasi qonunlariga, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O’zbekiston Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga va boshqa normativ va huquqiy hujjatlarga, shuningdek “O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasi to’g’risida”gi Nizomga amal qiladi. Pensiya jamg’armasi o’z ishlarini davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan o’zaro hamkorlikda amalga oshiradi. Pensiya jamg’armasi tizimiga quyidagi tashkilotlar bevosita kiradi:
Jamg’armaning Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi boshqarmalari;
Jamg’armaning tuman (shahar) bo’limlari;
Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi;
bosh, tuman, tumanlararo, shahar va ixtisoslashtirilgan tibbiy-mehnat ekspertizasi xizmatlari kiradi.
Jamg’arma ijro etuvchi apparatining, uning hududiy boshqarmalari, tuman bo’limlari, Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspektsiyasi, tibbiy-mehnat ekspertizasi xizmatlari ta’minoti respublika byudjeti mablag’lari hisobiga amalga oshiriladi. Pensiya jamg’armasi hamda uning hududiy bo’limlari yuridik shaxs hisoblanadi, mustaqil balansga hamda tegishli banklarda hisob raqamlariga ega bo’ladi.
Pensiya jamg’armasining Kuzatuv kengashi vakolatlari krng miqyosda bo’lib ularga quyidagilar kiradi:
Moliya vazirligi bilan kelishgan holda Jamg’armaning daromadlari va xarajatlari prognoz parametrlarini, shuningdek Jamg’arma xarajatlarining har yilgi smetasini ko’rib chiqish va tasdiqlash
O’zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo’mitasining Jamg’armaga majburiy ajratmalar, badallar va boshqa to’lovlarning to’liq va o’z vaqtida to’lanishini ta’minlash to’g’risidagi axborotini eshitish;
Jamg’arma ijro etuvchi apparati, hududiy boshqarmalarining amalga oshiriladigan ishlar to’g’risidagi hisobotlarini eshitish va tasdiqlash;
Vazirliklar va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, Respublika tibbiy va ijtimoiy ekspertiza inspektsiyasi, tibbiy-mehnat ekspertizasi xizmatlari va boshqa tashkilotlar mas’ul xodimlarining Jamg’arma vakolatiga tegishli bo’lgan masalalar bo’yicha hisobotlarini eshitish;
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Jamg’armaning ijro etuvchi direktorini, uning o’rinbosarlarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod qilish to’g’risida taqdimnoma kiritish Jamg’armaning hududiy boshqarmalari to’g’risidagi namunaviy nizomni tasdiqlash;
Jamg’armaning hududiy boshqarmalari to’g’risidagi namunaviy nizomni tasdiqlash hamda O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasining Pensiyalar tayinlash bo’yicha tuman bo’limi komissiyalari to’g’risidagi namunaviy nizomni ko’rib chiqish va tasdiqlash;
Jamg’armaning ijro etuvchi apparati faoliyatini tartibga solish va Jamg’arma daromadlarini shakllantirish, uni o’z vaqtida moliyalashtirish va undan maqsadli foydalanish yuzasidan nazorat qilish
Pensiya jamg’armasini boshqarishning yuqori organi bo’lib Pensiya jamg’armasining Kuzatuv kengashi hisoblanadi, uning tarkibi O’zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan tasdiqlanadi. Pensiya jamg’armasining ijro etuvchi apparati tuzilmasi, uning hududiy boshqarmalari va tuman va shahar bo’limlarining namunaviy tuzilmalari O’zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari bilan tasdiqlanadi. Jamg’armaning ijro etuvchi apparatiga Jamg’arma Kuzatuv kengashining taqdimnomasi bo’yicha, belgilangan tartibda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan lavozimga tayinlanadigan ijro etuvchi direktor boshchilik qiladi. Ijro etuvchi direktor Jamg’armaga yuklangan vazifalarning bajarilishi va o’z funksiyalarining amalga oshirilishi uchun shaxsan javob beradi. Jamg’arma ijro etuvchi direktorining birinchi o’rinbosari va Jamg’arma Kuzatuvchi kengashining taqdimnomasi bo’yicha, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan lavozimga tayinlanadi. Jamg’armaning Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari boshliqlari Jamg’arma ijro etuvchi direktorining taqdimnomasiga binoan O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirining qaroriga muvofiq lavozimga tayinlanadilar va o’z lavozimdan ozod etiladilar. Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspektsiyasi boshlig’i O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni bilan kelishgan holda O’zbekiston Respublikasi moliya vaziri qarori bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi. Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspektsiyasi boshlig’ining o’rinbosari, Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosh tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari raislari O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasining ijro etuvchi direktori taqdimnomasiga binoan O’zbekiston Respublikasi Moliya vaziri qarori bilan lavozimga tayinlanadilar va lavozimdan ozod etiladilar. Pensiya jamg’armasining Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi boshqarmalari boshliqlarining o’rinbosarlari, Pensiya jamg’armasining tuman bo’limlari boshliqlari Pensiya jamg’armasining tegishli hududiy boshqarmalari boshliqlarining taqdimnomasi bo’yicha Pensiya jamg’armasining ijro etuvchi direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi va undan ozod qilinadi. Tumanlararo, tuman va ixtisoslashtirilgan tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari rahbarlari Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspektsiyasi boshlig’ining taqdimnomasi bo’yicha Pensiya jamg’armasi ijro etuvchi direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi. Pensiya jamg’armasining ijro etuvchi apparati, uning hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) bo’limlari yagona markazlashtirilgan tizimni tashkil etadi hamda quyi boshliqlarning yuqori boshliqlarga hamda Pensiya jamg’armasi Kuzatuv kengashining raisiga bo’ysunishi va hisob berishi asosida ishlaydi.
Pensiya jamg’armasining ijro etuvchi direktori:
Pensiya jamg’armasi faoliyatiga rahbarlik qiladi;
o’z vakolatlari doirasida ijro etuvchi direktorning o’rinbosarlari hamda hududiy boshqarmalar, tuman (shahar) bo’limlari rahbarlari, shuningdek Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspektsiyasi va tibbiy-mehnat ekspertizasi xizmatlari rahbarlari o’rtasida lavozim vazifalarini taqsimlaydi;
o’z vakolatlari doirasida hududiy boshqarmalar va tuman (shahar) bo’limlari rahbarlari, Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspektsiyasi va tibbiy-mehnat ekspertizasi xizmatlari tomonidan bajarilishi majburiy bo’lgan buyruqlar, yo’riqnomalar chiqaradi va ko’rsatmalar beradi;
belgilangan mehnatga haq to’lash fondi va xodimlarning soni doirasida ijro etuvchi apparatning shtatlar jadvaliga o’zgartirishlar kiritadi va uni tasdiqlaydi, Pensiya jamg’armasining tarkibiy boshqarmalari to’g’risidagi nizomni tasdiqlaydi;
Pensiya jamg’armasining ijro etuvchi apparati xodimlarini, Pensiya jamg’armasining Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi boshqarmalarining boshliqlari o’rinbosarlarini, Pensiya jamg’armasining tuman (shahar) bo’limlari boshliqlarini Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosh tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari raislari o’rinbosarlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi;
tibbiy-mehnat ekspertizasi xizmatlari faoliyatiga rahbarlik qiladi;
Pensiya jamg’armasining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
qonunda belgilangan tartibda fuqarolarning davlat pensiya ta’minotini tashkil etish, fuqarolarga pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar, kompensatsiya to’lovlari va boshqa to’lovlarni tayinlash, pensiyalar va boshqa to’lovlar miqdorlarining qayta hisoblab chiqilishini ta’minlash;
pensiyalar va boshqa to’lovlarni to’liq hajmda moliyalashtirish va to’lanishini tashkil etish, ular bo’yicha hisob va hisobotni yuritish;
tizimli asosda pensiyalar tayinlash va ularni qayta hisoblashning doimiy tahlilini o’tkazish va monitoringini olib borish, fuqarolarning pensiya ta’minotiga yo’naltiriladigan mablag’lardan qat’iy maqsadli foydalanilishini ta’minlash;
mehnatda mayib bo’lganlik yoki kasb kasalligi oqibatidagi nogironlik tufayli tayinlangan pensiyalarga to’langan mablag’larni da’volar bo’yicha aybdor yuridik va jismoniy shaxslardan belgilangan tartibda undirib olishni tashkil etish;
“Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi qonunining 12-moddasi “b”-bandiga muvofiq tayinlangan imtiyozli pensiyalarni to’lashga xarajatlarni qoplash uchun mablag’larni yuridik shaxslardan belgilangan tartibda undirib olishni tashkil etish; tibbiy-mehnat ekspertizasi xizmatlari faoliyatini tashkil etish.
Pensiya jamg’armasi o’ziga yuklangan vazifalarga muvofiq qator funktsiyalarni quyidagi yo’nalishlar bo’yicha amalga oshiradi:
Pensiya jamg’armasining daromadlari bo’yicha:
Pensiya jamg’armasi mablag’lari bo’yicha majburiy to’lovlar, badallardan mablag’larni hamda boshqa to’lovlarni O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G’aznachiligidagi hisob raqamiga jamlaydi hamda pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar, kompensatsiya va boshqa to’lovlarga xarajatlarni moliyalashtirishni ta’minlaydi;
har yili manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Pensiya jamg’armasi daromadlari tushumlar prognozini ishlab chiqadi;
davlat ijtimoiy sug’urtasi tizimining barqarorligini ta’minlash va uni yanada takomillashtirish bo’yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish maqsadida Pensiya jamg’armasi daromadlari va xarajatlarining o’rtacha va uzoq muddatli prognozlarini tayyorlaydi;
“Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to’g’risida”gi O’zbekiston Qonunining 15- moddasiga muvofiq mehnatda mayib bo’lganlik yoki kasb kasalligi oqibatidagi nogironlik tufayli tayinlangan pensiyalarga to’langan mablag’larni aybdor yuridik va jismoniy shaxslardan regress da’volar bo’yicha belgilangan tartibda undirib oladi;
“Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to’g’risida”gi O’zbekiston qonunining 12-moddasi “b”-bandiga muvofiq tayinlangan imtiyozli pensiyalarni to’lashga sarflangan mablag’larni yuridik shaxslardan regress da’volar bo’yicha belgilangan tartibda undiradi;
badallar va boshqa to’lovlar tushishi hisobini olib boradi, shuningdek yuridik shaxs bo’lmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shug’ullanuvchi shaxslarning hamda dehqon xo’jaliklari a’zolarining mehnat daftarchalarini tegishli tartibda yuritadi va saqlaydi.
Pensiyalar va ijtimoiy nafaqalarni tayinlash hamda qayta hisoblab chiqish bo’yicha:
pensiyalar va ijtimoiy nafaqalarni tayinlash va qayta hisoblab chiqish uchun zarur bo’lgan taqdimnomalar, arizalar va boshqa hujjatlarni qabul qiladi, ularni qonun hujjatlariga muvofiq rasmiylashtiradi;
pensiyalar va ijtimoiy nafaqalarni tayinlash uchun yuridik shaxslar va fuqarolar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni tayyorlaydi, ko’rib chiqadi va tekshiradi;
Pensiya jamg’armasining tuman (shahar) bo’limlarida pensiyalar tayinlash bo’yicha komissiyalar faoliyatini tashkil etadi;
zarur tarzda rasmiylashtirgan hujjatlarga muvofiq va pensiyalar tayinlash bo’yicha komissiyalar qarorlari asosida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda pensiyalarni tayinlaydi va ularni qayta hisoblab chiqadi;
pensionerlarning pensiya ishlarini va ijtimoiy nafaqa oluvchi shaxslarning ishlarini, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hujjatlarni rasmiylashtiradi, pensionerlarga pensiya guvohnomalari beradi;
pensiyalar va ijtimoiy nafaqalar tayinlash uchun hujjatlarni rasmiylashtirishning qonun hujjatlarida belgilangan tartibiga rioya etilishini nazorat qiladi;
tashkilotlar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va dehqon xo’jaliklari a’zolari tomonidan taqdim etilgan pensiyalar, Davlat ijtimoiy sug’urtasi bo’yicha nafaqalar olish huquqini beradigan hujjatlarning ishonchliligini tekshiradi.
Pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar, kompensatsiya va boshqa to’lovlarga xarajatlarni amalga oshirish bo’yicha:
pensiyalar va ijtimoiy nafaqalarni hisoblab chiqish bo’yicha operatsiyalarni amalga oshiradi, ishlamaydigan pensionerlarga aloqa tashkilotlari va banklar orqali, ishlaydigan pensionerlarga esa – tashkilotlar orqali pensiyalar va ijtimoiy nafaqalar to’lash yuzasidan topshiriqlarni rasmiylashtiradi va beradi;
aloqa tashkilotlari, banklar tomonidan pensiyalar va ijtimoiy nafaqalarning o’z vaqtida va to’g’ri etkazib berilishi hamda to’lanishi yuzasidan doimiy monitoring va nazoratni amalga oshiradi;
yuridik shaxs bo’lmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shug’ullanuvchi shaxslarga, shuningdek dehqon xo’jaliklari a’zolariga – ular tomonidan ijtimoiy sug’urta bo’yicha badallar to’langan taqdirda, chaqaloq tug’ilganda beriladigan nafaqalar hamda dafn marosimi nafaqalarini hisoblaydi va to’laydi;
tashkilotlarning ishlaydigan pensionerlarga pensiyalar, 16 yoshgacha bo’lgan nogiron bolaning ota-onalaridan biriga (vasiyga, homiyga) bir oyda qo’shimcha dam olish kuni uchun to’lov,
Pensiya jamg’armasi o’ziga yuklangan vazifalar va funktsiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
Pensiya jamg’armasi vakolatiga tegishli masalalar bo’yicha axborotni davlat organlari va boshqa tashkilotlardan belgilangan tartibda so’rash va olish;
o’z vakolatlari doirasida Pensiya jamg’armasining vazifalarini amalga oshirish uchun zarur bo’lgan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni va metodik hujjatlarni ishlab chiqish;
majburiy to’lovlar, badallar va boshqa to’lovlar miqdorlarini belgilash, shuningdek, pensiya ta’minotiga tegishli bo’lgan boshqa masalalar bo’yicha takliflar kiritish;
Pensiya jamg’armasi vakolatiga kiradigan masalalar bo’yicha xalqaro hamkorlikni amalga oshirish. “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to’g’risida” O’zbekiston Respublikasi qonuniga muvofiq hamda pensiya ta’minoti tizimining tashkiliy tuzilmasini yanada takomillashtirish, pensiyalar va ijtimoiy nafaqalarni byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasidan o’z vaqtida moliyalashtirish hamda ularni to’liq hajmda to’lash, shuningdek, respublika fuqarolarining pensiya ta’minotiga yo’naltiriladigan mablag’lardan maqsadli foydalanilishi ustidan nazoratni kuchaytirish;
Pensiya Jamg’armasi daromadlarini shakllanish manbalari va ularning tahlili.
Byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasi davlatning ijtimoiy funksiyasiga xizmat qiladi. Shu sababli Pensiya jamg’armasi daromadlarini shakllantirish manbalarini o’rganish muhim ahamiyat kasb etadi. Pensiya jamg’armasi daromadlari soliqlarga tenglashtirilgan majburiy ajratmalar hisobidan shakllantiriladi. Chunki ushbu daromadlar fuqarolarni keksalik davrida ijtimoiy himoyalash hamda fuqarolarning mehnat faoliyatini tugashi bilanoq pensiyaga chiqish oldidan to’lanadigan ish haqi miqdoriga mutanosib tarzda belgilangan muayyan miqdordagi kafolatlangan daromadni ta’minlash , daromadlar xususan pensiya, nafaqa, kompensatsiya to’lovlari va shunga o’xshash bo’lgan boshqa to’lovlar bilan kelajakda aholi turmush darajasining pasayishidan himoyalash kabilarni ta’minlaydi. O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasi to’g’risidagi Nizomga ko’ra Pensiya jamg’armasi daromadlari quyidagi manbalar hisobiga shakllantiriladi:
majburiy to’lovlar va badallar:
– belgilangan miqdorlardagi yagona ijtimoiy to’lov tushumlari;
– alohida yuridik shaxslarning ijtimoiy sug’urta badallari;
– fuqarolarning sug’urta badallari;
– jismoniy shaxslar ayrim toifalarining sug’urta badallari;
– majburiy ajratmalar;
boshqa to’lovlar:
– “Fuqarolarning davlat Pensiya ta’minoti to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining 15-moddasiga muvofiq tayinlangan mehnatda mayib bo’lganlik yoki kasb kasalligi oqibatida nogiron bo’lganlarga pensiyalar to’lash xarajatlarini qoplash uchun regressiv talablar (da’volar) bo’yicha ish beruvchilar va fuqarolardan undiriladigan mablag’larning 85 foizi;
– “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq muddatidan oldin tayinlangan yoshga doir pensiyalarni to’lash xarajatlarini qoplash uchun o’tkaziladigan Bandlikka ko’maklashish jamg’armasi mablag’lari;
– “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining 12-moddasiga muvofiq tayinlangan imtiyozli pensiyalarni to’lash xarajatlarini qoplash hisobiga o’tkaziladigan yuridik shaxslar mablag’lari;
–dehqon xo’jaliklari a’zolarining ixtiyoriy tartibda to’lanadigan sug’urta badallari;
–hisoblangan jarimalar summasining bir qismi hamda majburiy to’lovlar, badallar va boshqa to’lovlar o’z vaqtida to’lanmaganligi uchun penyalar;
–yuridik shaxs tugatilganda, qishloq xo’jaligi kooperativi, fermer va dehqon xo’jaligi qayta tashkil etilganda yoki tugatilganda mehnat vazifalarini bajarish bilan bog’liq holda mayib bo’lgan, kasb kasalligiga chalingan yoki sog’lig’iga boshqacha shikast etkazilgan xodimga etkazilgan zararni qoplash uchun to’lanadigan summalar;
–qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar, shu jumladan, davlat byudjeti mablag’lari va ixtiyoriy badallar.
Majburiy to’lovlar, badallar va boshqa to’lovlarni o’tkazish Pensiya jamg’armasi daromadlarining belgilangan tasniflariga muvofiq tushumlarning har bir turi bo’yicha Pensiya jamg’armasining banklardagi tegishli hisob raqamlari bo’yicha amalga oshiriladi. Shuni ta’kidlash joizki, bu yerda majburiy ajratmalar va majburiy to’lovlarni farqlab olish zarur. Masalan, byudjetdan tashqari maqsadli jamg’armalarga ajratma deganda O’zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi 23-moddasiga ko’ra pensiya, Respublika yo’l va umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va tibbiyot muassasalarini rekonstruktsiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash jamg’armalariga majburiy ajratmalar tushuniladi. Fuqarolarning Pensiya jamg’armasiga sug’urta badallari; Respublika yo’l jamg’armasiga yig’imlar, davlat boji, bojxona to’lovlari, shuningdek, ayrim turdagi tovarlar bilan chakana savdo qilish va ayrim turdagi xizmatlarni ko’rsatish huquqi uchun yig’im Soliq kodeksiga asosan boshqa majburiy to’lovlar hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan majburiy to’lov kengroq tushuncha bo’lib, majburiy ajratma uning tarkibiga kiradi. Majburiy ajratmalarning to’lovchilari umumbelgilangan soliqlarni to’lovchilar bo’lib, boshqa majburiy to’lovlar to’lovchilaridan keskin farq qiladi. Boshqa majburiy to’lovlar korxonaning ayrim operatsiyalari bilan bog’liq bo’lgan to’lovlar bo’lib, aynan u yoki bu operatsiyalar amalga oshirilishiga qarab ushbu soliq to’lash majburiyati yuzaga keladi va u soliq solishning tartibiga bog’liq bo’lmaydi.
O’zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo’mitasi va davlat soliq xizmatining hududiy organlari:
–manbalar turlari bo’yicha Pensiya jamg’armasiga majburiy to’lovlar, badallar va boshqa to’lovlarning to’g’ri hisoblanishi, to’liqligi va o’z vaqtida to’lanishi nazorat qilinishini;
–manbalar turlari va to’lovchilar bo’yicha Pensiya jamg’armasiga majburiy to’lovlar, badallar va boshqa to’lovlar hisobi yuritilishini;
–yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan Pensiya jamg’armasiga majburiy to’lovlar, badallar va boshqa to’lovlar to’g’ri hisoblanishini, shuningdek, Pensiya jamg’armasi bilan o’zaro hisob-kitoblarning holati tekshirilishini;
–qonun hujjatlariga muvofiq majburiy to’lovlar, badallar va boshqa to’lovlarni hisoblash tartibi va to’lash muddatlari buzilganligi uchun yuridik va jismoniy shaxslarga nisbatan moliyaviy va ma’muriy javobgarlik choralari qo’llanilishini; – badallarning shaxslar bo’yicha hisobini amalga oshirish va mehnat daftarchalarini yuritish uchun har chorakda Pensiya jamg’armasiga yuridik shaxs bo’lmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shug’ullanadigan shaxslar va dehqon xo’jaliklari a’zolari tomonidan to’langan badallarning miqdorlari to’g’risidagi ma’lumotlar taqdim etilishini ta’minlaydi.
Pensiya jamg’armasi pensiya to’lash manbai hisoblanib, uning mablag’lari fuqarolarning majburiy yagona ijtimoiy soliq hisobiga ham shakllantiriladi. Pensiya jamg’armasidan pensiya, nafaqa va kompensatsiyalarni o’z vaqtida va to’liq to’lanishini ta’minlash uchun uning daromad va xarajatlari muvofiqlashtirilishi zarur. O’zbekiston Respublikasida yagona ijtimoiy soliq ob’ekti bo’lib ish haqi tarzidagi daromadlar hisoblanadi. Ish haqi tarzidagi daromadlarga ish beruvchi bilan mehnatga oid munosabatlarda bo’lgan va tuzilgan mehnat shartnomasiga muvofiq, ishlarni bajarayotgan jismoniy shaxslarga hisoblanadigan va to’lanadigan barcha to’lovlar; mehnatga haq to’lashning qabul qilingan shakllari va tizimlariga muvofiq ishbay narxlar, tarif stavkalari va mansab maoshlaridan kelib chiqqan holda haqiqatda bajarilgan ish uchun hisoblangan ish haqi; ilmiy daraja va faxriy unvon uchun qo’shimcha to’lovlar, rag’batlantirish xususiyatiga ega to’lovlar, kompensatsiya to’lovlari va ishlanmagan vaqt uchun to’langan to’lovlar kiritiladi. Shuningdek, ushbu turdagi daromadlarga ishlarni bajarish va xizmatlar ko’rsatish bilan bog’liq fuqarolik huquqiy shaklda tuzilgan shartnomalarga muvofiq jismoniy shaxslarga yuridik shaxsning boshqaruv organi a’zolariga yuridik shaxsning o’zi tomonidan amalga oshiriladigan to’lovlarni ham qamrab oladi. O’zbekiston Respublikasi hududida ishlash uchun chet ellik xodimlarni jalb etish bo’yicha xizmatlar ko’rsatish shartnomasiga muvofiq yuridik shaxs – O’zbekiston Respublikasi norezidentiga to’lanadigan to’lovlar bo’yicha yagona ijtimoiy soliq hisoblab chiqarish uchun soliq solinadigan baza chet ellik xodimlarga to’lanadigan daromadlar summasi sifatida aniqlanadi. Yoki mehnatda mayib bo’lganlik yoki sog’liqqa boshqacha shikast etganlik bilan bog’liq zararning o’rnini qoplash uchun Soliq kodeksining 171-moddasi ikkinchi qismi 9-bandida ko’rsatilgan miqdorlardan ortiqcha olingan to’lovlargahamda yosh mutaxassislarga oliy o’quv yurtini tamomlaganlaridan so’ng ta’til vaqti uchun yuridik shaxslar hisobidan to’lanadigan nafaqalargava shu bilan bir qatorda O’zbekiston Respublikasi Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklarining, O’zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmatining harbiy xizmatchilariga, ichki ishlar organlarining hamda O’zbekiston Respublikasi davlat bojxona qo’mitasining oddiy, serjant va ofitser tarkiblarida xizmatni o’tashi munosabati bilan to’lanadigan pul ta’minoti, pul mukofotlari va boshqa to’lovlarga soliq imtiyozlari beriladi. Shuningdek, davlatlar, davlatlarning hukumatlari, xalqaro va chet el hukumatga qarashli tashkilotlar tomonidan berilgan grant mablag’lariga, O’zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan belgilanadigan ro’yxatga kiritilgan xalqaro va chet el nohukumat tashkilotlari tomonidan beriladigan grant mablag’lariga, O’zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari doirasida berilgan grant mablag’lari summalari ham yagona ijtimoiy soliqlarni hisoblashda hisobga olinmaydi. Umuman olganda, yagona ijtimoiy soliq yuridik shaxslarning mablag’lari hisobidan har oyda soliq solinadigan bazadan hamda belgilangan stavkalardan kelib chiqib, soliq agentlari tomonidan hisoblanadi. Hisoblangan yagona ijtimoiy soliq bo’yicha hisob-kitoblar davlat soliq xizmati organlariga soliq to’lovchi tomonidan ortib boruvchi yakun bilan yilning har choragida, hisobot davridan keyingi oyning 25-kunidan kechiktirmay, yil yakunlari bo’yicha esa – yillik moliyaviy hisobot topshiriladigan muddatda taqdim etiladi. Soliq to’lovchilar yagona ijtimoiy soliq har oyda, hisobot oyidan keyingi oyning 10-kunidan kechiktirmay amalga oshiriladi. Yagona ijtimoiy soliq stavkalari, yagona ijtimoiy soliq tushumlar taqsimot miqdorlari O’zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan belgilanadi.
O’z navbatida yagona ijtimoiy soliq ha quyidagilarga nisbatan hisoblab chiqarilmaydi:
O’zbekiston Respublikasi mudofaa, ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar vazirliklarining, O’zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmatining harbiy xizmatchilariga, ichki ishlar organlarining oddiy askarlar, serjantlar va ofitserlar tarkibiga hamda O’zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo’mitasining xodimlariga xizmatni o’tashi (xizmat majburiyatlarini bajarishi) munosabati bilan to’lanadigan pul ta’minotiga, pul mukofotlariga va boshqa to’lovlarga; O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining, umumiy yurisdiktsiya sudlarining va xo’jalik sudlarining sudyalari, shuningdek prokuratura organlarining mansab darajalariga (harbiy unvonlarga) ega bo’lgan xodimlarining xizmat vazifalarini bajarishi munosabati bilan olgan daromadlariga;
aktsiyadorlik jamiyatlarining boshqaruv xodimlari sifatida jalb qilingan chet ellik xodimlarining mehnatga haq to’lash tarzidagi daromadlariga.
1-rasm. 2021- 2022 –yillarda ish haqi, pensiya, stipendiyalar va nafaqalar miqdorito’g’risisda ma’limot.2
Kelgusi yilda ijtimoiy soliq stavkalari byudjet tashkilotlari uchun 25 foiz, boshqa soliq toʼlovchilari uchun 12 foiz miqdorida saqlanib qolinishi koʼzda tutilgan. Taklif etilayotgan chora-tadbirlar natijasida Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʼarmasining 2022 yildagi daromadlari prognozi 29,1 trln. soʼmni, xarajatlari esa 43,9 trln. soʼmni tashkil etadi. 103 2022 yilda pensiya va nafaqa toʼlovlari oluvchi fuqarolar soni 3,8 mln. nafardan oshishi kutilmoqda. Jamgʼarma taqchilligini qoplash (yil boshiga qoldiqlar bilan) va pensionerlar oldidagi majburiyatlarni oʼz vaqtida moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan keyingi yilda 14,0 trln. soʼm miqdorida transfert ajratilishi kutilmoqda. 2023–2024 prognoz yillarda pensiya tizimi taqchilligi oshishi kutilayotgan boʼlib, respublika byudjetidan tegishlicha 15,3 trln. soʼm va 16,3 trln. soʼm miqdorida transfert ajratilishi nazarda tutilgan. Mavjud muammolarni bartaraf etish hamda kelgusida pensiya miqdorlari yetarliligini taʼminlash maqsadida 2022-2030 yillarga moʼljallangan Pensiya tizimini rivojlantirish kontseptsiyasi ishlab chiqiladi va unda tizimni isloh qilishning asosiy yoʼnalishlari belgilanadi. 2022 yil 1 iyuldan boshlab pensiyalarni fuqarolar tomonidan birgina pasport bilan murojaat qilish orqali tayinlash tizimi joriy etiladi.
Jahondagi bugungi vaziyat, ya’ni global muammolarning mavjudligi, aholi sonining keskin oshib borayotgan bir paytda mamlakatimizda davlat byudjeti xarajatlari tarkibida ijtimoiy soha xarajatlari ulushining ortib borayotganligi va davlat byudjeti ijrosi yaqin yillarga kelib defitsit bilan bajarilayotgani olib borilayotgan islohotlarning samarasini ifodalaydi. Ijtimoiy soha xarajatlari, o’z navbatida, pensiya ta’minotini ham qamrab oladi. Byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasi xarajatlari O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan “O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasi to’g’risida”gi Nizom bilan tartibga solinadi. O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasining mablag’laridan:
ishlayotgan pensionerlarga davlat pensiyalarini to’lash;
ishlamaydigan pensionerlarga davlat pensiyalarini to’lash;
davlat pensiya ta’minoti huquqiga ega bo’lmagan qariyalar va mehnatga qobiliyatsiz fuqarolarga nafaqalar;
dafn etish marosimi uchun nafaqalar;
boshqa xarajatlar uchun foydalaniladi.
O’zbekiston Respublikasida amalda bo’lgan pensiya qonunchiligiga muvofiq, pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar, kompensatsiya to’lovlari va boshqa to’lovlarni moliyalashtirish byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasi mablag’lari hisobidan amalga oshiriladi. Bunda har bir pensiya yoshifa yetgan fuqaro uchun davlat tomonidan alohida pensiya miqdorlari hisoblanib ularning o’z vaqtida to’lanishi davlat tomonidan nazorat ostiga olingan . Ishlamaydigan va ishlaydigan fuqarolarga pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar va kompensatsiya to’lovlari va boshqa to’lovlarni moliyalashtirish uchun Pensiya jamg’armasining hududiy bo’linmalari tomonidan G’aznachilikning bo’linmalarida hisob raqamlari ochiladi. Pensiya jamg’armasining hududiy boshqarmalari to’lov to’lanadigan har bir oyning 15-kunigacha ishlamaydigan va ishlaydigan fuqarolarga pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar, kompensatsiya to’lovlari va boshqa to’lovlar to’lash uchun mablag’larga bo’lgan ehtiyoj hajmini belgilaydi hamda Pensiya jamg’armasining ijro etuvchi apparatiga buyurtmanoma taqdim etadi.
Pensiya jamg’armasi mablag’larining sarflanishini quyidagi rasm orqali ifodalaymiz.
2-rasm. Pensiya jamg’armasi mablag’lari hisobidan fuqarolarga pensiya to’lash tartibi.3
Pensiya jamg’armasining ijro etuvchi apparati Pensiya jamg’armasi xarajatlarini O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan belgilangan tartibda: joriy to’lov oyining 15-kunigacha – o’tgan oyning ehtiyoji hisobkitobidan kelib chiqib 50 foiz miqdoridagi summani; joriy to’lov oyining 27-kunigacha – amaldagi ehtiyojning taqdim etilgan miqdoridan qolgan summani moliyalashtiradi. Pensiya jamg’armasining tuman (shahar) bo’limlari pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar, kompensatsiya va boshqa to’lovlar uchun mablag’larni aloqa tashkilotlari va banklarning hisob raqamlariga o’tkazadi. Pensiya jamg’armasining tuman (shahar) bo’limlari tashkilotlarning buyurtmanomalari bo’yicha ishlaydigan pensionerlarga pensiyalar, dafn marosimi uchun nafaqalar, 16 yoshgacha bo’lgan nogiron bolalarning ota-onalaridan biriga qo’shimcha dam olish kunlari uchun va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa to’lovlarni to’lashga mablag’larni moliyalashtiradi. Pensiya jamg’armaning hisob raqamlaridan mablag’larni qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan maqsadlarda o’tkazish va vaqtincha olib qo’yish taqiqlanadi
Pensiya jamg’armasi xarajatlarini uch guruhga bo’lib o’rganish mumkin:
1. Ishlayotgan va ishlamaydigan pensionerlarga to’lanuvchi pensiyalar;
2. Ijtimoiy nafaqalar;
3. Pensiya jamg’armasining boshqa xarajatlaridan iborat.
Birinchi guruhga daxldor xarajatlar, yuqorida ta’kidlaganimizdek, ishlayotgan va ishlamaydigan pensionerlarga to’lanuvchi pensiyalardan tashkil topadi. Ikkinchi guruhga daxldor xarajatlarni ijtimoiy nafaqalar tashkil qiladi. Ijtimoiy nafaqalar, o’z navbatida, quyidagi turlarga bo’linadi:
– bolalikdan nogironlarga nafaqalar;
– yoshga doir nafaqa;
– nogironlik nafaqasi;
– boquvchisini yo’qotganlik nafaqasi;
– dafn marosimi uchun nafaqa;
– bola tug’ilganda beriladigan nafaqa;
– qo’shimcha dam olish kuni uchun nafaqa.
Nazorat jamiyat iqtisodiy hayotidagi obyektiv hodisa va har qanday davlat boshqaruvining muhim bo’g’inidir. Davlat moliyasini va iqtisodiy faoliyatni boshqarishda nazorat tizimi – bu erishilgan natijalarning qabul qilingan boshqaruv qarorlariga mosligi darajasini belgilash hamda qo’yilgan maqsadni ishlarning haqiqiy ahvoliga taqqoslash asosida nazorat ob’ektining holatini baholash, tartibga solish tadbirlari va tuzatish ta’sirlarini ishlab chiqish jarayonida nazorat sub’ektlari, ob’ektlari va vositalarining majmuidir. Moliyaviy nazorat iqtisodiy kategoriya sifatida moliyaga obyektiv xos bo’lgan nazorat xususiyatining amalda namoyon bo’lishidir. Odatda, moliyaviy nazorat quyidagi ikki yo’nalishda qaraladi: barcha iqtisodiy sub’ektlarning moliyaviy qonunchilik va moliyaviy intizomga rioya qilishi ustidan maxsus tashkil etilgan nazorat organlarining qattiq reglamentatsiya qilingan faoliyati;
moliyaviy operatsiyalarning samaradorligini va maqsadga muvofiqligini ta’minlash maqsadida ma’lum bir darajada moliya hamda pul oqimlarini boshqarishning ajralmas elenmenti.
Bozor iqtisodiyotida davlat moliyaviy nazorati alohida bir soha sifatida davlat moliyaviy resurslaridan maqsadga muvofiq va samarali foydalanishi, davlat mulkidan oqilona foydalanishini ta’minlashga xizmat qiladi. Byudjet to’g’risidagi qonun hujjatlarining ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirish maqsadida moliyaviy nazorat ob’ektlarining buxgalteriya, moliya, statistika, bank hujjatlari va boshqa hujjatlarini o’rganish hamda taqqoslashga davlat moliyaviy nazorati deyiladi. Davlat moliyaviy nazorati bu davlatning asosiy qonunlariga tayanadigan va hokimiyat hamda boshqaruv konkret organlari iqtisodiy-huquqiy harakatining kompleksli va maqsadga yo’naltirilgan tizimidir. Davlat maqsadli jamg’armalari, shu jumladan, Pensiya jamg’armasi moliyaviy nazorat ob’ekti hisoblanadi. Davlat moliyaviy nazoratining mohiyatini yoritishda quyidagi holatlarni hisobga olish zarur
3-rasm. Moliyaviy nazoratning amalga oshirilish shakllari.
Pensiya jamg’armasi faoliyati nazoratining predmeti quyidagi moliyaviy ko’rsatkichlardan iborat:
Pensiya jamg’armasi byudjetining daromadlari va xarajatlari;
Pensiya jamg’armasiga majburiy to’lovlar va boshqa to’lovlarning hajmlari . Pensiya jamg’armasi faoliyati nazoratining predmeti hisoblangan yuqoridagi ko’satkichlarning ko’plari hisobli ko’rsatkichlar hisoblanadi va bu narsa, o’z navbatida, ularning amaldagi normativ hujjatlarga muvofiq ravishda hisoblanishining to’g’riligi va ishonchliligini tekshirishni va ular ustidan nazorat qilishni taqozo etadi. Pensiya jamg’armasi faoliyati nazoratining oldida turgan eng asosiy vazifalar quyidagilardan iborat:
–Pensiya jamg’armasi daromadlari va xarajatlari mutanosibligini ta’minlash, pul fondlarining o’lchami va moliyaviy resurslarga bo’lgan ehtiyoj o’rtasidagi mutanosiblikka (balanslilikka) ta’sir ko’rsatish;
–Pensiya jamg’armasining fuqarolar oldidagi majburiyatlarning o’z vaqtida va to’liq bajarilishini ta’minlash;
–Pensiya jamg’armasi daromadlarini ko’paytirishning ichki xo’jalik rezervlarini qidirib toppish.
Bunda nazoratni amalga oshirish jarayonida bir nechta metodlardan foydalaniladi va ularga tekshiruv, tadqiq etish, nazorat, moliyaviy holat tahlili, kuzatish va taftishlar kiradi. Tekshiruv hisobot, balans va xarajat hujjatlari asosida moliyaviy-xo’jalik faoliyatning alohida masalalari bo’yicha amalga oshiriladi. Tekshiruv jarayonida moliyaviy intizomning buzilganligi aniqlanadi va ularni barham berish borasida choralar belgilanadi. Tadqiq etish Pensiya jamg’armasi faoliyatining ayrim tomonlarini qamrab oladi. Shuningdek, tadqiq etish so’rash, kuzatish va inspektsiya qilish hollari orqali ham amalga oshirilishi mumkin. Nazorat Pensiya jamg’armasi moliyaviy faoliyatning nazorat organlari tomonidan amalga oshiriladigan nazoratni anglatadi. U belgilangan qoidalar va normativlarga rioya qilinishi ustidan nazoratni ko’zda tutadi. Iqtisodiy tahlil Pensiya jamg’armasi nazoratini amalga oshirish metodi sifatida Pensiya jamg’armasi faoliyatining natijalari, moliyaviy holatning ahvoliga umumiy baho berish va ulardan samarali foydalanish imkoniyatlarini asoslash maqsadida davriy yoki yillik moliyaviy va buxgalteriya hisobotlarini detallashtirilgan tarzda o’rganishni ko’zda tutadi. Taftish Pensiya jamg’armasi moliyaviy faoliyatidagi nazoratning ancha keng tarqalgan metodi sanalib, nazoratning haqiqiy va hujjatli usullarini qo’llash yordamida amalga oshiriladigan Jamg’arma faoliyatini o’zaro bog’langan kompleks tekshiruvidan iboratdir. Taftish taftish qilinayotgan ob’ekt faoliyatidagi kamchiliklar va buzilmalarni topish uchun, ya’ni sodir etilgan moliyaviy operatsiyalarining maqsadga muvofiqligi, asoslanganligi, iqtisodiy samaradorligini, moliyaviy intizomga rioya etilganligini, buxgalteriya hisobi va hisoboti ma’lumotlarining ishonchliligini aniqlash uchun amalga oshiriladi. O’zbekiston Respublikasi Byudjet kodeksi Pensiya jamg’armasining byudjetini shakllantirish, tuzish, ko’rib chiqish, qabul qilish, tasdiqlash, ijro etish, davlat tomonidan mablag’ jalb qilish va byudjet to’g’risidagi qonun hujjatlari ijrosini nazorat qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishni belgilab beradi. Moliyaviy nazorat bo’yicha muhim vazifa va funktsiyalar O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi zimmasiga ham yuklatilgan. O’zbekiston Respublikasining “O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to’g’risida” 1993 yil 6 maydagi qonunining 12-moddasiga muvofiq u vazirliklar, davlat qo’mitalari, idoralar va boshqa davlat va xo’jalik boshqaruv organlari faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradi. U davlat moliyaviy nazoratini amalga oshiruvchi organlar vakolati va funktsiyalari tartibini belgilaydi. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi: byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasining byudjeti loyihasini ishlab chiqish jarayonini tashkil etadi hamda muvofiqlashtirib boradi; Pensiya jamg’armasining byudjeti loyihasini ko’rib chiqish hamda tegishli xulosa taqdim etish uchun O’zbekiston Respublikasi Hisob palatasiga yuboradi; davlat boshqaruvi organlarining Pensiya jamg’armasi byudjetini ijro etish borasidagi faoliyatini muvofiqlashtirib boradi hamda nazorat qiladi; Pensiya jamg’armasining byudjeti ijrosi to’g’risidagi hisobotlarni har chorakda ko’rib chiqadi; o’tgan moliya yili uchun Pensiya jamg’armasi byudjetining ijrosi to’g’risidagi hisobotlarni tashqi audit o’tkazish hamda baholash uchun O’zbekiston Respublikasi Hisob palatasiga yuboradi; Pensiya jamg’armasi byudjetining tegishli davrdagi ijrosi to’g’risidagi hisobotlarni tasdiqlash uchun O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga taqdim etadi; Penssiya jamg’armasi byudjeti parametrlariga o’zgartirishlar kiritish to’g’risidagi takliflarni ko’rib chiqadi. Moliya vazirligi O’zbekiston Respublikasi davlat boshqaruvi organi hisoblanadi. Moliya vazirligi respublikaning markaziy moliya-iqtisodiy organi sifatida O’zbekiston Respublikasining moliyaviy, narx siyosatini hayotga tatbiq etadi va uning butun hududida moliya, narx-navoni tashkil etish faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi. Moliya vazirligi O’zbekiston Respublikasining vazifalari va funktsiyalarini amalga oshirish uchun zarur moliyaviy negiz yaratishni, respublika byudjetini ishlab chiqish va ijro etishni, uning daromad qismi barqarorligini ta’minlashni, valyuta rejasini tuzish va ijro etishni, pul resurslaridan oqilona va tejab sarflashni ta’minlaydi. Moliya vazirligi byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasining faoliyatini to’g’ridan-to’g’ri yoki o’zi tashkil etadigan organlar orqali muvofiqlashtiradi va yo’naltiradi.
Pensiya jamg’armasi faoliyati nazoratida Moliya vazirligining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
– Pensiya jamg’armasi daromadlarining o’sishini ta’minlash;
–Pensiya jamg’armasida buxgalteriya hisobi va hisobotini tashkil etish va takomillashtirish ishlarini muvofiqlashtirish;
–fuqarolarning pensiya ta’minoti sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo’nalishlarini ishlab chiqish;
–byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasi daromadlari va xarajatlarining mutanosibligini ta’minlash;
– byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasi tomonidan unga yuklangan vazifalar va funktsiyalarning, ayniqsa pensiyalarni va boshqa tegishli to’lovlarni tayinlash va to’lashning belgilangan qoidalarini qo’llash yuzasidan bajarilishini muvofiqlashtirish va nazorat qilish.
4 –rasm. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining 2021 yil I – yarim yillik asosiy ko‘rsatkichlar parametri.
4.O’zbekiston Respublikasi sharoitida Pensiya jamg’armasi faoliyatini takomillashtirish chora tadbirlari.
Keyingi yillarda respublikamizda pensiya fondlari faoliyatini tartibga solish va rivojlantirish masalalariga katta e’tibor qaratib kelinmoqda. Xususan hukumat tomonidan tegishli qaor va farmonlar qabul qilinib amaliyotga tatbiq etib kelinmoqdaulardan biri sifatida O’zbekiston respublikasi prezidenti Sh.Mirziyoyevning PQ-5102 sonli qarorini keltirib o’tishimiz mumkin.qarordagi quyidagi ustuvor vazifalar takidlab o’tilgan:
Mamlakatimizda pensiyonerlarni ijtimoiy ko‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish, qariyalar va keksa yoshdagilarga har tomonlama g‘amxo‘rlik qilish, fuqarolarning davlat pensiyat a’minoti tizimini takomillashtirish va sohada mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda davlat pensiyalarini tayinlashda 30 turdagi hujjat talab etiladi hamda ularni taqdim etishga mas’ul 14 dan ortiq vazirlik va tashkilotlarda idoraviy axborot tizimlari, elektron resurs va ma’lumotlar bazalari mavjud emasligi qog‘oz shaklida ish yuritishdan voz kechish va hujjatlarni yig‘ish jarayonini raqamlashtirishga to‘sqinlik qilib kelmoqda.
Davlat pensiyalarini hisoblash uchun zarur ma’lumotlar elektron bazasini shakllantirish, ushbu jarayonni soddalashtirish, fuqarolarning ovoragarchiliklarini bartaraf etish, pensiya va nafaqalarni yetkazib berish tizimini yanada takomillashtirish, shuningdek, mazkur yo‘nalishda sog‘lom raqobat muhiti va zamonaviy standartlarni joriy etish maqsadida: Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining quyidagi takliflariga asosan yangilangan tartibda pensiya jamg’armasi faoliyatini ruvojlantirish ko’zda tutilgan.
a) 2022-yil 1-yanvardan boshlab:
Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tomonidan moliyalashtiriladigan pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar, kompensatsiyalar va boshqa to‘lovlarni to‘lash har uch yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha alohida o‘tkaziladigan tender asosida tanlangan tijorat banki va boshqa ixtisoslashgan tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi. Bunda, tender asosida tanlangan tijorat banki yoki boshqa ixtisoslashgan tashkilot bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq pensiya va nafaqalarni naqd pulda mahalla fuqarolar yig‘inlariga, fuqarolarning yashash manzillariga yetkazib berish majburiyati yuklatiladi.
tanlovda ishtirok etadigan tijorat banklari va boshqa ixtisoslashgan tashkilotlar tomonidan pensiya va nafaqalarni mahalla fuqarolar yig‘ini binosi yoki fuqaroning yashash manziliga yetkazib berish shartlaridan kelib chiqib, xizmat haqi differensiyalashgan tartibda pensiya va nafaqalar to‘lanadigan summaning 1 foizgacha miqdorda bo‘lishi mumkin. Bunda, pensiya va nafaqalarni yetkazib berish bilan bog‘liq xarajatlar Pensiya jamg‘armasi va respublika budjeti tomonidan to‘lab beriladi;
b) 2022-yil 1-iyuldan boshlab:
davlat pensiyalarini tayinlashda fuqarolardan mehnat staji, ish haqi, oliy ta’lim muassasalaridagi o‘qish hamda harbiy xizmat davri to‘g‘risidagi hujjatlarni talab qilish bekor qilinadi. Bunda, pensiyaga chiqish huquqi paydo bo‘lgan chog‘ida ishlamaydigan fuqarolarga o‘zlarining mehnat daftarchalaridagi mehnat staji to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Bandlikka ko‘maklashish markazlariga murojaat qilish orqali “Yagona mehnat milliy tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksiga kiritish xizmati joriy etiladi;
davlat pensiyalarini tayinlash YaMMT IDAKga kiritilgan elektron ma’lumotlar asosida amalga oshiriladi. Bunda, mehnat staji, ish haqi, oliy ta’lim muassasalaridagi o‘qish hamda harbiy xizmat davri to‘g‘risidagi hujjatlar Pensiya jamg‘armasi tomonidan YaMMT IDAKdan foydalangan holda elektron ma’lumotlar almashinuvi asosida olinadi;
davlat pensiyalarini tayinlash uchun fuqarolardan faqat pasport yoki identifikatsiya ID-kartasi talab etiladi.
2. Fuqarolarga davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lashning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Davlat pensiya ta’minoti borasida ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini zamon talablariga muvofiqlashtirish, fuqarolarga pensiya va nafaqalarni tayinlashda yuzaga keladigan ortiqcha to‘lovlarning oldini olish hamda budjet mablag‘larining maqsadli sarflanishini ta’minlash maqsadida Pensiya jamg‘armasining ijro etuvchi apparati tuzilmasi, hududiy boshqarmalari va tuman bo‘limlarining namunaviy tuzilmalari tegishli qonunlarga muvofiq tasdiqlanadi .
Pensiya jamg‘armasiga vaqtincha bo‘sh mablag‘larni tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan olingan daromadning yigirma foizini Pensiya jamg‘armasi xodimlarini ijtimoiy rivojlantirish va moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasiga yo‘naltirish huquqi berilsin.
4. Moliya vazirligi , Qurilish vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limlari binolari uchun minimal talablarni ishlab chiqish va tasdiqlash.
5. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Moliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda esa quyida keltirilgan muhim ishlarni amalga oshirish ko’zda tutilgan:
ikki oy muddatda Pensiya jamg‘armasi hududiy boshqarmalari hamda tuman (shahar) bo‘limlarini fuqarolar uchun qulay sharoitlarga ega bo‘lgan bino va inshootlarga ko‘chirish;
2022-yil 1-iyulga qadar qariyalar va keksa yoshdagilar, imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarga xizmat ko‘rsatishga moslashtirilgan Pensiya jamg‘armasining binolari bo‘yicha minimal talablarga asosan mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan har bir hududda bittadan Pensiya jamg‘armasining mavjud binolari negizida “Namunali Pensiya jamg‘armasi bo‘limi”ni tashkil etish;
2024-yilga qadar bosqichma-bosqich respublikaning barcha hududlarida Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limlari binolarini minimal talablarga moslashtirish.
6. Pensiya jamg‘armasining hududiy boshqarmalari, tuman (shahar) bo‘limlari faoliyatini saqlash va moliyalashtirish Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar budjetlarining o’z mablag’lari hisobidan amalga oshiriladi .
7. Moliya vazirligi ushbu qarorgas muvofiq o’z zimmasiga quyidagi muhim vazifalarni bajarishi kerak bo’adi:
ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish;
2021-yil davomida Markaziy bank, tegishli mas’ul vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda 2022 — 2024-yillarda hududlarda pensiyalar va nafaqalarni to‘lash bo‘yicha tijorat banklari va boshqa ixtisoslashgan tashkilotlar o‘rtasida tender o‘tkazish choralarini ko‘rish;
2022-yil 1-yanvardan boshlab Davlat budjeti parametrlarida mazkur qarorda nazarda tutilgan xarajatlarni amalga oshirish uchun zarur mablag‘larni qo’shib hisoblash ko’zda tutilgan.
Pensiya fondlari faoliyatini takomillashtirish bo’yicha keyingi muhim qadamlardan biri bu Pensiya to’lashning avtomatlashtirilgan tizmiga o’tish hisoblanadi. Bunda quyidagi asosiy chora tadbirlar amalga oshirilishi ko’zda tutilgan:
1.Pensiya yoshiga yaqin qolgan hamda nogironlik yoki boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini tayinlash uchun murojaat qilgan fuqarolarning “O‘zarxiv” agentligi yoki idoraviy arxivda mavjud hujjatlari asosida mehnat staji davridagi ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotlarini (oxirgi 10 yillik mehnat faoliyati davri 2005-yildan avvalgi davrga to‘g‘ri kelganda) “Yagona mehnat milliy tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksidan (keyingi o‘rinlarda — YaMMT IDAK) avtomatik ravishda yuborilgan elektron so‘rovga asosan “O‘zarxiv” agentligining elektron dasturi tomonidan tasdiqlangan ma’lumotlar asosida hamda idoraviy arxivlar tomonidan kiritishni joriy etish hamda shu bilan bir qatorda bugungi kunda faoliyat yuritayotgan korxonada ishlagan sobiq xodimlarning arxiv idoralariga taqdim etilmagan 2005-yilgacha ish haqi to‘g‘risida ma’lumotlarini (oxirgi 10 yillik mehnat faoliyati davri 2005-yildan avvalgi davrga to‘g‘ri kelganda) “YaMMT” IDAKdan yuborilgan so‘rovga ko‘ra tasdiqlangan ma’lumotlar asosida kiritishni joriy etish. “YaMMT” IDAKga kiritilgan xodimning tegishli mehnat staji davri uchun ish haqi to‘g‘risida ma’lumotlarini tegishli korxona va tashkilotlar tomonidan “YaMMT” IDAKga kiritilishini monitoring qilib borish hamda ijrosini ta’minlanmaganligi uchun jarima to‘lashni joriy etish.
Tashqi ishlar vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xodimlari, shuningdek, xalqaro hukumatlararo tashkilotlarga kvota qilingan lavozimlarga xizmat safariga yuborilgan shaxslarning oylik ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Davlat soliq qo‘mitasining elektron bazasidan, mehnat staji hamda ularning turmush o‘rtoqlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni YaMMT dasturi orqali olinishini joriy etish.
Pensiya yoshiga yaqin qolgan hamda nogironlik yoki boquvchini yo‘qotganlik pensiyasini tayinlash uchun murojaat qilgan fuqarolarning harbiy xizmat davrini YaMMT dasturida verifikatsiyalashni joriy etish hamda YaMMT dasturiga kiritilgan fuqarolarning baynalmilal burchni bajarishda jangovar harakatlar (Afg‘on va boshqa urushlar)da ishtirok etish davri to‘g‘risida ma’lumotlarni YaMMT dasturiga kiritish mexanizmini joriy etish. YaMMT dasturiga kiritilgan fuqarolarning oliy ta’lim muassasalaridagi o‘qish davrini tasdiqlash va undan foydalanish
Pensiya tayinlash uchun murojaat qilgan harbiylashtirilgan tizimda ishlagan xodimlarning oylik ish haqi va mehnat staji to‘g‘risidagi ma’lumotlarni YaMMT dasturiga kiritish tizimini joriy etish.Pensiya tayinlash uchun murojaat qilgan fuqarolarga byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi yoki harbiylashtirilgan tizim orqali pensiya tayinlanganligi yoki tayinlanmaganligini tasdiqlash (ha yoki yo‘q) bo‘yicha veb-servis ishlab chiqish.
Fuqarolarning oila tarkibi, jumladan qarindoshlik darajasi (er-xotin, ota-ona va farzand)ni jismoniy shaxslarning shaxsiy identifikatsiya raqami (PINFL) bo‘yicha elektron ma’lumotlar bazasini shakllantirish. Boquvchisini yo‘qotganlik va yoshga doir (ayollar) pensiya tayinlashda oila tarkibi va farzandlari to‘g‘risida ma’lumotlarni avtomatik ravishda aniqlash bo‘yicha o‘zaro elektron axborot almashinuviga o‘zgartirish kiritish.
YaMMT dasturida jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘i (JBPH) va ish haqining yakka tartibdagi reyestri ma’lumotlari asosida fuqaroning 2005-yildan keyingi davrdagi mehnat stajini verifikatsiyalash holati hamda ularning oylik ish haqi miqdorlari to‘g‘risida ma’lumotlar bilan tanishish imkoniyatini yaratish.
JBPH bir xil ochilgan, jamg‘arib boriladigan pensiya tizimiga ajratmalarning fuqarolar kesimida reyestri taqdim etilmagan yoki noto‘g‘ri taqdim etilgan holatlarni, shuningdek, fuqaro o‘zining mehnat faoliyati va ish haqidagi ma’lumotlarda tafovutni aniqlasa, ushbu xatoni ish beruvchi, AT “Xalq banki” va Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan bartaraf etish tizimini joriy etish.
Og‘ir mehnat sharoitlari bo‘yicha ish o‘rinlari attestatsiyadan o‘tkazilganligi bo‘yicha ma’lumotlarni YaMMT dasturida qayd etish tizimini joriy qilish. Imtiyozli pensiyaga chiqish huquqini beruvchi lavozimlar bo‘yicha YaMMT dasturida “ma’lumotnoma” kiritish hamda ushbu lavozimlarda ishlagan fuqarolarni dasturda qayd etish. Mehnat organlari tomonidan tuzilgan mehnatda mayiblanish va kasb kasalligi oqibatida nogironlik dalolatnomasi (N-1 akt)ning elektron bazasini yaratish.
Texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar, xodimlar soni (shtati) qisqarganligi yoxud korxonaning tugatilgani munosabati bilan ishdan ozod etilgan va ishsiz deb e’tirof etilgan xodimlarning elektron bazasini yaratish. Ishlamaydigan fuqarolarga o‘zlarining mehnat daftarchalaridagi mehnat staji to‘g‘risidagi ma’lumotlarini Bandlikka ko‘maklashish markazlariga murojaat qilish orqali YaMMT IDAKga kiritish xizmatini joriy etish.
Sog‘liqni saqlash vazirligi pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarida 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar to‘g‘risida tibbiy xulosalarning elektron axborot bazasini shakllantirish. Pensiya va nafaqa tayinlash uchun murojaat qilingan fuqarolarning yoki farzandlarining nogironligi mavjudligi to‘g‘risida ma’lumotlarni jismoniy shaxslarning shaxsiy identifikatsiya raqami asosida taqdim etish tizimini joriy etish.Fuqaro vafot etganligini sog‘liqni saqlash muassasalari, jumladan oilaviy shifokor punktlarida qayd qilish hamda “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimini Sog‘liqni saqlash vazirligining “TIEK” elektron bazasi bilan integratsiya qilish.
Jazoni ijro etish muassasalarida jazoni o‘tayotgan mahbuslarning shaxsiy identifikatsiya raqami asosida elektron umumiy bazani shakllantirish va ushbu muassasalaridagi va manzil-koloniyalarda jazoni o‘tayotgan ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan fuqarolarning ma’lumotlarini Pensiya jamg‘armasiga yuborish orqali ularning pensiya to‘lovlarini avtomatik to‘xtatish va pensiya tayinlash uchun arizalarni qabul qilish tizimini joriy etish.
Har bir pensiya va nafaqa oluvchilarni identifikatsiyalash orqali shaxsiy hisobvaraqlar ochish, pensiyalar va nafaqalar to‘lashning onlayn rejimda hisobi hamda nazoratini yuritish bo‘yicha avtomatlashtirilgan tizimini ishlab chiqish hamda tenderda g‘olib bo‘lgan tijorat banklari va boshqa ixtisoslashgan tashkilotlar (to‘lov operatorlari) tomonidan joriy etish va to‘lov operatorlari tomonidan to‘lovlarni yetkazib berish bo‘yicha kechiktirilgan xizmatlar uchun pensiya va nafaqa oluvchilarga jarima to‘lash tartibi tatbiq etish hamda pensiya va nafaqalarni to‘lash bo‘yicha ko‘rsatilayotgan xizmatlarni fuqarolar tomonidan baholab borish tizimini joriy qilish hisobiga Pensiya jamg‘armasining to‘lovlarning to‘liq hamda to‘g‘ri yetkazilishi ustidan monitoring va nazorat funksiyasini qisqartirish.
Pensiyalarni qat’iyan fuqaroning YaMMTga kiritilgan va verifikatsiyalashgan mehnat staji hamda 2005-yilgacha arxiv idoralari, 2005 — 2015-yillar uchun AT “Xalq banki”ning jamg‘arib boriladigan pensiya tizimi va 2015-yildan keyingi davr uchun Davlat soliq qo‘mitasining fuqarolarning sug‘urta badallarini yakka tartibda hisobga olishning markazlashtirilgan elektron reyestri va fuqarolar ish haqining yakka tartibdagi hisobini yuritishning markazlashtirilgan elektron reyestridagi ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotlari asosida hisoblash.
Pensiya tayinlash uchun murojaat qilgan fuqaroning mehnat faoliyati davri to‘g‘risidagi ma’lumotlar YaMMTda mavjud bo‘lmasa, Bandlikka ko‘maklashish markazlari orqali kiritishni tashkil etish. Bunda shuni yodda tutish kerakki , YaMMT dasturiga kiritilgan ish staji hamda arxiv idoralari, AT “Xalq banki” va Davlat soliq qo‘mitasining elektron ma’lumotlari asosida ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotlari tasdiqlangandan so‘ng, pensiyani qayta hisoblanadi.
Pensiyalarni tayinlash va to‘lash uchun talab etiladigan hujjatlarni ushbu “Yo‘l xaritasi”ga muvofiq bosqichma-bosqich elektron shaklga o‘tkazilishi bilan fuqarolardan tasdiqlovchi hujjat talab etilmasdan elektron ma’lumot asosida ish yuritish tizimini joriy etish. Bu ishlar bevosita tobora raqamli iqtisodiyotga o’tib borayotgan bugungi shiddatli zamonda pensiya jamg’armasi faoliyatini takomillashtirishga kata turtki beradi desak mubolag’a bo’lmaydi va o’z navbatida fuqarolarning vaqtlarini tejab ularni ortiqcha ovoragarchiliklardan qutqarishga xizmat qiladi.
Xulosa.
Ayni damda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohatlarning kuchli tomonlaridan biri uning ijtimoiy yo`naltirilganligidir.. Pensiya ta’minotining qonuniy-huquqiy asoslariga bugungi kunda bir qancha o`zgartirishlar kiritildi. Pensioner va nafaqa oluvchilarga qulayliklar yaratib berildi. Bizga ma`lumki ijtimoiy ta’minotning eng asosiy bo`g`ini pensiya ta’minoti hisoblanadi. Bugungi kunga kelib pensiya ta’minoti har qanday demokratik davlatda yashovchi insonlarning ajralmas huquqi hisoblanadi.. O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasi faoliyati yaxshi yo’lga qo’yilgan deb ayta olamiz. Jumladan, O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasi ijro etuvchi apparati jamg’arma faoliyatini boshqarishda nazorat funksiyasini to’liqligicha amalga oshirmoqda. Pensioner va nogironlarning turmush darajasi va hayot tarzi sifatini yanada oshirish hamda ijtimoiy muhofazasini mustahkamlash, davlat pensiya jamg’armasi faoliyatini barqaror rivojlantirish, maqbul ijtimoiy muhitni shakllantirish yo‘li bilan fuqarolarni kafolatlangan davlat pensiyalari bilan ta’minlash hamda bu borada joylardagi shart-sharoitlarni yaxshilash yuzasidan kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqildi, davlat pensiya jamg’armasi faoliyatida informatsion dasturlardan foydalanishning amaliy holati o’rganildi. Byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasining axborot tizimi pensiya dasturiy majmuasi, Pensiya jamg’armasining rasmiy veb sayti va ishonch telefonlari (call centre) ishlab turibdi. Ammo shuni ta’kidlab o’tish kerakki pensiya jamg’armasi faoliyatini faqat davlat tomonidan moliyalashtirish yetarli samara bermaydi. Hozirgi kunda pensiya jamg;armasini moliyalashtirishning bir vaqtning o’zida uch yo’nalish: minimal pensiyani kafolatlaydigan davlat pensiya tizimi, professional assotsiatsiya yordamida o’zining ish beruvchilariga qo’shimcha pensiyani shakllantirish yoki boshqacha qilib aytganda korporativ pensiya hamda fuqarolar imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda alohida xususiy pensiyani ta’minlash belgilangan. pensiya jamg’armasi faoliyati samarali amal qilishi uchun pensionerlar va hozirgi kunda ishlayotgan fuqarolar o’rtasida ma’lum darajada muvozanat bo’lishi lozim. Biroq, demografik prognozlar respublikada aholining keksayish jarayoni nisbatan tezlashishini va bu muvozanat o’zgarishini, ya’ni keksalarning iqtisodiy faol aholiga to’g’ri keladigan demografik yuki ortib borishini ko’rsatmoqda. Bu holat iqtisodiy faol aholidan foydalanishning samaradorlik ko’rsatkichlari bozor nuqtai nazaridan kamayishini, ya’ni ishlayotganlarning badallari pensiyalarni to’lash uchun ham etmasligini ko’rsatadi. Bu esa, o’z navbatida hozirdan pensiya jamg’armasining moliyaviy holatini yaxshilashni talab etadi . Shuni hisobga olgan holda hukumatimiz tomonidan bu sohani rivojlantirish va xususiy pensiya jamg’armalari faoliyatini yo’lga qo’yish bo’yicha amaliy ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI
1. Me’yoriy-huquqiy hujjatlar 1. O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi. O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2017-y.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi 2017-yil 7- fevraldagi PF-4947-son Farmoni. O‘zbekiston Respublika qonun hujjatlari to‘plami, 2017-y.
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida”gi 2017-yil 20-noyabrdagi PF-5245-son Farmoni.
4. Mirziyoyev Sh.M. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi. – T.: “O‘zbekiston” NMIU, 2018 y. – 68 bet.
5. Mamatov B.S. Pensiya jamg‘armasi faoliyati. O‘quv qo‘llanma. – T.: “Barkamol fayz media”, 2017. – 280 b. 24. Allayarov Sh.A., Toshmuxamedova D.A. Davlat pensiya ta’minoti. O‘quv qo‘llanma. – T.: “IQTISOD-MOLIYA”, 2015. – 248 b
6. Xaitov A., Ziyadulaev M. O‘zbekistonda pensiya ta’minoti va xorijiy tajribasi. O‘quv qo‘llanma. –T.: “Adolat”. 2009. -172 b.
7.www.mf.uz (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi rasmiy veb sayti);
8.www.lex.uz (O’zbekiston qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy ba’zasi rasmiy veb sayti);
Dostları ilə paylaş: |