Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
www.ziyouz.com kutubxonasi
279
— Menga boshqa ozor bermasalar bo‘ldi.
Bobur mulozimlari tomonga yuzlandi:
— Minba’d malikaga hech kim ozor bera ko‘rmasin, hamma uni mo‘’tabar onamizdek
ehtirom qilsin!
Mulozimlar bu topshiriqni ta’zim bilan qabul qildilar. Malika ham bosh egib,
minnatdorchilik bildirgan bo‘ldi. Ammo uning yig‘idan namlangan ko‘zlari po‘lat tig‘ning
sovuq jilosini eslatib nafrat bilan yaltirab ketganini hech kim ko‘rmadi.
Malika Bayda o‘g‘lining kushandasini kechiradigan onalardan emas. Panipatdan mudhish
xabar kelganda malika uchun osmon o‘pirilib yerga qulaganday bo‘lgan edi. U o‘g‘lini
so‘nggi marta ko‘rishni istar, uning jasadini o‘z qo‘li bilan tuproqqa qo‘yib, qabrini
quchoqlab yig‘lasa — ko‘ngli xiyol taskin topadiganga o‘xshar edi.
Shuning uchun malika
eng ishongan odamlarini Panipatga yuborib, Ibrohimning jasadini topib kelishni
buyurgan edi.
Lekin Agra bilan Panipatning orasi uch-to‘rt kunlik yo‘l. To o‘lim xabari Agraga yetib
kelguncha, so‘ng Agradan malika yuborgan odamlar Panipatga borguncha oradan bir
haftacha o‘tgan, ungacha o‘liklarning bir qismi ko‘mdirilgan, bir qismi mechkay
quzg‘unlar suyaklarigacha tozalab yeb ketgan edilar... Malika
Bayda yuborgan odamlar
sulton Ibrohimning jasadini topolmadilar, faqat jang kuni uning kallasini nayzaga
sanchib Boburga eltib ko‘rsatganlari haqida xabar topib keldilar... O‘g‘lining jasadi
qanday xor bo‘lganini eshitgan onaning qayg‘u-alamlari avvalgidan o‘n hissa oshdi. U
hatto joynamoz ustida namoz o‘qib o‘tirganda ham: «Ibrohimjon, endi bu olamda
sening qabring ham yo‘q, xudo menga jasadingni ham ko‘p ko‘rdi! — deb nola qilar: —
Ilohim, senga o‘lim keltirgan Boburning o‘zi o‘lsin, bundan ming hissa ortiq xor bo‘lib
o‘lsin!» — deb qarg‘ar edi.
Malikaning kanizlari va xizmatkorlari ko‘cha-ko‘ydan unga taskin beradigan gaplar topib
kelishardi. Boburning askarlari
yem-xashakdan qiynalib, dehqonlarning ekinlarini
otlariga yedirgan ekan, dehqonlar g‘alayon ko‘tarib, navkarlardan bir qanchasini bolta va
panshaxalar bilan urib o‘ldiribdi. Fotihlarni Hindistonning issiqlari ham juda qiynab
qo‘ygan emish. Salqin tog‘ havolariga o‘rgangan ot va odamlar bu yerning ayovsiz
issig‘iga bardosh berolmay o‘layotgan emish. Vabo va
qora bezgak ham ularning
saflarini siyraklashtirib qo‘yayotgan emish...
Malika ovozalarning qanchalik rostligini Bobur saroyida xizmatda yurgan nevarasi
Bahodirdan surishtirib bilmoqchi bo‘ldi. Bahodir hafta-o‘n kunda kelavermagach, malika
«uni saroydan chiqarishmasa kerak», deb o‘yladi-yu, kanizini podshoh mahkamasiga
yubordi. «Men betobman,
nevaramga ruxsat bersinlar, meni kelib ko‘rib ketsin», degan
ma’noda maktub yubordi.
O‘n yetti yoshli Bahodir forschani va sanskritni yaxshi bilar, Bobur uchun zarur bo‘lgan
ba’zi hujjatlarni tarjima qilar edi. Saroyda boshqa tarjimonlar ham bor edi. Bahodirga
ko‘p ish buyurishmas edi-yu, lekin uni o‘zicha erkin ham qo‘yishmasdi. Bobur uni qattiq
qo‘riqlab yurishni buyurgan edi. Bu qo‘riqchilar Bahodirni tashqi
xatarlardan ehtiyot qilib
yurganday ko‘rinsalar ham, aslida ular shahzodani «Ibrohim tarafdorlari tomondan
uyushtirilishi mumkin bo‘lgan biron fitnaga bosh qo‘shmasin» deb sinchiklab
kuzatishardi. Shu sababli Bahodirni saroydan ko‘p chiqarishmasdi.
Biroq eshik og‘a Muhammad Do‘lday malika Baydaning «Kasalman, nevaram kelib
ketsin» degan mazmundagi xatini olgach, Boburning «Malikani mo‘’tabar onamizday
ehtirom qiling» degan buyrug‘ini esladi-yu, Bahodirga javob berdi.
Faqat uning yoniga
avvalgidan ikki barobar ko‘proq navkar qo‘shdi-da, shu bugunoq qaytib kelishni
tayinladi.
Nevarasi kelganda malika Bayda daryo bo‘yidagi marmar ko‘shkning nimqorong‘i ichki