Paxsa — loy devor yoki uning qavati. Oʻrta Osiyo meʼmorligida qadimdan maʼlum. Qadimda baʼzi shaharlarning devorlari, qalʼa qoʻrgʻonlari PAXSAdan ishlangan. Ular mudofaa ahamiyatiga ega boʻlganligi sababli juda mustahkam qurilgan. Shahar devorlarining ikki chekkasi PAXSAdan koʻtarilib, oʻrtasi tuproq bilan toʻldirilgan (Teshik qalʼa, Qoʻyqirilgan qalʼa, Tuproq qalʼa va boshqalar). Dastlab PAXSA qamish yoki yogʻoch poydevor (tirnoq) ustiga urilgan. Hozir PAXSA devorlar beton, pishiq gʻisht yoki tosh poydevor ustiga qoʻyiladi. PAXSA uchun tuproq poydevor atrofidan olinishi yoki boshqa joydan keltirilishi ham mumkin. Odatda, soz tuproqqa suv urilib, loy qoriladi. Loy tepkilab (baʼzan ot bilan bostirilib) pishitiladi. Ketmon yoki bel bilan ikki-uch marta agdarib pishitib meʼyoriga yetkaziladi. Loykash pishitilgan loyni maxsus bel—kapcha bilan kesib, peshmon (usta)ga otadi. Peshmon loyni ilib olib kuch bilan boʻlajak devor oʻrniga urib boradi. Oddiy imo-rat qurishda bir PAXSAning balandligi 60 sm dan 1 m gacha, qalinligi 40—60 sm boʻladi. Devor selgigach, usta tarash kapcha (yassi bel) bilan devor yuzasini tekislaydi, gultarash bilan unga pardoz beradi, baʼzan naqshlar ham oʻyadi. 1-PAXSA maʼlum da-rajada qurigach, peshmon uning ustiga chiqib, 2qavat PAXSAni ura boshlaydi. Shu tariqa devor 3—4 (ayrim hollarda 5— 6) PAXSAdan iborat boʻlgan. Oʻrta Osiyoda xususiy uylar qurishda PAXSAdan hozir ham foydalanilmoqda.