Mazkur turkumga "Gyaur" (1813), "Abidos kelinchagi" (1813), "Korsar" (1814), "Lara" (1814), "Korinf qamali", "Parizod" (1816) kabi dostonlar kiradi. Bayronning parlamentdagi dadil chiqishlari hamda siyosiy qarashlari uchun reaksion-romantizm vakillari o'ch olish rejasini tuzib qo'ygan edi. Ayniqsa, Bayronning o'z xotini bilan bo'lib o'tgan mojarolaridan reaksion guruhlar o'z maqsadlari yo'lida foydalanmoqchi bo'ladilar.
Bayronga qarshi har qanday kuchlarni ishga soladilar. Matbuotda Bayron sha'niga mos kelmaydigan turli bo'hton axbortlar tarqatiladi. Shoir vatanini tark etishga majbur bo'ladi. 1816-yil 26-aprelda Bayron Angliyadan chiqib ketadi. Bayron 1816-yil yozida Shvetsariyada boʻlishi, uning ruhiy tushkunlik davriga to'g'ri keldi. Bu ruhiy tushkunlik bir tomondan Vatandan ajralish boʻlsa, ikkinchi tomondan oilaviy bo'lib o'tgan ko'ngilsizliklar edi.
U bu davr haqida «Mening qalbim qayg'uga tutqun bo'lsa ham, ammo qayg'uning quli emas» deydi. Bayron romantizmidagi qarama-qarshiliklar bevosita shoirning Vatandan judolik, xalq ozodlik harakatidan ajralib qolishi, shaxsiy hayotidagi fojialar bilan bevosita bog'liqdir. Shu yili xalq qahramoni Bonivar jasoratiga bag'ishlangan "Shilon tutquni" dostonini yozadi.
Asar yolg'iz isyonkor shaxs qiyofasini aks ettirishga bag'ishlangan edi. Bu doston Bayronning Shilon qal'asiga borganidagi taassurotlari asosida yozilgan edi. Shilon qal'asi Jeneva ko'lida joylashgan bo'lib, bu yerda 1530-1535-yillarda respublikachi, Shvetsariyaning mustaqilligi uchun tolmas kurashchi Fransua Bonivar qamoqda saqlangan. U gersog Savatskiy buyrug'i bilan qamoqqa olingan edi.
Shoir 1817-1823-yillarda Italiyada yashadi. Bu davrda yaratilgan "Tasso shikoyati" (1817), "Mazepa" (1818) dostonlari, "Manfred" (1817), "Kain" (1821) dramalarida kishilarni adolatsizlikka qarshi kurashga chaqiradi. Bu asarlarda "Olam va Odam muammosi" markaziy masala sifatida qo'yilgan va yuksak badiiyat bilan hal qilingan. Bayron «Manfred» (1817) dostonida isyonkor shaxs obrazini aks ettirishni maqsad qilib qo'yadi.