Kesma harflar bilan ishlash. Bolalarga kesma harflardan bo‘g‘in tuzdiriladi va o‘qitiladi. Tuzilgan bo‘g‘inlardan yoki bo‘g‘inli kartochkalardan bir nechta so‘z tuzdirilib, o‘qitiladi, ulardan birining bo‘g‘in-tovush tahlili o‘tkaziladi: don, do‘l, do-ri, da-la, O-dil, du-tor. Mashg‘ulotga faol qatnashgan bolalar rahbatlantiriladi.
II BOB. BOSHLANG’ICH SINFDA BOLALARNI SAVODGA O’RGATISHNING ILMIY-METODOLOGIK ASOSLARI 2.1-§. Savod o’rgatish metodikasi tarixi va uning qiyosiytanqidiy tahlili Maktabda o’qitish elementar o’qish va yozishga o’rgatishdan boshlanadi. “Alifbe”ga asoslangan holda qisqa muddatda o’quvchilar o’qish, yozishga o’rgatiladi, so’ng o’qish va yozish ko’nikmasi takomillashtiriladi, bora-bora malakaga aylantiriladi. O’qish va yozish malakasi nutqqa oid malaka. O’qish va yozish malakasi nutq faoliyatining boshqa turlari bilan ham bog’liq. Malakaning shakllanishi uchun bir faoliyat bir necha marta takrorlanishi mumkin. O’zbek tili yozuvi - tovush yozuvi. Yozuvda o’quvchi tovushni harfga, o’qishda esa harfni tovushga aylantirishdek murakkab aqliy faoliyatni bajaradi. Bu faoliyat doimiy ravishda yuz berishini nazarda tutib, o’qish va yozish parallel olib boriladi. O’zbek tili yozuvi - fonematik yozuv. O’zbek tili yozuvi uchun 1993-yil lotin grafikasi asos qilib olindi. Nutqning har tovushi uchun yozuv unga mos shakl qabul qilindi. O’qituvchi savod o’rgatish jarayonida o’quvchilarga tovushlar haqida ma’lumot berishda o’zbek tilining fonetik xususiyatlarini hisobga olishi zarur. Savod o’rgatish analitik-sintetik tovush metodida olib boriladi. So’z bo’g’inga ajratiladi, bo’g’indan kerakli - o’rganilayotgan tovush ajratilib olinadi, tahlil qilinadi, o’rganilgan harf bilan sintezlanadi. Hozirgi o’zbek tili unlilar sistemasi: a) o, u, o’, e, i, a. Savod o’rgatishda tovushharf bilan tanishtirish unlilardan boshlanadi. E - harfi so’z va bo’g’in boshida o’rta keng lablanmagan unli o’rnida va undoshdan keyin yoziladi: Savod o’rgatishda oldin so’z boshida keladigan e, so’ng undoshdan keyin keladigan e o’rgatiladi. O harfi o’zbekcha, umumturkiy so’zlarda quyi keng, lablangan o tovushini ifodalaydi. Ruscha - internatsional so’zlarda urg’usiz bo’g’inda a tarzida (kalxoz), o’ tovushi kabi (to’nna), qisqa i tarzida (rektir) talaffuz qilinadi. Shuning uchun bu unlili so’zlar savod o’rgatish davridan so’ng o’quv jarayoniga kiritiladi. O’zbek tilida 24 undosh tovush bor. SHulardan 3 tasi harf birikmasi. 24 undosh tovush 23 undosh harf bilan belgilanadi. Undoshlarni o’rgatishda ham muayyan tartibga, talabga asoslanadi. Alifbo davri sonor - ovozli (ovozdor) tovushlarni o’rgatishdan boshlanadi. Lekin ng sonor undoshi n va g undoshi tovush harfi bilan tanishtirilgach o’rgatiladi. Harf birikmalarini o’rgatishdagi qiyinchilik hisobga olingan holda ular alifbe davrining oxirrog’ida o’rganiladi. J harfi ikki tovushni ifodalaydi, shuni hisobga olib, unga alohida darslar ajratiladi. Savod o’rgatish jarayonidayoq harfning 4 xil varianti (bosma, yozma, bosh va kichik)ning ishlatilishi o’rgatiladi. O’quvchilarni o’qishga o’rgatish bo’g’in asosida olib boriladi. O’qishning dastlabki bosqichida orfografik o’qishdan foydalanilsa sekin-asta orfoepik o’qish ko’nikmalari shakllantiriladi. Bo’g’inlab o’qishga o’rgatish uchun so’zni bo’g’inga bo’lish, bo’g’in hosil qiluvchi tovushni aniqlash, ochiq-yopiq bo’g’inlarni farqlashga o’rgatish muhim sanaladi. O’qish ham yozish ham murakkab nutq faoliyati. U kichik yoshdagi o’quvchidan iroda, aql, hatto jismoniy harakatni ham talab qiladi. Kichik yoshdagi o’quvchini o’qishga o’rgatishda quyidagilar kuzatiladi: 1.Bola o’qish paytida bitta harfni ko’radi, uni bilish uchun oldingi ko’z oldiga keltirilgan rasmlarni yo boshqa harflarni eslaydi, esga tushirgach, uni aytishga oshiqadi, biroq o’qituvchi aytishga yo’l qo’ymaydi, ikkinchi harfni eslab qo’shguncha birinchisi esdan ko’tariladi, yoki ularni qo’shib bo’g’in, bo’g’indan so’z hosil qilguncha o’qish jarayoni sustlashadi. 2.Ko’pincha bola o’qiyotgan qatorni yo’qotib qo’yadi, harfni, bo’g’inni, so’zni qayta o’qishga to’g’ri keladi. O’quvchining diqqati kengaygan sari bo’g’in va so’zni butunicha idrok eta boshlaydi. 3.O’qishni endi o’rganayotgan bola o’qiyotgan matn mazmunini o’zlashtirmaydi, chunki so’zni qanday o’qishga kuch beradi-da, so’z ma’nosiga e’tibor bermaydi. Darslikdagi rasmlar, o’qituvchining savollari, ko’rgazmali qurollar ongli o’qishlarini ta’minlaydi. 4.Tajribasiz kitobxon so’zni birinchi bo’g’iniga yoki rasmga qarab topadi. Bu xato o’qishga olib keladi. Bu xatoning oldini olish uchun so’z bo’g’inlab o’qitiladi, so’zni bo’g’in-tovush tomondan tahlil qilishga, tovush-harf tomondan analiz va sintez qilishga diqqat qaratiladi. O’qishni muvaffaqiyatli egallashlari uchun o’quvchilarning idroki, xotirasi, tafakkurini va nutqini o’stirishga katta e’tibor berish kerak.Savod o’rgatishda fonematik eshitish qobiliyatlarini o’stirish, to’g’ri va aniq talaffuz qilishga o’rgatish, tovushni ajratish ko’nikmasini o’stirish muhim sanaladi. Yozuvga o’rgatish o’quvchilar ruchkani to’g’ri ushlash, daftarni to’g’ri qo’yish, harfni yozishda yozuv chiziqlari e’tibor bilan boshlanadi. Ular bo’ylab qo’lni harakatlantirishni esda saqlashi, harfni harfga ulashi, qatorga sig’ish-sig’masligi mo’ljallanishi lozim. Bular o’quvchini aqliy va jismonan charchatadi, ayniqsa, barmoq va yelka muskullari charchaydi, bular darsda ikki-uch marta fizkultura mashqlarini o’tkazishni taqozo qiladi. Eski maktabda o’qish bilan yozish bir vaqtda o’rgatilmagan, avval faqat o’qish o’rgatilgan. O’qish hijo (bo’g’in) usuli bilan o’rgatilgan. O’qishga o’rgatishning - “hijjai qadimiy” deb atalgan usuli asarlar davomida hech qanday o’zgarishsiz davom etib kelgan. Hijo usulida o’qishga o’rgatishni 3 bosqichga bo’lish mumkin. 1-bosqich.Harflarning nomini yodlatish (harfiy metod). Bu metodning mohiyati asosan quyidagilardan iborat: bir necha yildan beri o’qiyotgan bolalar maktab xonaga yangi kelgan bolaga bir necha kichik-kichik surani og’zaki yodlatgan. Bola aytayotgan suradagi so’zlarining ma’nosini tushunmay, ularni birin-ketin yodlab olgan, bu orada taxminan bir yilga yaqin vaqt o’tgan. SHundan keyin arab alfaviti yodlatila boshlagan; bola uyida har ikki tomoni randalanib silliqlangan maxsus taxta olib kelgan. Maktabdor taxtaning bir tomoniga qora siyoh bilan 28 ta arabcha harfning yolg’iz shaklini alfavit tartibida bandlarga bo’lib yozib bergan. Maktabdor birinchi banddagi harflarning nomini alif, be, te, se deb aytgan; bola domlaga ergashib takrorlagan; ayta olmasa, domla Yana aytgan va shuni yaxshilab o’rganishni vazifa qilib topshirgan. Bola birinchi bandni yodlab olgach, ikkinchi bandni shu tariqa yodlagan va h. Bolalar 26 harf nomini 5-6 oyda zo’rg’a bilib olganlar. Ular harflarning nomini yodlab olsalar ham, qaysisi be, qaysisi se ekanini ko’rsatib bera olmaganlar. Ayrim domlalar, otinoyilar yosh bolalarning eslab qolishiga yordam berish maqsadida har bir harf uchun shartli iboralar o’ylab topganlar (- uzunchoqqina alif, bittagina be, - ikkitagina te, uchtagina se kabi). 2-bosqich.Bo’g’in hosil qilish. Harflar nomi yodlab bo’lingach, bo’g’in hosil qilishga, ya’ni - “zeru-zabar”ni o’rgatishga o’tilgan. Eski maktabda - “zeru-zabar” (zabar, zer, pesh) har xil o’rgatilgan. Masalan, ba’zi domlalar (be, zabar-be), (be-zerbi), (be-pesh-bu), (te-zabar-ta), h. kabi o’rgatsalar, boshqa ba’zilari be, ba, te, zabar, ta,...kabi Yana boshqalari: be, zabar-a; zer-i, pesh-u; te-zabar-a; zer-i, pesh-u... deb o’rgatadilar va h. Maktabxonada - “zeru-zabar” quruq yodlatilgan, nimaga xizmat qilishi aytilmagan. Aslida esa bu belgilarni ma’lum xizmati bor: zabar (fatha)-undosh harf ustidagi urg’u belgisiga o’xshash chiziqcha bo’lib, undoshga a unli tovushini qo’shib aytish zarurligini ko’rsatadi. Zer (kasra) undosh harf ostidagi chiziqcha bo’lib, shu undoshga i unli tovushini qo’shib aytish kerakligini bildiradi. Pesh (zamma) esa undosh harf ustiga qo’yiladigan belgi bo’lib, shu undosh tovushga u unlisini qo’shib aytish zarurligini ko’rsatadi. Demak, arabcha matnlarni o’qish uchun - “zeru zabar”ni bilish juda zarur bo’lgan, ammo o’qishga o’rgatish anglab o’qishga asoslanmagani uchun, bolalar mim zabar ma, mim, zer mi, mim pesh, mu deb yodlaganlar. - “zeruzabar”ning mohiyatini anglamaganlar. 3-bosqich. Bo’g’inlarni qo’shish. Eski maktabda bo’g’inlarni qo’shish - “abjad” bilan boshlangan. Maktabdor taxtaning ikkinchi tomoniga arab tili alfavitidagi 28 ta harf nomlangan 8 so’zni -“zeru-zabar” bilan yozib bergan. Bolalar bu 8 ta so’zni birin- ketin hijo usulida o’qib yodlab olganlar. Masalan, abjad o’zi alifbega zabar qo’yib, be ga urishtirilsa, ab; jim ga zabar qo’yib, dolga urishtirilsa, jad: bularning ikkisidan abjad hosil bo’lgan kabi. Abjaddan keyin eski maktab o’quv kitobi bo’lgan. - “Haftiyak” ka o’tilgan. - “Haftiyak” dagi suralar ham - “Abjad”dagi kabi hijo usulida o’qitilgan. Bolalar - “Haftiyak”ning bir betini hijo usulida o’qish uchun juda ko’p vaqt va kuch sarflaganlar. So’zni hijo usulida o’qishda avval so’zdagi birinchi undosh harfning nomini, keyin ikkinchi undosh harfning nomini aytib, unga zarur harakatni qo’yib, hijo hosil qilingan; shu usulda navbatdagi harflardan ham hijo hosil qilinib, keyin hijolarni birbiriga qo’shib, bu so’z bir butunicha aytilgan. So’zni hijo usulida o’qishda tovush emas, balki shu tovushni ifodalovchi harfning nomi asos qilib olingan; so’zni tovush jixatidan tahlil qilishga oid hech qanday ish qilinmagan, tovushlarning qo’shilishi bolalarga tushunarli bo’lmagan, bolalar so’zidagi har bir harf ma’lum bir tovushni bildirishini mutloqo anglamaganlar. Hijo usulida o’qishga o’rgatish, birinchidan, mexanik ravishda bo’lib, ayni bir narsani qayta-qayta aytishga majbur qilingan, ikkinchidan, bola o’zi aytgan so’zining ma’nosini tushunmay, maktabdordan eshitganini takrorlay bergan. -“Haftiyak”ning keyingi ayrim suralari so’zni yaxlit -“o’qish” usulida olib borilgan, aniqrog’i bola o’qimagan, eshitganini to’tiqush kabi yodlagan. Natijada bolalar maktabxonada o’qiganlarini o’zi o’qib yurgan kitobidan -o’qib bergan”, ammo ularning qo’liga maktabda o’qilmagan boshqa bir kitob berilsa, uni o’qiy olmagan; eski maktabda 6-10 yil muntazam o’qigan bolalarning juda ko’p deganda 4- 5 foizigina o’qish va yozish ko’nikmasini hosil qilgan. Turkistonda ochilgan rus-tuzem maktablari savod o’rgatishda ma’lum darajada ijobiy rol o’ynadi. Rus-tuzem maktablarining o’zbekcha sinflarida o’zbekcha xatsavod o’rgatish metodi 1900-yildan boshlab asta-sekin isloh qilindi. Hijo metodidan tovush metodiga o’tildi. 1900-yillardan rus-tuzem maktabi o’zbekcha sinflarining peshqadam muallimlari tovush metodi asosida tuzilgan tatarcha alifbedan foydalanganlar. Bu kitobning tili va mazmuni o’zbekcha sinflarga mos kelmasdi. 1902-yilda Saidrasul Saidazizovning tovush metodi talabiga muvofiq tuzilgan ona tili alifbesi -“Ustodi avval” nashr etildi. -“Ustodi avval” nashr qilingandan keyin o’zbekcha xat savod o’ragatishda Yangi davr boshlandi. Tovush metodi savod o’rgatishning eski usulidan tamomila farq qilib, o’qitishni osonlashtirdi, ta’limni bola tushunadigan, anglaydigan ta’limga, aktiv ta’limga aylantirdi. -“Ustodi avval” 3 bo’limdan iborat: 1- bo’lim, hozirgi atama bilan ataganimizda, alifbe davridir. Muallif bu bo’limda arab alfavitidagi harflarni alfavit tartibida emas, balki harf orqali ifodalangan tovushning talaffuzi oson-qiyinligini harflarning yozilishi sodda yoki murakkabligini e’tiborga olgan. Muallif har bir harfning yozuvda bir necha xil shaklda kelishi xat savod o’rgatishni qiyinlashtirishini hisobga olgan; alifbe davrining boshida deyarli har doim bir xil shaklda qo’llanadigan harflarni bergan. Shakli, yozilish o’rniga qarab turlicha bo’ladigan harflarning so’z boshida, so’z o’rtasida, so’z oxirida va alohida yozilish shaklini berib, ularga mos misollar keltirgan. Masalan, q harfini tanitish uchun qor, uyqu, oq so’zlarini, g’ harfini tanitish uchun g’or, uyg’oq, tog’ so’zlarini tanlagan. Avtor soddadan murakkabga tamoyiliga amal qilib, alifbe davrini asta-sekin murakkablashtira borgan. Kitobning alifbe qismiga asosan, o’zbek tilining lug’at sostavidagi harflardan tanlab olgan. -“Ustodi avval”ning 2-bo’limi alifbedan keyingi davrdir. Bu bo’limda hikoya, masal va 50 maqola berilgan. Ularning ayrimlarida bilim targ’ib qilinsa, boshqalari tarbiyaviy mazmunda. S.Saidazizov kitobining 3-bo’limini -“Alifboi qur’on” deb atagan va o’z oldiga bolalarga -“Qur’on”ni tushunib olishga o’rgatishni maqsad qilib qo’ygan. Umuman tovush metodi Markaziy Osiyoga ikki manbadan kelgan. Rus-tuzem maktablari ruscha sinflarida xat-savod tovush metodi bilan o’rgatilar edi. O’zbekcha sinf muallimlari tovush metodi oson va qulayligini amalda o’z ko’zlari bilan ko’rdilar va ular rus o’qituvchilariga taqlid qilib, asta-sekin tovush metodini o’z sinflariga tatbiq eta boshladilar. 2. XIX asrning oxiridan boshlab ichki Rossiyadan Markaziy maktabga kelgan tatar muallimlari tovush metodida xat-savod o’rgata boshlagan edilar, oradan ko’p o’tmay, bir qancha mahalliy muallimlar ham tatar muallimlariga taqlid qilib, Yangi maktablar ochdi-da, bolalarga xat-savodni tovush metodida o’rgata boshladi. Shunday qilib, O’rta Osiyoda tovush metodi asta-sekin hijo metodining o’rnini ola boshladi. Ma’lumki, tovush metodi bilan xat-savod o’rgatishga Rossiyada K.D.Ushinskiy asos solib, u sintetik tovush metodini qat’iy himoya qilgan edi. Tovush metodi bilan savod o’rgatilganda, so’zning eng kichik bo’lagi, ya’ni nutq tovushlari asos qilib olinadi. So’zning ma’nosi o’zgartira oluvchi har bir tovush yozuvda harf orqali ifodalanishi: so’zda tovushlar almashishi, ortishi yoki kamayishi natijasida boshqa bir Yangi so’z hosil bo’lishi mumkinligi bolalar ongiga etkaziladi. Keyingi yillarda ham xat-savod tovush metodida o’rgatilmoqda. Atoqli metodistlar (S.P.Redazubov, A.I.Voskresenskaya, K.Qosimova, Y.Abdullayev, O.Sharafiddinov) tovush metodida xat-savod o’rgatishni takomillashtirdilar. Arab alfavitida yozuvni o’rgatish qiyin edi. Arab alfavitidagi harflar so’zda qo’llanish o’rniga qarab, har xil shaklda yozilgan, bu yozishni o’rganishni qiyinlashtirgan. Shuning uchun ko’p maktablarda bolalarga o’qish o’rgatilib, yozuv o’rgatilmagan, chunki domla va otinoyilarning ko’pchiligi o’qishni bilgan, lekin yozishni bilmagan. Eski maktabda yozish chiziqsiz, tekis oq qog’ozga dastlab yo’g’onroq savag’ich qalamda o’rgatilgan; bolalar yozishni ozroq o’rganganlaridan keyin qamish qalamda ham yozishgan. Ularga ruchkada yozishga ruxsat etilmagan. Yozishni o’rgatish alfavit tartibida harflarning alohida-alohida shaklini yozdirishdan boshlangan. Avval alifni yozish o’rgatilgan, keyin o’xshash shaklli harflar bandlarga bo’linib, o’xshash unsuri bo’lmaganlari esa ayrim-ayrim yozdirilgan. Ayrim domlalar ba’zi harflarning elementlarini yozishni ham alohida mashq qildirganlar. Ayrim-ayrim harflarni nusxaga qarab alfavit tartibida katta-katta qilib yozish, mufradot (salhad) deyilgan; bunday yozish bir ikki yilga cho’zilgan. SHundan keyin harflarni bir-biriga qo’shib yozish mashqi boshlangan. Bu mashqni murakkabbot deyilgan. Harflarni bir-biriga qo’shib yozish mashqi bir necha bosqichga bo’linib, harf birikmalarining ma’no anglatish anglatmasligi umuman, e’tiborga olinmagan. Qanday qo’shilishi mashq qilinavergan. Ko’pgina eski maktablarda bunday mashq - “abjad yozish” bilan tugallangan. Murakkabbotdan keyin bayt, qit’a va ruboiylarni ko’chirib yozish mashqi boshlangan. Bu mashqni muqattaot deyilgan. Bu mashqqa ham juda ko’p vaqt sarflangan: u ma’noli so’zlarni yozish bilan boshlanib, duoyi salom (insho) yozish bilan tugallangan. Yozuvni o’rgatish va xusnixat mashq qildirishda -“Mufradot” kitobidan foydalanilgan. Bu kitobchada har uchala mashq turi, ba’zi nashrlarda esa insho namunalari berilgan. Eski maktablarda yozuvga o’rgatishning birdan bir yo’li ko’chirib yozuv-nusxa ko’chirish bo’lgan. Natijada bolada yozma nutq ko’nikmasi hosil qilinmagan. Bu mashq bolani juda zeriktirgan. Hech o’ylamasdan yozishga odatlantirilgan. Maktabxonada ijodiy ko’chirib yozuv mashqlarining, shuningdek, boshqa usullarning qo’llanmaganligi orqasida bola chiroyli ko’chirib yozish ko’nikmasini hosil qilgan bo’lsa ham, ammo o’z fikrini yozma ifoda qila olmagan, eng oddiy jumlalarni ham juda ko’p xato qilib zo’r-bazo’r yozgan. Eski maktablarda, madrasalarda o’zbek tili o’qitilmagan, natijada eski maktab bolalarigina emas, hatto madrasada bir necha yil umr o’tkazgan ba’zi bolalar ham o’z ismini to’g’ri yozishni bilmaganlar. Arabchada to’g’ri, chiroyli yozuvga o’rgatish uchun xivalik shoir Shermuhamad Avazbey o’g’li Munisning (1778-1829) - “Savodi ta’lim” kitobidan foydalanildi. Rus-tuzem maktablarida o’qish va yozishga o’rgatish, odatda, bir vaqtda boshlanib, bir-biriga bog’lab olib borilgan; har kuni avval o’qish, keyin yozuv darsi bo’lgan; o’qish va yozish onglilik tamoyili asosida o’rgatilgan; bolalar qaysi tovush bo’g’in, so’z yoki gapni o’qiyotgan yoki yozayotganini aniq tasavvur qilgan, ma’nosiga tushungan, arabcha harfning yolg’iz shaklini yoki so’zda qo’llanish o’rniga qarab kasb qiladigan shaklini, yoxud biror harfning elementini yozayotganligini ongli ravishda bilgan. Rus-tuzem maktablarining o’zbekcha sinfida ko’chirib yozishga va diktantga ko’p vaqt sarf etilgan. Ulardan tashqari, insho (turli tilxat, duoi salom va savdo ishiga oid har xil xatlar) yozishga o’rgatilgan.