BOY.Xush keldilar, taqsir.
DOMULLA. Salomat, salomat (qo‘lini ko‘ksiga qilib). BOY. Xayrullo! Choy va la’li keltur.
XAYRULLO. Xo‘sh! (Choy va la’li keltirar, choy suzar, alar tanavvul aylar, Toshmurod kirar, salomsiz, beadabona). TOSHMUROD. Ota, tomoshag‘a boraman, pul bering.
BOY. O‘g‘lim, kim ila borasan?
TOSHMUROD. Tursun akam ila.
BOY(kissasidan pul berib). Albatta, vaqtli kelinglar va yomon yerlarga bormanglar.
TOSHMUROD. Xayr, xayr, hov ko‘p gapura(r)siz-da (chiqib ketar. Domulla boy va Toshmurodg‘a badbinona boqib, boshini solar). BOY. So‘zlashib o‘lturing, taqsir.
DOMULLA. Xo‘b, xo‘b, boyvachcha katta bo‘lubdur, Xudo umr bersin, usuli jadida maktabigami o‘qiydur, yoinki eski maktabga?
BOY. Ikkisiga ham bormaydur.
DOMULLA. O‘z hovlingizda o‘qutaturg‘onsiz?
BOY. Yo‘q, yo‘q. Men o‘g‘lumni o‘qutmoqg‘a o‘ylaganim yo‘q.
DOMULLA. Ajoyib, sabab nedurki, o‘qutmaysuz? Vaholanki, o‘qumoq qarz va ilm sababi izzati dunyo va sharofati oxiratdur.
BOY. Mani xayolimg‘a dunyoning sababi, izzati — boylik. Oxiratga bo‘lsa, Xudoning qilgan taqdiri bo‘lur. Chunonchi, biz ko‘ramizki, odamlar boyni mullodan ziyoda izzat qiladurlar. Xususan, mana, banklar ko‘paydi. Katta boylar chilen bo‘lub, har kim chilenlarni izzat qilur, hatto, ishi tushaturg‘onlar chilen molini qimmat olur, azbaski, chilen iltifotiga olmagan odamlarga banklar pul bermaydurki, so‘ngra muomiladorlar sinib, mayda-mayda bo‘lur, bildingizmi?
DOMULLA. Bu so‘zlaringiz hozirgi zamonaga ma’qul, lekin chilen va boylarni izzatlari vaqtincha va xalqni ko‘zi ochilgunchadir. Holbuki, alarni ishi tushganlar izzat qilur, mulloni bo‘lsa, barcha xalq izzat qilur, ya’ni mulloni ilmi izzat qilinadur.
BOY. Bizni ham boyligimiz izzat qilinadur, hatto, musulmonlar nari tursun, o‘rus va armanlar-da izzat qilur.