Pahlavon Muhammad Kushtigir davr varzish (sport - S.G’.)i soqolida yengilmas pahlavon, musiqiy ilmda tengi yo’q bu siymo Navoiyga ota o’rnida bo’lgan. U yaratgan dilkash naqshlar (yoqimli kuy, ashulalar - S.G’.), amallar (ohang - S.G’), qavllar (go’zal, musiqabop she’r - S.G’.) hamda ularni ijro etish san’atini Navoiy ta’rif qiladi. Pahlavonning “Chahorgoh”, “Segoh”, “Panjgoh” kuylari Xurosondan Iroqqacha mashhur bo’lib, shu yurtlarda sevib ijro etilgan ekan.
Navoiy Pahlavonning hazilga moyilligi haqida o’zining “Holoti Pahlavon Muhammad” asarida maroqli bir lavha beradi. Unda Nasimiy va Lutfiy ijodlarining mohiyati yodga olingan.
“Soqiynoma” da ham Pahlavon vafoti Navoiy uchun og’ir yo’qotish bo’lganligi, barcha hamdamlar ichida sirdosh, hamdardidan ayrilgani chuqur qayg’uli so’zlarda aks etgan, shu parchani marsiya ham deyish mumkin.
Mir Atoulloh– Amir Burhonuddin Ataulloh Mahmud Husayniy Nishopurdan, Hirotga tahsil uchun kelgan. She’r va muammo va badiiy san’atlarda mahorat paydo qildi. “Badoe’i Atoiy” nomli devoni bor (shoirning o’zi uni “Badoe’ ul-sanoe’” deb nomlagan - S.G’.). Xondamir ma’lumotiga ko’ra Atoulloh umri oxirlarida ramad (ko’z og’rig’i - S.G’.) kasali bilan xastalangan va ko’r bo’lib qolgan. Navoiy shoirning “Maqlubi mustaviy” (arab alifbosida yozilgan ongdan ham, chapdan ham bir xil o’qiladigan ibora yoki she’r san’ati - S.G’.)lari haqida so’zlab, uning bu san’atda ustod bo’lganini aytadi. Ataulloh “Ixlosiya”, “Sultoniya” madrasalarida mudarrislik qilgan. Atoulloh asari haqida Navoiy “Ma’lum emaskim, bu fanda hargez hech kishi ancha jam’ va mufid (foydali - S. G’.) kitob bitmish bo’lg’ay”, deb yozgan. “Badoe’ us-sanoe”ni 1971 yil Dushanbeda R. Musulmonqulov so’zboshi, izoh va lug’at bilan, 1981 yil Toshkentda A. Rustamov o’zbek tiliga tarjima qilib nashr qildi.