Mavlono Husayn Vo’iz (vafoti 1505) – Husayn bin Ali Bayhaqiy Sabzavoriy Voiz, laqabi Kamoluddin. Navoiy “shoir taxallusi “Koshifiy” dir deb ta’riflaydi. Uning va’z, insho, nujum sohalarida mashhur asarlari bor. Jumladan, “Javohir ut-tafsir” (“Al-Baqara surasi sharhi”), deb yozadi. Xondamir Koshifiy haftaninig har bir kuni qayerda va’z aytganini va Kamoluddin Husayn qalamiga “Javohir ut-tafsir”, “Mavohibi aliya”, “Ravzat ush-shuhoda”, “Anvori Suhayliy”, “Mahzan ul-insho” kabi asarlar mansubligini yozgan. Manbalarda Koshifiy “Oyinai Iskandariy”ni forsiyda bitgani aytiladi (bu asarni “Jomu jam” ham deyiladi), “Axloqi Muhsiniy”, “Al-Arba’un”, “Asrori Qosim”, “Badoe’ ul-afkor” (she’riy san’atlar haqida), “Tuhfat ul-uslub”, “Jome’ us-sittin” (“Yusuf” surasi tafsiri), “Ravzat ush-shuhoda”, “Sab’ai Koshifiya” (ilmi nujum haqida), “Marsad ul-asno’”, “Matla’ ul-anvor” nomli asarlar keltiriladi. Koshifiyning “Axloqi Muhsiniy” asari kitobat san’atining go’zal asliyati, xattot Muhammad Ali ko’chirgan faksimil nusxa, Mahmud Hasaniy va Asadali Hakimjonov tarjimasida Bahrom Abduhalimov so’zboshisi bilan 2010 yil nashr etildi.
Mirxond – Muhammad ibni Xovandshoh ibni Mahmud (1435-1498). Navoiy uning ilmga berilgani, donishmandligi, axloqi yaxshiligini ta’riflaydi va insho, tarix fanida benazir erdi deb yozadi. Navoiy “avvaldan bu kungacha” bo’lgan davr haqida tarix yozishni undan iltimos qilgan va Mirxond “Ravzat us-safo” nomli Temuriylarga bag’ishlangan asarini yaratgan. 7 jilddan iborat bu asarning yettinchi jildini uning nabirasi – qizining o’g’li Xondamir yozgan. Mirxond ba’zan she’rlar ham yozgan. Navoiy Mirxondning Xusrav Dehlaviyning “Daryoyi abror” dostoni tatabbu’ida quyidagi matla’ini keltiradi: