2.2. INKLYUZIV TA’LIMNING ta`lim tarbiya jarayonidagi ahamiyati. Har qanday jamiyatda yosh avlodning har tomonlama yetuk, komil inson boʼlib voyaga yetishiga, munosib fuqarolar sifatida ulgʼayib, davlat taraqqiyoti va gullabyashnashiga ulush qoʼshishlariga umid bogʼlanadi. Butun jahon bolalariga tegishli boʼlgan bolalar huquqi haqidagi Konventsiyada, Oʼzbekiston Respublikasining «Taʼlim toʼgʼrisida»gi Qonunida, «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» singari qator muhim meʼyoriy hujjatlarda koʼrsatilishicha, barcha bolalar, shu jumladan, jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsoni bor bolalar ham mehnat qilish, taʼlim olish, hayotda oʼz oʼrnini topish huquqlariga egadirlar.Respublikamizda ijtimoiy tashabbuslarni qoʼllab-quvvatlash jamgʼarmasi tomonidan 2007 yildan buyon «Oʼzbekistonda Inklyuziv taʼlim» loyihasi amalga oshirib kelinmoqda. Loyiha hamkorlari: Oʼzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi; Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vazirligi; Navoiy shahridagi «Umr» imkoniyati cheklangan bolalarga yordam berish markazi, Samarqand shahridagi «Hayot» nomli nogironlarga yordam berish markazi, Jizzax shahridagi «Istiqbolli avlod» markazi, Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahridagi «Umid» tashabbuslarga koʼmak berish va rivojlantirish markazi, Termiz shahridagi «Imkon» imkoniyati cheklangan bolalar va oilalarga koʼmak berish markazi, Fargʼona viloyatining Qoʼqon shahridagi «Ziyo» maxsus zaruratli bolalarga ijtimoiy koʼmak berish markazi, maqsadli hududlar hokimliklari; Oʼzbekistondagi Shvetsariya elchixonasidir. Ushbu loyiha doirasida Toshkent, Guliston, Qarshi, Samarqand, Termiz, Аndijon, Qoʼqon, Nukus, Buxoro, Urganch shaharlaridagi maktabgacha taʼlim muassasa, maktab, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarda imkoniyati cheklangan bolalar aralash guruhlarda inklyuziv texnologiya asosida taʼlim-tarbiyaolishmoqda. Mamlakatimizda imkoniyati cheklangan bolalar taʼlimtarbiyasi va ularning ijtimoiy hayotga moslashuviga qulay sharoitlar yaratib berilmoqda. Ularni jamiyatga integratsiya qilish, avvalo, imkon qadar salomatligini tiklash maqsadida «Imkoniyati cheklangan bolalar uchun umumiy taʼlim loyihasi» asosida ish yuritib kelinmoqda. Bunda, asosan, inklyuziv taʼlim imkoniyatlaridan foydalanish koʼzda tutilmoqda. Inklyuziv ta’limni chuqurroq oʼrganish, u bilan bogʼliq muammolarni aniqlash, samaradorlik jihatlarini asoslab berish dolzarb ilmiy muammoga aylanmoqda. Chunki inklyuziv taʼlim usuli barcha bolalarning ruhiy-jismoniy holatidan qatʼi nazar taʼlim jarayonida toʼlaqonli ishtirok etishini taʼminlashga qulay imkoniyat yaratadi. Аyniqsa, u alohida yordamga muhtoj bolalarning atrofdagilar bilan muloqotda boʼlishi, ijtimoiy muhit talablariga javob bera oladigan boʼlib ulgʼayishi, oʼz kundalik-maishiy ehtiyojini qondira olish koʼnikmalarini egallashi, hayotga moslashib, umumtaʼlim maktablarida sogʼlom tengdoshlari bilan teng sharoitlarda oʼqiy olishi, ular bilan oʼzaro doʼstona munosabatga kirishishi, darslarni oʼz vaqtida oʼzlashtirishi, topshiriqlarga masʼuliyat bilan yondashishi uchun qulayliklar tugʼdiradi. Shuni nazarda tutib, mazkur monografiyada inklyuziv taʼlimning oʼziga xos samaradorlik belgilarini asoslash, uni oiladan, maktabgacha taʼlim muassasalaridan boshlab oliy taʼlimgacha boʼlgan uzluksiz taʼlim jarayonida yoʼlga qoʼyish uchun zaruriy pedagogik-psixologik yondashuv yoʼllarini aniqlash koʼzda tutildi. Shunisi borki, inklyuziv taʼlim nafaqat nogiron bolalar oʼrtasida, balki sogʼlom turmush tarziga asoslangan oilada tarbiyalanayotgan bolalar oʼrtasida, maktabgacha taʼlim muassasalarida, maktablarda, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida ham fanlarni oʼzlashtirish darajasi turlicha boʼlgan oʼquvchilar uchun qulay imkoniyatlar yarata oladi. U orqali oʼquvchilarning bir-biriga ijobiy taʼsir koʼrsata olishiga erishish yaxshi natija keltiradi. Lekin baʼzan sogʼlom bolalar bilan nogiron bolalar orasidagi tafovut sezilib qolishi, nogiron bola oʼz tengdoshlariga qoʼshilmay, tortinishi, oʼz imkoniyatlaridan foydalana olmasligi sabab uyalib turishi, kamsitilishi, ayrimlari esa oilada haddan tashqari erka oʼstirilganligi tufayli qaysarlik, injiqlik qilishi kuzatiladiki, bunday sharoitda taʼlim amaliyoti va taʼlim xizmatlarini tashkillashtirishda oʼzgarishlar qilishga toʼgʼri keladi. Bularning barchasi inklyuziv taʼlim jarayoni 6 oʼziga xos murakkabliklarga ega ekanligini va shu sohada ishlaydigan oʼqituvchilar, sinf rahbarlari, tarbiyachilar, kasbiy mahorat ustalari zimmasiga jiddiy talablar va masʼuliyatlar yuklashini oydinlashtiradi hamda tadqiqot mavzusining serqirra va murakkabligidan dalolat beradi. Olib borilgan izlanishlar va tadqiqotlar asosida inklyuziv taʼlim texnologiyasiga quyidagicha taʼrif berish mumkin: «Inklyuziv taʼlim texnologiyasi (ITT) – bu uzluksiz taʼlim tizimida maxsus yordamga muhtoj bolalar va yoshlar uchun mehribonlik bilan tizimli yondashadigan, individuallashgan, sharoitga qarab oʼzgaruvchan, maxsus oʼquv dasturlari, materiallari, vositalari va metodlari yordamida taʼlim-tarbiyaning pedagogik-psixologik jihatlarini zamonaviy talablarga mos olib boriladigan jarayondir».1 Inklyuziv taʼlimni oiladan maktabgacha taʼlim muassasalarida, umumtaʼlim maktablarida, kasb-hunar kollejlari va oliy oʼquv muassasalarida joriy etish natijasida imkoniyati cheklangan insonlarga nisbatan umumiy munosabat oʼzgarayotgani maʼlum boʼldi. Bu esa ularning hayotda muvaffaqiyat qozonishi uchun omil boʼlib xizmat qilishi mumkin. Inklyuziv taʼlim imkoniyati cheklangan bolalarga umumtaʼlim jarayonidagi barcha tadbirlarda faol va muntazam ishtirok etish imkonini beradi. Buning natijasida stereotiplar shakllanishining oldi olinib, koʼrsatiladigan individual yordam imkoniyati cheklangan bolalarni jamiyatdan ajratib qoʼymaydi. Ular olgan koʼnikmalarini umumlashtirish imkoniga ega boʼlishadi. Imkoniyati cheklangan insonlar uchun ishlab chiqilgan va jamiyatga rejali asosda joriy etilayotgan inklyuziv taʼlim strategiyasi oʼqishning uzluksiz va muttasilligini taʼminlaydi. Oila – bolalar bogʼchasi – maktab – kasbhunar kolleji – ish bilan taʼminlash – ushbu tizim kelajakda ota-onalarga imkoniyati cheklangan bolalarini umumtaʼlim muassasalari va oliy oʼquv yurtlariga bemalol, xavfsiramasdan olib kelishlari uchun zamin yaratadi. Inklyuziv taʼlim rasmiy taʼlim tushunchasidan ancha kengroq. Bu taʼlimda koʻproq oʻqishda, oʻrganishda imkoniyati cheklangan bolalar bilan ishlanadi. Inklyuziv maktab oʻqituvchisi va inklyuziv bogʻchada tarbiyachi qanday sifatlarga ega boʻlish kerak? Inklyuziv taʼlimda oʻqituvchining kasbiy mahorati bosh omil hisoblanadi. Avvalo Oʻqituvchi inklyuziv tafakkurga ega boʻlishi va taʼlim sifati masʼuliyatini oʻz zimmasiga olishi shart.Inklyuziv taʼlim berish oʻqituvchilar ishi sifatining asosiy mezonlari – oʻqituvchi oʻquvchilarning turli toifada ekanligiga qaramay barcha bolalarning huquqini himoya va hurmat qilishi.Yana bir sifat – hamkorlikni yoʻlga qoʻyish. Chunki oʻqituvchilar uchun hamkorlik va oʻzaro fikr almashish muhimdir.Oʻqituvchi oʻz faoliyatini tizimli baholab borishi, muntazam malakasini oshirishi, alohida taʼlim ehtiyojlari bor bolalarning intizomli va muassasalar aro guruhlar bilan samarali ishlashi uchun liderlik hamda boshqaruv malakalarini qoʻllash, muammolarni birgalikda hal qilish, keng qamrovli maktab hamkorligini yoʻlga qoʻyish kabi xislatlarga ega boʻlish kerak. Maʼlumki, inklyuziv taʼlimda maxsus taʼlim ehtiyojidagi bolalar barcha bolalar bilan birga maʼlum maqsadda turli qobiliyatlarga muvofiq guruhlashtiriladi. Maxsus taʼlim aqliy, jismoniy tashqi koʻrinishga muvofiq amalga oshirilsa, inklyuziv taʼlim bolaning qobiliyati va imkoniyatlariga koʻra belgilanadi.Maxsus taʼlim oʻqitishning maxsus va alternativ dasturlari orqali oʻqitilsa, inklyuziv taʼlim bolaga yoʻnaltirilgan va moslashtirilgan, yoʻriqnomali, barchaga moʻljallangan oʻquv dasturi asosida oʻqitiladi.Inklyuziv taʼlimning oʻziga xos muhim jihati shundaki, bolalar va oʻqituvchi bir birlaridan oʻrganishadi hamda muammolarni birgalikda hal etishadi.Bu taʼlim bir tomonlama boʻlmasligi kerak. Imkoniyati cheklangan boladaoʻziga boʻlgan ishonchni oshirish, koʻnikma va qobiliyatini rivojlantirish, yoshligidan oʻrganishni ragʻbatlantirishda oila ishtiroki muhim. Inklyuziv taʼlim jarayonida ota-onalar bilan ishlash ham muhim. Taʼkidlash joizki, alohida ehtiyojli ota-onalarga ularning farzandlari jamiyatning bir boʻlagi boʻlish huquqiga ega ekanini tushuntirish, bu ishonchni ularning ongiga yetkazish kerak. Mamlakatimiz taʼlim tizimida bu masalaga alohida eʼtibor qaratiladi. 2020-yil oktyabrda qabul qilingan Prezidentimizning alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarga taʼlim-tarbiya berish tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi qarori bunga misol boʻla oladi.Unga koʻra, tajriba-sinov tariqasida shaharlarda va Toshkent shahrining tumanlarida joylashgan bittadan maktablarda inklyuziv taʼlim joriy qilinadi.Qoraqalpogʻiston respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida joylashgan bittadan maktablarda alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalar uchun boshlangʻich tayanch sinflar ochiladi.