Darsdan tashqari ta’lim tarbiya jarayonida o’quvchilarda ekologik madaniyatni tarbiyalash usullari.
a) Fan to’garaklarida o’quvchilarda ekologik madaniyatni tarbiyalash usullari.
Guruh mashg‘ulotlari. Tabiatshunoslik bo‘yicha sinfdan tashqari ishlarning guruh bo‘lib o‘tkaziladigan shakllaridan biri to‘garak ishidir. U muayyan ishtirokchilar doirasini qamrab oladi va tabiatni e'zozlashni chuqurroq o‘rganish imkoniyatini beradi. To‘garakka a'zo bo‘lish ixtiyoriydir, ammo unga kiruvchi o‘z zimmasiga aniq reja bo‘yicha ishlash va boshlagan ishini oxiriga yetkazish majburiyatini oladi. Rejaga o‘quvchilar bajarishga kuchi yetadigan ishlar kiritilishi lozim. O‘qituvchining asosiy vazifasi - amaliy natijalar beruvchi faol ishlarni ta'minlashdir. Ishda har xil: o‘qituvchi va o‘quvchilarning tabiiy yoki tasviriy ko‘rgazmali qurollarni namoyish qilish bilan og‘zaki bayon qilishi, amaliy o‘quv va ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan o‘quvchilarning ijtimoiy-foydali mehnati va boshqa metodlar to‘g‘ri uyg‘unlashtirilishi lozim.
To‘garakning muvaffaqiyatli ishlashida mashg‘ulotlar o‘tkazishga tayyorlanish katta ahamiyatga ega. Birinchi mashg‘ulot oldidan o‘quvchilarga uni o‘tkazish vaqti to‘g‘risida eslatish, to‘garak vazifalari bilan o‘quvchilarni tanishtiruvchi kirish suhbatining mazmunini barcha tafsilotlari bo‘yicha o‘ylab chiqish zarur. To‘garakning ish rejasini tuza turib, mo‘ljallangan tematikani o‘quvchilar bilan muhokama qilish va ularning taklif hamda shakllarini hisobga olish kerak. To‘garakning birinchi mashg‘ulotida uning faollari kengashi (sardori, uning muovini, muharririyat a'zolari) saylanadi va nomi («Tabiatni e'zozlayman», «Biz va tabiat», «Yosh tabiatshunos», «Tabiatni sevuvchilar») tasdiqlanadi. Eng yaxshi nom uchun tanlov e'lon qilinishi lozim. Shuningdek, to‘garakda qatnashuvchilarning xulq-atvori tamoyillarini ishlab chiqish va tasdiqlash zarur.
Qoidalar: ishda faol qatnashish; barcha topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarish; har bir ishni nihoyasiga yetkazish; kuzatishlar va bajarilgan ishlar kundaligini yuritish; o‘rtoqlariga yordam berish; mashg‘ulotlarga muntazam qatnashish.
To‘garak ishiga o‘qituvchi rahbarlik qiladi. Davomatni sardor yoki uning muovini maxsus jurnalda olib boradi. Mashg‘ulotlar ikki haftada bir marta muayyan kun va soatda o‘tkaziladi.
Birinchi mashg‘ulotda faqat tashkiliy masalalar bilan cheklanmaslik kerak. O‘quvchilarga kichikroq, lekin qiziqarli kirish mashg‘ulotlari berish kerak, to‘garak ishiga qiziqsinlar va nima bilan shug‘ullaishlari to‘g‘risida dastlabki tasavvurlar olsinlar. Ishni diafilm, diapozitiv ko‘rish, tabiatshunoslik mazmunidagi ilmiy-ommabop adabiyot o‘qish bilan boshlashadi.
Har bir yosh tabiatshunos yoki 3-4 kishidan iborat kichik guruh o‘qituvchi yordamida o‘zlari uchun muayyan mavzuni tanlaydilar. To‘garak rahbarining vazifasi - har bir ishtirokchini u uddalaydigan qiziqarli va foydali mavzu bilan tanishtirishdir. To‘garakda o‘tkaziladigan ish xilma-xil bo‘lishi, lekin umumiy maqsadga - jonajon tabiatni e'zozlashga va o‘rganishga birlashtirilishi zarur.
«Tabiatni e'zozlashga shayman» to‘garagining (3-4- sinflar) ishini quyidagi reja bo‘yicha tashkil qilish lozim:
Mashg‘ulotlarda: o‘qituvchi va o‘quvchilar hikoyasi, suhbat, amaliy ishlar bajarish kolleksiya to‘plash hamda gerbariylar yasash, tajribalarga tayyorlanish va o‘tkazish, tabiatda o‘tkazilgan kuzatishlarni muhokama qilish uslublaridan foydalaniladi.
O‘qitishning texnika vositalari hamda qiziqarli materiallar to‘garak ishlarining majburiy elementidir.
To‘garak ishi. Tabiatshunoslik bo‘yicha sinfdan tashqari ishlarda boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari to‘garak ishlaridan keng foydalanadilar, ularni boshqa ish shakllaridan farqi shundaki, to‘garakda o‘quvchilar erkinroq faoliyat tanlashlari lozim, o‘zaro munosabatlar uchun erkin vaziyat yaratiladi, o‘yinlarga ehtiyoj va qiziqish qanoatlantiriladi.
To‘garak yig‘inlarida o‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan: Bu nima? Nima uchun bu yuz beradi?. Qaerda buni ko‘rish, bilish, o‘qish lozim? kabi savollarga mustaqil javoblar berishga o‘rganadilar. Har bir to‘garak yig‘ilishining zarur elementlari unda o‘quvchilarning savollari va javoblaridir, javoblar topilgan manbalarning albatta ko‘rsatilishidir. Bu ish bilan barcha o‘quvchilarni qiziqtirish uchun sinfda «so‘rang javob beramiz» quti qo‘yiladi, unga savollar yozilgan varaqachalar solinadi.
To‘garakning navbatdagi yig‘ilishidan bir hafta oldin o‘qituvchi savollarni mazmuniga qarab guruhlashtiradi, to‘garak a'zolari orasida taqsimlaydi va javob topishni taklif qiladi. Javoblar tayyorlash uchun o‘qituvchi to‘garak a'zolariga ma'lumotnoma va ilmiy-ommabop adabiyotga murojaat qilishni, agar kerak bo‘lsa, tabiatda yoki jonli tabiat burchagida kuzatishlar, oddiy tajribalar o‘tkazishni tavsiya qiladi. Savollarga javob berishni narsa va hodisalarni o‘simliklar gerbariysi, yoki ularning rasmlarini diapozitiv, diafilm ko‘rsatish bilan olib borish ma'qul.
To‘garak mashg‘ulotini o‘tkazishga bunday tayyorgarlik o‘quvchilarda faqat kuzatuvchanlikni, qo‘shimcha adabiyot bilan ishlash va savollarga to‘g‘ri javob berish uquvinigina emas, balki ko‘rsatish uchun material tanlash uquvlarini ham rivojlantiradi, javoblarni ancha isbotli va esda qoluvchi bo‘lishini ta'minlaydi, boshqa to‘garak a'zolarida ham savollarni chuqur va qiziqarli yoritishga intilish vujudga keltiradi.
Tabiatshunoslik bo‘yicha sinfdan tashqari ommaviy ishlar sayohatlar, tanlovlar, diapozitiv va kinofilmlarni ko‘rsatish bilan birga tematik kechalar, har xil tadbirlar (qushlar kuni, gullar va daraxtlar o‘tqazish, Hosil bayramlari, Ona tabitni e'zozlash)ni ham o‘z ichiga oladi. Ulardan maqsad - sinfdan tashqari ishlarga iloji boricha ko‘proq o‘quvchilarni jalb etish, ularda qatnashishga ishtiyoq va xohishni uyg‘otish, ularni ijtimoiy-foydali ishlarga yo‘naltirish, o‘quvchilarda tashkilotchilik qobiliyatlarini aniqlash va rivojlantirishdir.
Tadbirga tayyorlanish tabiat to‘g‘risidagi o‘z bilimlarini kuzatishlar yoki kitoblarni o‘qish yordamida to‘ldirish zarurati bilan bog‘liq bo‘lishi lozim. Chunonchi, bahor (ochiq kunlar, o‘simlik va hayvonlarning uyg‘onishi, qushlarning uchib kelishi) to‘g‘risidagi bayonni tayyorlash kuzatishlar va tabiatdagi bahorgi o‘zgarishlar to‘g‘risidagi adabiyot o‘qish bilan bog‘liqdir. Tadbir rejada belgilangan vaqtda barcha o‘quvchilarning faol ishtirokida o‘tkazilishi kerak (ota-onalar ham taklif etilishi lozim). Uyushqoqlik, chiroyli rasmiylashtirish (bezatish), yorqin chiqishlar shunday tadbirlarning uzviy qismlaridir. Ular ishtirokchilar xotirasida kechinmalarni saqlovchi va tabiatni o‘rganish hamda tabiatni e'zozlash ruhida tarbiyalash hissiy ko‘tarinkilikni vujudga keltiradi.
Darsdan tashqari ta’lim-tarbiya jarayonida o’quvchilarda ekologik madaniyatni tarbiyalashda quyidagi usullardan foydalanish maqsadga muvofiq ekanligi tajribada isbotlandi: muzyorarlar, aqliy hujum, rolli o‘yin, sehrli daraxt, kim tez topa oladi, kim ekolog, zanjir.
Darsning borishi: O‘quvchilarga tabiatni e'zozlash ruhida tarbiya berishda «Aqliy hujum» metodidan foydalaniladi.
Bunda o‘quvchilarning tabiat haqidagi bilimlarini aniqlash maqsadida, quyidagi savollar bilan murojat qilinadi.
Savol: Tabiat nima?
Javob: Tabiat atrofimizdagi mavjud bo‘lgan barcha borliq.
Savol: Tabiatni e'zozlash deganda nimani tushunasiz?
Javob: Bu atrofimizdagi borliq, tog‘, suv, daraxt, qushlar va hayvonot olamini asrash, saqlash, qadriga yeta bilish degani.
Savol: Nima uchun tabiatni e'zozlab « Ona tabiat » deb ataymiz?
Javob: Insonning eng birinchi boquvchisi, tarbiyachisi-bu tabiatdir. Shu sababdan tabiatni e'zozlab «Ona tabiat » deb ataymiz.
Savol: Tabiat go‘zalligini qanday his eta olasiz?
Javob: Atrof-muhit, tabiat go‘zalligini ko‘rib zavqlanaman.
Savol: Tabiatdagi o‘simlik, gullarni payhon qilmaslik uchun o‘zingizni qanday tutasiz?
Javob: O‘simliklarga ehtiyotkorona munosabatda bo‘laman, gullarni payhon qilmaslik uchun maxsus yo‘laklardan yuraman.
Savol: Tabiatda qushlarning ahamiyati nimadan iborat?
Javob: Qushlarsiz hashoratlar dala va bog‘larda yetishtirilayotgan o‘simliklarga katta zarar yetkazadi.
Ana shunday savol-javobdan so‘ng o‘quvchilar bilimi umumlashtirilib, ularga fenoloik kuzatish uchun vazifalar beriladi.
Tadqiqot jarayonida debat usulidan ham foydalanildi: «Debat» usuliga ko‘ra sinf ikki guruhga bo‘linadi.
Tabiatni e'zozlashga oid muammolarga taalluqli mavzuda ikki guruh a'zolari munozara shaklida ish olib boradi, ya'ni birinchi guruh a'zolari ikkinchi guruh a'zolariga savol bilan murojaat qiladi, ikkinchi guruh a'zolari esa javob beradi. Bu jarayon ikkala guruh a'zolari tomonidan munozarali tarzda davom etadi.
Munozaraning boshlanishi:
guruh: Siz yashaydigan hududda qanday ekologik muammolar mavjud deb o‘ylaysiz?
guruh: Suv tanqisligi muammosi, hududimizdagi zavod va fabrikadan chiqadigan zaharli tutunlarning havoni ifloslashi.
guruh: O‘zbekiston Respublikasi «Qizil kitob»iga qaysi o‘simliklar va hayvonlar kiritilgan?
guruh: «Qizil kitob»ga quyidagi o‘simliklar kiritilgan: lola, nilufargul, archa, yovvoyi anor, nor kovrak, oq parpi, qo‘ng‘ir uzum; hayvonlardan: qoplon, turkiston silovsini, gepard, qo‘ng‘ir ayiq, O‘rta Osiyo qunduzi, ustyurt qo‘yi, Buxoro bug‘usi va Turon sirtloni.
O‘qituvchi: Javoblarni to‘ldirib mustahkamlash uchun o‘quvchilar diqqatini tortadi:
O‘zbekiston Respublikasi «Qizil kitob»ida mamlakatimiz hududida kamayib bo‘lgan va kamayib borayotgan o‘simlik hamda hayvonlar haqida ma'lumotlar bayon qilingan.
«Qizil kitob » ikki jilddan iborat bo‘lib, I jildida yo‘qolishi havfi ostidagi 301ta o‘simlik turlari, II jildida esa 184 hayvon turlari kiritilgan.
O‘quvchilar, quyidagilarni bilishi kerak: «Qizil kitob »ga kiritilgan noyob o‘simliklar va qirilib borayotgan hayvonlarni asrab avaylash siz va bizning burchimiz ekanligini unutmasligimiz lozim.
«Debat» usuli o‘quvchilarning mustaqil fikrlash qobiliyatini shakllantirib borish bilan atrof-muhitdagi ekologik muammolarga ijobiy qarashga undaydi. «Debat» usuli munozarasiga 8-10 minut vaqt sarflanadi.
bosqich: Ikki guruh a'zolariga guruh a'zolari «Suvni muhofaza qilish» mavzusi ustida ishlab muammoning yechish yo‘llarini topishlari so‘raladi.
Ular suv tabiatda turli xil: qattiq, suyuq va bug‘ holida uchrashini, suv bo‘lmasa o‘simlik, hayvonot va insonlar yashay olmasligini, suvni ifloslaydigan manbalar, suvni iflos qilmaslik uni asrab-avaylash haqida gapirib beradilar.
O‘qituvchi birinchi guruh a'zolarining fikrlariga qo‘shilib, haqiqatan ham suv hayot manbai ekanligini, uni e'zozlashni e'tirof etadi.
Guruh a'zolariga «O‘simliklar va hayvonlarni muhofaza qilish» mavzusi beriladi. Guruh a'zolari o‘simlik va hayvonlarni asrab-avaylash barchaning burchi ekanligi haqida gapiradilar.
O‘qituvchi: O‘simlik va hayvonot dunyosi jonli tabiatga kiradi. Ularga ozor bermaslik lozim. Daraxtlar shoxlarini sindirmaslik, hayvonlarga ozor bermaslik kerakligini uqtirib o‘tadi.
Bunday usullardan so‘ng, o‘quvchilarning tabiatdagi o‘simlik va hayvonlarni e'zozlashga bo‘lgan qiziqishlari ortib, maktab va sinf xonalarda jonli burchak tashkil etadilar.
Shu nuqai nazardan, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari Ona tabiatni e'zozlash va uning komponentlari haqida bilimlarga ega bo‘ladi, atrofimizdagi olamning go‘zalligini his qiladi.
Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida tabiatga oid bilim, ko‘nikma va malakalarini shakllantirishda interaktiv metodlardan foydalanish o‘quvchilarni bu haqida ko‘proq o‘ylashga, bahslashishga, mustaqil fikrini bildirishga undaydi. Bu esa o‘zining ijobiy natijasini beradi.
O‘quvchilarni tabiatni sevishga o‘rgatish eng muhim pedagogik muammo. Bizning 1-sinf o‘quvchilari bilan olib borgan tadqiqotlarimiz shuni ko‘rsatdiki, 1 - sinf o‘quvchilari hali yozish, o‘qishni deyarli bilishmaydi, shuning uchun ko‘rgazmali vositalar, sayohatlar orqali ularning tabiat haqidagi tassavurlarini shakllantirishimiz zarur. Atrofimizdagi olamning o‘quvchi hayotidagi o‘rni, atrof- muhit ifloslanishining inson salomatligiga ko‘rsatadigan salbiy ta'siri, ushbu holatning oldini olish chora-tadbirlari to‘g‘risida 1-sinf o‘quvchilariga ma'lumot berish hamda ularda atrof-muhit tozaligi va salomatligini saqlash ko‘nikmalarini hosil qilish eng muhim pedagogik muommo.
Biz tadqiqot jarayonida 1-sinf o‘quvchilari bilishi zarur bo‘lgan ekologik tushunchalarni aniqlab, tizimlashtirdik:
Atrof-muhit; rang-barang olam.
Daraxtlar, butalar, maysalar. Yashab turgan joydagi ba'zi himoyaga olingan o‘simliklar va hayvonlar.
Xashoratlar, baliqlar, qushlar, yovvoyi va uy hayvonlari.
Yil fasllarining asosiy belgilari.
Tabiatda o‘zini tutish tamoyillari, o‘zining shahri (qishlog‘i) xaqidagi asosiy ma'lumotlar, manzili, transport turlari, shaxsiy gigiena tamoyillari, yo‘l harakati tamoyillari, jamoat joylarida o‘zini qanday tutishi kerakligi.
Ekotushunchalar bilan o‘quvchilarni tanishtirish usullari: suhbat, hikoya, sayohat, savol-javoblar orqali.
Quyida namuna sifatida dars ishlanmasi beriladi.
Mavzu: Suv - obi - hayot.
Dars aqliy hujum metodi bilan boshlanadi:
Savollarga javob olingach; o‘quvchi atrofida mavjud bo‘lgan suv va uning sifati haqida fikrlar bildiriladi.
Bu darsda o‘quvchilar quydagilarni bilishlari zarur:
suvga tupirish gunoh;
suvga chiqindi tashlamaslik;
kran jumraklarini yopib yurish;
yuvinganda suvdan tejab-tergab foydalanish;
o‘tmishda bobolarimiz suvdan qanday foydalangan;
toza suv bilan tomorqalarini sug‘ormaslik.
Uyga vazifa: yashaydigan joyingizda mavjud bo‘lgan suv holatini kuzating va kelgusi darsda o‘rtoqlaringizga so‘zlab bering.
Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida ekologiyaga oid bilim, ko‘nikma va malakalarni shakllantirishda interfaol metodlardan foydalanish o‘quvchilarni bu haqda ko‘proq o‘ylashga, bahslashishga, mustaqil fikrini bildirishga undaydi. Bu esa o‘zining ijobiy natijasini beradi.
Dostları ilə paylaş: |