O`quvchilarning sinfdan tashqari ishlari gigiyenasi. O`quvchilarning sinfdan tashqari ishlariga fan, badiiy havaskorlik to`garaklari, sport seksiyalari, jamoatchilik ishlarida qatnashishi kiradi.
Ayrim o`qituvchilar a`lochi o`quvchilarni o`zlari o`qitadigan fanning to`garagiga qatnashishga majbur qiladilar.Sinf rahbarlari esa hamma jamoatchilik ishlarini a`lochi va faol o`quvchilar zimmasiga yuklaydilar.
Buning natijasida a`lochi va faol o`quvchilarni dam olib, xordiq chiqarishlari uchun imkoniyatlari qolmaydi.Natijada ular ham jismoniy, ham aqliy charchaydilar.O`ta charchash tufayli ularning sog`lig`i zaiflashadi.
O`zlashtirish va faolligi past o`quvchilar esa, e`tibordan chetda qolib, ular yanada qoloqlashadilar.
Gigiyena talabiga binoan har bir o`quvchi faqat bitta, kamdan-kam hollarda ikkita to`garakda qatnashishi mumkin.Ularning biri fan to`garagi, ikkinchisi esa badiiy havaskorlik to`garagi yoki sport seksiyasi bo`lishi mumkin.
Shuningdek, har bir o`quvchi zimmasiga faqat bitta jamoatchilik ishi yuklatilishiga ruxsat etiladi.
To`garak va jamoatchilik ishlarini turi har bir o`quvchining qiziqishi va hohishiga muvofiq belgilanmog`i lozim.Bu ishlarga o`quvchini majbur qilish mumkin emas.
Sinfdan tashqari ishlar, haftalik dars jadvalining dars soatlari eng kam bo`lgan kunlari, ya`ni gigiyena talabi bo`yicha to`rtinchi o`quv kuniga rejalashtirilishi lozim.
Sinfdan tashqari ishlarga bir haftada sarflanadigan vaqt, turli sinf o`quvchilari uchun quyidagicha bo`lishi tavsiya etiladi:
1 - 4 - sinflarda 1-2 soat;
5 - 7 - sinflarda 3-4 soat;
8 - 11- sinflarda 4-5 soat;
Ko`rsatilgan soatlardan ko`p bo`lishi, yuqorida qayd etilganidek, o`quvchilarning zo`riqishiga, o`ta charchashiga, sog`lig`ini zaiflashib qolishiga sabab bo`ladi.
Sog‘lom turmush tarzini shakllantirish.Sog‘lom turmush tarzi tushunchasi odam xulq atvorining hamma jihatlarini chuqur qamrab oladi. Sanitariya-gigiyena qoida va talablariga rioya qilish, atrofdagilarga iltifotli bo‘lish, o‘zining psixik holatlarini boshqara bilish, to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanish, zararli odatlardan voz kechish kabilar odam o‘z-o‘zini bilishining asosiy mazmunidir.
Sog‘lom turmush tarzini shakllantirishda kun tartibi, ratsional ovqatlanish, shaxsiy gigiyena, aqliy va jismoniy mehnat gigiyenasi, zararli odatlar (tamaki chekish, nos otish, spirtli ichimliklar iste`mol qilish, giyohvandlik va hakozo) ga berilmaslik kabilar muhim ahamiyatga ega.