2.1 Yozuvchi Odil Yoqubov nasrida tarixiy obrazlarning badiiy talqin etilishi Odil Yoqubov ijodida o`rin olgan asarlar tarixiy va zamonaviy mavzuda bo`lib, “Ulug`bek xazinasi”, “”Ko`hna dunyo” romanlarida hamda istiqlol yillarida yaratgan “Muzaffar Temur” dramasida tarixiy voqelik, “Diyonat”, “Oq qushlar, oppoq qushlar”, “Adolat manzili” , “Osiy banda” romanlarida esa yaqin o`tmish, turg`unlik yillari voqealari tasvirlangan.
Odil Yoqubovga shuhrat keltirgan asarlar tarixiy romanlari- “Ulug`bek xazinasi” bilan “Ko`hna dunyo” bo`ldi. Adabiy tanqidchilikning bahosiga ko`ra , “Odil Yoqubovning “Ko`hna dunyo”romanining markazida Ibn Sino hamda Beruniy taqdirlari, ular yashagan davr turadi. Muallifning xulosalari va umumlashmalari keng, shuning uchun tarixiy materialga ajib dolzarb ma`no bag`ishlaydi. Zamonlar osha qilingan sayohat teran falsafiy umumlashmalar chiqarishga imkon beradi. Romanda tasvirlangan barcha voqealar hujjatlar bilan cheklab qo`yilmagan. Odil Yoqubov tarixni xuddi ko`rib turadi, tarix bilan bahslashadi, zamondoshlariga uzoq o`tmishdoshlarining tajribalaridan guvohlik berayotganday bo`ladi. U tarixga bugangi davr nuqtai nazaridan qaraydi”. Milliy istiqlol tufayli xalqimiz o`zining haqqoniy tarixiga ega bo`ldi. Istiqlol ilgari el ko`zidan yashirib kelingan qadriyatlarimiz ,munavvar tariximizda yorqin iz qoldirgan ulug` ajdodlarimiz merosi, bobolarimiz tafakkurining bebaho durdonalaridan bahramand bo`lish imkonini berdi. Badiiy adabiyotda uzoq va yaqin o`tmish voqeligini aks ettiruvchi asarlar yaratila boshlandi. Tarixiy mavzudagi o`zbek nasri, xususan, romanchilik Abdulla Qodiriyning “O`tgan kunlar”, Oybekning “Navoiy”, “Qutlug` qon” keyinchalik O.Yoqubovning “Ulug`bek xazinasi”, “Ko`hna dunyo”, P.Qodirovning boburiylar tarixiga doir “Yulduzli tunlar” hamda “Avlodlar dovoni” asarlarida to`la ma`noda o`z aksini topgan.
O`zbek adabiyotida ham o`tmish haqida asar yozishda tarixiylik bosh mezon bo`lishi lozimligini ,tarix ne-ne avlodlarni kamol toptiradigan ulug` murabbiy ekanligini angladilar Odil Yoqubovning “Ulug`bek xazinasi”, “Ko`hna dunyo” romanlarida tarixiy syujet tuzilishining o`ziga xosligi,tarixiy voqelikning badiiy haqiqat uyg`unligida tasvirlash yo`sinining takrorlanmasligi,obrazlar tizimining keng ko`lamligi bilan adabiyotimiz tarixida alohida qimmatga ega.
XX asrning 70-yillari o`zbek adabiyoti masalalariga qo`l urgan tadqiqotchi, albatta, Odil Yoqubov ijodiga murojaat qiladi. Chunki adabiy oqimni boshqa bir o`zanga solib yuborgan, adabiy qahramonni ijtimoiy voqelik mahsuli emas, insoniy tuyg`ulardan ayri bo`lmagan tabiatning yaratig`i sifatida o`rganib, uning ichki qatlamlarigacha kirib bora olgan adib Odil Yoqubovdir. Uning tarixiy asarlarga badiiy ruh singdira olishdek psixologik tahlil mahorati ko`plab talqinlarga ham asos berdi.31
Inson tabiatning bir qismi sifatida e`tirof etilsa ham, u ijtimoiy munosabatlar doirasida shaxsga aylanadi. Alohida shaxslargina millatni, uning asosi bo`lgan o`zlikni saqlab qola oladi. Odil Yoqubovning «Ulug`bek xazinasi» romani tuganmas fojialar qobig`ida tasvirlansa-da, alohida shaxslarning tarix silsilasiga ta`siri nuqtai nazaridan qimmatlidir. Romanda ijtimoiy holatlarning psixologik tahlili uning ijtimoiy psixologik roman sifatida baholanishiga asos beradi. Keng ijtimoiy hayot va xarakterlarning chuqur ruhiy tahlili uni maishiy-psixologik romanlardan keskin farqlaydi.
Romanda yozuvchi ota-o`g`il munosabatlaridagi muhim jihatga etibor qaratadi. Ya`ni Mirzo Ulug`bek va Abdulatif munosabatlaridagi konflikt birdan paydo bo`lgan emas, ularni o`zaro g`anim qilgan din peshvolari ham emas. Gavharshodbegim - Ulug`bek, Abdullatif - Ulug`bek munosabatlarining keskinlashib portlash darajasiga yetkazgan holat oilaviy munosabatlarning to`g`ri o`rnatilmaganida edi. Albattta, tarixiy romanni yaratish uchun muallif ko`plab manbalarni o`rgangan va ana shularga tayanib qat`iy va asosli xulosa chiqara olgan.
Ulug` olim Mirzo Ulug`bekning bosib o`tgan ibratli hayoti va fojeali taqdiri to`g`risida qator tarixiy, nasriy, she`riy asarlar, dramalar yaratilgan. Bu borada Maqsud Shayxzodaning “Mirzo Ulug`bek” fojeasi hamda Odil Yoqubovning “Ulug`bek xazinasi” romanlarini alohida e`tirof etish o`rinli. Har ikkala asar ham buyuk insonning ma`rifatli hayoti va fojeiy taqdirini badiiy talqin qilishga qaratilgan. Bu asarlarda Mirzo Ulug`bekning qirq yil taxt tebratgan va qilich qo`lidan tushmagan hukmdorgina emas, yulduzlar bilan til topishgan ,o`z qo`li bilan rasadxona yaratib, yulduzlarning joylashish o`rnini belgilab chiqqan, o`nlab fidoyi shogirdlar tayyorlab ilm-fan sohasiga katta hissa qo`shgani, u qilich kuchiga emas, ilm-ma`rifat kuchiga ,dunyoni qora kuch emas, go`zallik o`zgartirishi mumkin degan aqidaga sobit Inson sifatida tasvirlanadi. «Ulug`bek xazinasi» 1970- 1973-yillarda yozilgan, 1974 -yilda alohida kitob bo`lib chiqqan edi. Shundan beri asar qayta-qayta chop etildi, jahonning ko`plab tillariga tarjima qilindi, jahon bo`ylab dovrug` qozondi. SHunga qaramay adib roman ustidagi ijodiy ishini davom ettirdi.
Mustaqillik yillarida Odil Yoqubov “Ulug`bek xazinasi”7 romanini ulug` olimning tavallud to`yi munosabati bilan qayta ishlab, to`ldirib, qayta nashr ettirdi. Unda allamomaning shaxsiy hayoti, fojeaviy qismati, Ulug`bek umrining so`nggida musharraf bo`lgan sevgisi, sohibqiron bobosi Amir Temur haqidagi xotiralar va boshqa ba`zi bir lavhalar bilan boyitildi.
Davrimizning ulkan adibi Chingiz Aytmatov «Ulug`bek xazinasi» haqida shunday yozadi: «Yaxshi kitob haqida yozish maroqli. Bu yuksak va olijanob proza namunasi. Badiiy quvvati jihatidan salmoqdor bu tarixiy roman meni larzaga soldi. Bu esa yaxshi asarning birinchi alomati. Bundan ham muhimi shuki, romanni o`qir ekanman, ko`nglimda turkiy xalqlarimiz tarixi uchun iftixor tuyg`usi jo`sh urdi. Ulug`bek shunday dahoki, u bizning asrlar osha tariximizga, zaminda tutgan mavqeimizga guvoh. Ulug`bek — bizning dildagi ohimiz, hasratimiz, u buyuk insoniy tajribalar haqida, dunyo haqida yuksak mezonlarda turib mulohaza yurituvchi, hukm-saboqlar uchun asos beradigan shaxs...
Ulug`bek men uchun o`rta asrning atoqli olimi bo`lgani uchungina emas, balki xalqlarimiz tarixidagi eng murakkab va og`ir fojiani boshdan kechirgan alloma bo`lgani uchun ham ulug`dir».
Romanning markazida davr haqiqatini butun salobati bilan ochib beruvchi adolatli va ma`rifatparvar shoh Ulug`bek obrazi turadi. Odil Yoqubovning bu romani yozilguniga qadar o`zbek tarixiy romanchiligida voqelikning tarixiy mohiyatini yaxlit holda ifoda eta oluvchi shoh obrazi yaratilmagan edi. Yozuvchi o`z bosh qahramonini tugal va mukammal adabiy tip darajasiga ko`tarishda shohlar olamiga daxldor bo`lgan hayotiy tarixiy haqiqatlarni ochish yo`lidan boradi. Roman ikki qismdan iboratdir. Birinchi qism Ulug`bekning fojiasi bilan tugasa, ikkinchi qism padarkush Abdulatifning fojiasi bilan tugaydi. Ko`rinadiki romanda har biri o`zicha tugal va mukammal bo`lgan ikkita shoh obrazi yaratilgan. “Ular hayotda nimaga intilish lozim, haqiqat nima?”- degan savollarga o`z e`tiqodlari va hayotiy maslagiga tayanib javob beruvchi tarixiy shaxslardir. Shu boisdan ham yozuvchi ularning o`ziga xos adabiy tipini yaratar ekan, badiiy to`qimada hayot haqiqatidan chetga chiqib ketmaslik lozimligiga alohida e`tibor beradi. Chunki, badiiy to`qima asardagi g`oyaviy va hayotiy mazmunni tarixiy-hayotiy materiallarga tayanib qayta jonlantirishda ham, shuningdek, asarning badiiy shakliga daxldor bo`lgan syujet unsurlari olamining kashf etilishida ham yetakchi mavqeda turadi. Chunki, badiiy asar maishiy turmushning oddiygina ko`chirmasi emas, balki ana shu hayotiy voqelikdan olingan taassurotning adib badiiy niyati asosida “qayta ishlangan” ko`rinishidir.