Malaka ishihining metodologiyasi. O`zbek adabiyotshunosligida yozuvchi Odil Yoqubovning “Ulug`bek xazinasi” romani va uning o`ziga xos jihatlari ilmiy tadqiqotlar yuzasidan o`rganilgan. Bu borada adabiyotshunoslar Akrom Kattabekov, Umarali Normatov, Adolat Zayniddinova, Abdulhamid Xolmurodovlarning ilmiy tadqiqotlarni ko`rsatish o`rinli. Adabiyotshunos olimlar Abdulhamid Xolmurodov va Adolat Zayniddinova yozuvchi Odil Yoqubov asarlaridagi tarixiy haqiqat va romandagi ruhiy holat tasvirini alohida tadqiq etgan.
Ushbu malaka ishining maqsad va vazifalari.Mirzo Ulug`bek, Ali Qushchi, Mirzo Abdullatif obrazlarining roman syujetida tutgan o`rnini tadqiq etish va o`tmish voqeligini bugungi kun nuqtai nazaridan o`rganish maqsadida quyidagi vazifalarni amalga oshirish belgilab olindi:
- tadqiqot mavzusi yuzasidan yaratilgan barcha ilmiy ishlarni o`rganish, tahlil etish va ularga munosabat bildirish;
- romanning tarixiylik jihatini bugungi istiqlol mafkurasi asosida tahlil etish;
- Mirzo Ulug`bek va Abdullatif obrazlarining ichki dunyosi va hissiyot olamidagi o`zgarishlar asosida tekshirish;
- asarda tarixiy siymoning badiiy obrazga aylanishi va adabiy qahramon muammosini tahlil qilish;
- yozuvchining g`oyaviy-estetik munosabati va Ali Qushchi obrazi orqali ustozga hurmat va sadoqatning ifodalanishi ko`rsatib berish.
Ijtimoiy munosabatlarning yangilanishi, ma`naviy olamdagi o`zgarishlar badiiy asarlarni yangicha o`rganishni taqozo qilmoqda. “Ulug`bek xazinasi” romaniga ham bugungi kun talabi bilan yondashish, obrazlarning ong oqimi yuzasidan tahlilga tortish ishning kichik yangiligini belgilaydi. Shu bilan birga Ulug`bek obrazining yaratishdagi yozuvchining badiiy mahoratini ko`rsatib berish, Abdullatif va Mirzo Ulug`bek munosabatlaridagi keskinliklar sabablarini ularning ruhiy- ma`naviy olamidagi o`zgarishlar orqali tahlil etish ham bu boradagi yangicha qarash ekanligini ko`rsatadi.
O`zbek adabiyotshunosligida obraz va obrazlilik masalalari keng o`rganilgan ilmiy-nazariy adabiyotlar, Odil Yoqubov hayoti va ijodiy faoliyati hamda romanlari tahil etilgan tadqiqotlar ishning manbasi hisoblanadi. Tadqiqot ob`ekti sifatida Odil Yoqubovning turli yillarda nashr etilgan “Ulug`bek xazinasi” romani va istiqlol yillarida to`ldirilib qayta nashr etilgan ( O.Yoqubov. Ulug`bek xazinasi. Toshkent. G`afur G`ulom nomidagi Adabiyot va san`at nashriyoti. 1994-yil) romani olindi.