3. Davlat daromadiga o’tkaziladigan mol-mulkni tasarruf etish xususiyatlari. Saqlash muddati 72 soatgachani tashkil qiladigan tez buziladigan tovarlar, shuningdek yaroqlilik muddati bir oy mobaynida tugaydigan tovarlar, ularning davlat daromadiga o’tkazilishi to’g’risida qaror qabul qilinganidan qat’i nazar, iste’molga (foydalanishga, qayta ishlashga) yaroqliligi bo’yicha ekspertiza xulosasi va uni baholash vaqtidan boshlab bir sutka mobaynida olib qo’ygan organning mansabdor shaxsi tomonidan sud ijrochisi ishtirokida sotish uchun berish dalolatnomasi bilan savdo tashkilotlariga sotish uchun beriladi.
Bunda tovarlarni sotishdan tushgan mablag’lar tovarni davlat daromadiga o’tkazish yoxud uni qaytarish to’g’risida ijro hujjati olingunga qadar sud ijrochilarining tegishli bo’limlaridagi depozit hisob raqamlariga o’tkaziladi.
Yuqorida ko’rsatilgan tovarlarning iste’molga, foydalanishga yoki qayta ishlashga yaroqsizligi to’g’risida ekspertiza tomonidan xulosa chiqarilgan taqdirda uni olib qo’ygan vakolatli organning mansabdor shaxsi sud ijrochisi, sanitariya-epidemiologiya stantsiyasi va O’zbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qo’mitasi vakillari va xolis guvohlar ishtirokida iste’mol qilish, foydalanish yoki qayta ishlash uchun yaroqsiz deb topilgan mol-mulkni “Davlat daromadiga o’tkaziladigan mol-mulkni olib qo’yish, sotish yoki yo’q qilib tashlash tartibi to’g’risida”gi Nizomda nazarda tutilgan barcha talablar bajarilgan holda yo’q qilib tashlaydi.
Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va qurol-yarog’larni olib qo’yish, ekspertizadan o’tkazish, saqlash va ular bilan bog’liq boshqa xatti-harakatlar, shuningdek ularni hisobga olish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
4. Avtomototransport vositalarini va ko’chmas mulkni davlat daromadiga o’tkazish va hisobga olish xususiyatlari. Avtomototransport vositalarini olib qo’yishda vakolatli organning mansabdor shaxsi tomonidan u majburiy tartibda ko’rikdan o’tkaziladi hamda olib qo’yish to’g’risidagi protokolda uning ma’lumotlari, holati va butligi aks ettiriladi.
Olib qo’yilgan avtomototransport vositalari vakolatli organlarning, O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Davlat yo’l harakati xavfsizligi xizmati organlarining hamda ularni saqlashning tegishli sharoitlarini ta’minlovchi boshqa tashkilotlarning maxsus ajratilgan joylarida (saqlash joylari, omborlar, jarima maydonchalarida) saqlanadi.
Bunda sud ijrochisi avtomototransport vositalaridan boshqa shaxslar tomonidan foydalanishga va boshqacha foydalanishga cheklashni ta’minlashi shart (muhrlash).
Avtomototransport vositalari ularning saqlanishini ta’minlash uchun zarur shart-sharoitlarga ega bo’lgan ixtisoslashtirilgan savdo tashkilotlariga saqlash uchun berilishi mumkin.
Avtomototransport vositasini olib qo’ygan vakolatli organning mansabdor shaxsi olib qo’yish to’g’risida protokol tuzilgan vaqtdan boshlab uch kun muddatda avtomototransport vositalarini ro’yxatdan o’tkazuvchi tegishli notarial organlarga va ichki ishlar organlariga bildirishnoma jo’natadi.
Olib qo’yilgan avtomototransport vositasining texnik holatini ko’rikdan o’tkazish O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Davlat yo’l harakati xavfsizligi xizmati organlarining mutaxassislari tomonidan hududiy moliya organi hamda avtomobillarga texnika xizmati ko’rsatish ixtisoslashgan korxonalari vakillarining majburiy tartibdagi ishtirokida amalga oshiriladi.
Ko’chmas mulkning holatini ko’zdan kechirish hududiy moliya organining vakili majburiy tartibda qatnashgan holda "Ergeodezkadastr" davlat qo’mitasining hududiy organi mutaxassisi ishtirokida amalga oshiriladi.
Avtomototransport vositasi va ko’chmas mulkni ko’zdan kechirish natijalari bo’yicha ko’zdan kechirish dalolatnomasi tuziladi. Dalolatnoma avtomototransport vositasi va ko’chmas mulkni olib qo’ygan vakolatli organning mansabdor shaxsi hamda ko’zdan kechirishda qatnashgan shaxslar tomonidan imzolanadi.
Avtomototransport vositasi va ko’chmas mulkni davlat daromadiga o’tkazish to’g’risida qaror qabul qilingandan keyin sud ijrochisi “Davlat daromadiga o’tkaziladigan mol-mulkni olib qo’yish, sotish yoki yo’q qilib tashlash tartibi to’g’risida”gi Nizomda belgilangan tartibda avtomototransport vositasi va ko’chmas mulkni qabul qilish-topshirishni amalga oshiradi.
Sud ijrochisi davlat daromadiga o’tkazilgan avtomototransport vositalari va ko’chmas mulkni vakolatli organdan qabul qilib olishda barcha hujjatlar, shu jumladan, ular ko’zdan kechirilganligi va baholanganligini tasdiqlaydigan hujjatlar mavjudligini tekshiradi.