Tushunchaning mazmuni va hajmi Tushuncha о‘zining mazmuni va hajmiga ega. Tushunchaning mazmunini unda fikr qilinayotgan predmetning muhim belgilari tо‘g‘risidagi axborot tashkil etadi. Masalan, «fan» tushunchasining mazmunini fanning muhim belgilari, ya’ni uning amaliyot bilan aloqada ekanligi, predmetlarning birorta sohasiga oid tushunchalar, qonunlar, prinsiplar shaklidagi obyektiv chin (haqiqiy) bilimlar tizimidan iborat bо‘lishi, dunyoqarashning shakllanishida ishtirok qilishi kabi ma’lumotlar tashkil qiladi.
Tushunchaning hajmi esa, unda fikr qilinayotgan predmetlar yig‘indisini aks ettiradi. Masalan, yuqorida misol qilib keltirilgan «fan» tushunchasining hajmi mavjud barcha fanlarni: matematika, fizika, mantiq va hokazolarni ichiga qamrab oladi.
Tushunchaning mazmuni va hajmi uzviy bog‘liq bо‘lib, u tushunchaning mazmuni va hajmi о‘rtasidagi Teskari nisbat qonuni yordamida ifodalanadi. Bu qonunga muvofiq tushunchaning hajmi kengaytirilsa, mazmuni torayadi va aksincha, hajmi toraytirilsa, mazmuni kengayadi. Masalan, «fan» tushunchasining mazmuniga «mantiq»qa oid bо‘lish belgisini qо‘shish bilan hajm jihatidan undan torroq bо‘lgan «mantiq fani» tushunchasiga о‘tiladi.
«Fan» tushunchasining hajmini kengaytirish bilan mazmun jihatidan unga nisbatan torroq bо‘lgan «ijtimoiy ong shakli» tushunchasi hosil qilinadi. Bunda faqat fanga xos bо‘lib, boshqa ijtimoiy ong shakllari, masalan, huquqiy ongda bо‘lmagan spetsifik belgilar tushuncha mazmunidan chiqarib tashlanadi.
Bu qonun tushunchalar bilan olib boriladigan qator mantiqiy amallar asosida yotadi.
Tushuncha turlari Mantiq fanida tushunchalar mazmuni va hajmi bо‘yicha bir qancha turlarga bо‘linadilar. Xususan, hajmiga kо‘ra yakka va umumiy tushunchalar farq qilinadi.
Yakka tushunchaning hajmida bitta predmet fikr qilinadi. Masalan, «Mars planetasi», «О‘zMU asosiy kutubxonasi» yakka tushunchalardir. Umumiy tushunchalar predmetlar guruhini aks ettiradi. «Planeta», «Kutubxona» tushunchalari umumiy tushunchalar hisoblanadi. Umumiy tushunchalar aks ettiruvchi predmetlarning miqdori chegaralangan va chegaralanmagan bо‘lishi mumkin. Masalan, «kimyoviy element» tushunchasida fikr qilinayotgan predmetlar soni chegaralangan. «Yulduz» tushunchasi hajmini tashkil qiluvchi predmetlar soni esa cheksiz.
Fikr yuritish jarayonida ayiruvchi va tо‘plovchi tushunchalarni farq qilish ham muhim ahamiyatga ega. Ayiruvchi tushuncha shunday umumiy tushunchaki, u aks ettiruvchi belgilar berilgan sinfning har bir predmetiga xosdir. Tо‘plovchi tushuncha ham umumiy tushuncha bо‘lib,u aks ettirgan belgilar shu umumiylikni tashkil etuvchi har bir predmetga taalluqli bо‘lmaydi. Masalan, “konferensiya” – tо‘plovchi, “konferensiya ishtirokchisi” – ayiruvchi.
Mazmuni bо‘yicha tushunchalar, avvalambor, abstrakt va konkret tushunchalarga bо‘linadi. Konkret tushunchalarda predmet о‘zining belgilari bilan birgalikda fikr qilinadi. Abstrakt tushunchalarda esa predmetning belgilari undan fikran ajratib olinib, alohida aks ettiriladi. Masalan, «inson», «tabiat» tushunchalari – konkret tushunchalar, «qahramonlik» (insonga xos xususiyatni aks ettiradi), «gо‘zallik» (borliqdagi predmetlarga xos xususiyatni ifoda qiladi) tushunchalari – abstrakt tushunchalardir.
Mazmuni bо‘yicha yana nisbatsiz va nisbatdosh tushunchalarni ham ajratish mumkin. Nisbatsiz tushunchalarnisbatan mustaqil, alohida mavjud bо‘lgan predmetlarni aks ettiradi. «Davlat», «badiiy asar» ana shunday tushunchalardir.