Marketing konsepsiyalari tadbirkorlik faoliyati rivojlanishining har xil bosqichlarida uning yo’nalishini belgilaydigan qarashlar tizimidan iboratdir. Shu bilan birga marketing konsepsiyasi deganda korxonaning, tashkilotning yoki kishining iste'molchilarga mo’ljallangan, integratsiyalangan maqsadli falsafasi tushuniladi. Marketing evolyutsiyasining birinchi yirik bosqichini XX asrning boshidan 30-yillarning o’rtasigacha deb hisoblash qabul qilingan. Bunda marketing tashkilotlar, korxonalar va shaxslar o’rtasidagi tovar va xizmatlar harakatining nazariyasi yoki mahsulotni sotish bo’yicha korxonaning funksiyasi deb tushunilardi. Shu vaqtda ketma-ket ikkita konsepsiya paydo bo’ldi: ishlab chiqarishni takomillashtirish va tovarni takomillashtirish. Ishlab chiqarishni takomillashtirish konsepsiyasi o’z harakatini mahsulot ishlab chiqarish samaradorligiga, mahsulot birligining tannarxini pasaytirish maqsadida ishlab chiqarish texnologik jarayonlarning optimallashuviga qaratadi. Boshqa so’z bilan aytganda, keng tarqalgan va narx jihatidan qulay bo’lgan tovarlarga nisbatan marhamatli bo’ladilar. Shunga ko’ra bu k1onsepsiya e'tiborining asosiy obyekti qilib ishlab chiqarishni takomillashtirish va taqsimot tizimining samaradorligani tanladi. Maqsadga erishishning etakchi vositalari sifatida ishlab chiqarish miqyoslarini kengaytirish va mahsulot tannarxini kamaytirish tavsiya etilardi. Tovarni takomillashtirish konsepsiyasi mahsulotning iste'molchilik xususiyatlarini oshirishga alohida ahamiyat beradi. Bunda asosiy tezis sifatida iste'molchilar eng yuqori sifatli, eng yaxshi ekspluatatsion xususiyatlarga ega bo’lgan tovarga nisbatan xayrixoh bo’ladilar, degan tushunchani ilgari suradilar. Asosiy diqqat e'tibor tovarga qaratiladi, shuning uchun ham marketing harakatlari tovar sifatiga, aniqrog’i uning modernizatsiyasiga qaratildi. 30-yillarning o’rtalaridan 80-yillarning o’rtalarigacha marketing rivojlanishining ikkinchi bosqichi davri bo’ldi. Bu davrda e'tibor sotishga, so’ngra esa iste'molchiga qaratiladi (tijorat harakatlarini jadallashtirish konsepsiyasi, marketingning umumiy konsepsiyasi, marketing-miks). Tijorat harakatlarini jadallashtirish konsepsiyasi sotish va sotilishlarni rag’batlantirish sohasida etarli harakatlarni amalga oshirmasa, iste'molchilar firmaning tovarlarini kerakli miqdorda sotib olmaydilar, deb hisoblaydi. Firmaning asosiy maqsadi - sotilishlar hajmining o’sishi hisobiga foyda olish. E'tiborining asosiy maqsadi - sotish va xizmat ko’rsatish texnologiyasi va sotishni rag’batlantirish bo’yicha tijorat jarayonlarini jadallashtirish. Vaqt o’tishi bilan marketing mohiyati tovar va narx siyosati, taqsimlash, siljitish va sotish jarayonlarining majmui sifatida tobora ko’proq tushunilib boryapti. "Marketing aralashmasi" deb tarjima qilingan maxsus "marketing-miks" atamasi kiritilyapti. Keyingi umumiy marketing konsepsiyasi marketing-miks konsepsiyasiga aylanadi, asosiy e'tibor iste'molchilar ehtiyojlariga va ularning samarali qondirilishiga qaratiladi. Endi yakuniy natijaga erishish, ya'ni foyda olish, tovar va boshqa bir qator omillar va marketing harakatlari vositasida (marketingmiks) iste'molchilar ehtiyojlarini qondirishga uzviy bog’lanib qoldi. Marketing rivojlanishining uchinchi eng sifatli bosqichi taxminan 80- yillarning o’rtalarida boshlandi va hozirgi vaqtda ham davom etmoqda. Bu yerda strategik, ijtimoiy yo’naltirilgan, individual marketing, marketing munosabatlari, katta ijtimoiy guruhlar marketingi - mezo - va mega-marketinglar konsepsiyalari hukmronlik qiladi. Iste'molchilar dunyoning yagona markazi bo’lmay qoladi. Bunda uchta omilning muvozanati vujudga keladi: firmaning foydasi, xaridorlarning ehtiyojlari va jamiyat manfaatlari. Strategik marketing konsepsiyasi asosida iste'molchilar va raqobatchilarga yo’naltirilganlik yotadi. Strategik marketing mazmuni iste'molchilar ehtiyojlarini qondirish va bir vaqtning o’zida yaxshiroq iste'mol xususiyatlariga ega bo’lgan tovarni yaratish yoki pastroq narx qo’yish orqali raqobatchilarga nisbatan ustunlikka erishishdan iborat. Raqobatchilarga yo’naltirilganlik iste'molchilarga yo’naltirilganlikka zid bo’lmaydi. Aksincha, uni kuchaytiradi, chunki korxonalar shunday sharoitga qo’yilganki, bozor ehtiyojlarini qondirish ishlab chiqarish, xarajatlar va boshqa sohalardagi hamma yutuqlarni maksimal hisobga olishni talab qiladi. Hozirgi vaqtda jamiyat tomonidan hal etilayotgan yirik iqtisodiy, xom ashyoviy, energetik va boshqa muammolar jamiyat ehtiyojlarini va iqtisodiy resurslarga yo’naltirilganlikni kuchaytirib, marketingning iste'molchilik konsepsiyasini ancha o’zgartirib yubordi. Ijtimoiy-axloqiy marketing konsepsiyasi shakllanib bormoqda. U nafaqat bitta shaxsning, balki butun jamiyat extiyojlarini qondirishga qaratilgan. Korxona foydasi, xaridor ehtiyojlari va jamiyat manfaatlarining o’ziga xos muvofiqlashuvi va o’zaro bog’lanishi sodir bo’ladi. Ijtimoiy-iqtisodiy marketing bilan bog’liq bo’lgan, katta ijtimoiy jamoalarning, davlat siyosatining muammolariga diqqatini qaratuvchi megamarketing paydo bo’ldi. Jamiyat hayotini axborotlashtirish kuchaygan sharoitda korxonaning xaridor bilan bevosita munosabatda bo’lishi imkoniyati vujudga keladi. Ommaviy marketingdan alohidalashgan marketingga o’tish kuzatiladi. Shunday yo’nalishlardan biri - munosabatlar marketingi (maksi-marketing) zamonaviy telekommunikatsiyaviy vositalardan foydalangan holda iste'molchilar bilan individual munosabatlarni iloji boricha mustahkamlashga yo’naltiriladi. Bu yerda uzluksiz ravishda interaktiv kommunikatsiyalar yordamida olingan individual iste'molchi haqidagi bilimlarni amalda tadbiq etish jarayoni boradi. Bu bilimlar uzluksiz va uzoq muddatli o’zaro manfaatli aloqalarni ta'minlash maqsadida mahsulotlar va xizmatlarni yaratish va siljitishga yordam beradi. Bunday munosabatlarning xaridor uchun afzalliklari - aloqalarning samaradorligi, ishlab chiqaruvchi uchun - foyda, ikkalasi uchun - tinchlik, kelajakka ishonch. qayd qilish kerakki, individual marketing mehmonxonada lyuks xizmat ko’rsatishda, bank ishida tobora ko’proq rivojlanmoqda, aniqrog’i, har qanday alohidalashgan tovar bozorlarida qo’llanilishi mumkin.
Qo’yilgan maqsadlarga erishishda firma dastlab o’zining resurs potentsialining bozor imkoniyatlaridan kelib chiqishi kerak, ya'ni ishlab chiqarish, texnologiyalar darajasi, moliya, sotish kabi hal qiluvchi sohalarda o’zining kuchli va kuchsiz tomonlarini hisobga olishi kerak. Oxirgi paytlarda marketing yordamida echiladigan masalalarning murakkablashuvi sharoitida uning baynalmilallashuvi bilan bog’liq bo’lgan global marketing haqida tobora ko’proq gapira boshladilar. Bu jarayon, ayniqsa, transmilliy kompaniyalar uchun xosdir. Ular tomondan bozor alohida segmentlar kabi emas, ko’proq ehtiyojlarning gomogenizatsiyasi jarayoni va iste'molchilarning mashhur va tanilgan tovar markalarini olishga juda ishtiyoqmandligiga ko’ra yagona bozor sifatida qaraladi. Shuni ta'kidlash joizki, global marketing asosida innovatsion tovarni ehtiyojlarni qondirishning standartlashgan va iste'molchilarning keng segmentlari uchun qulay va arzon bo’lgan usuliga aylantirish g’oyasi yotadi. Bozorning globallashuvi mamlakatlar va ayrim hududlarning o’z chegaralaridan tashqarida faoliyat ko’rsatishga intilishiga aytiladi. Bu h2aqda savdoning liberallashuvi, investitsion to’siqlarning olib tashlanishi, erkin tadbirkorlikning paydo bo’lishi va boshqalar dalolat beradi. Yirik korxonalar doirasida esa globallashuv ichki bozor chegaralaridan chiqish va jahon bozorini o’zlashtirishga umumiy yondashuvning shakllanishini bildiradi. Bularning hammasi shunday xulosaga olib keladiki, zamonaviy marketing yo’nalishlari va tendentsiyalari korxona darajasida muvaffaqiyatli amalga oshirish uni boshqarish konsepsiyasi sifatida qabul qilish, funksiyalararo koordinatsiyaning rivojlanishi va qarorlarni qabul qilish, korporativ madaniyatni takomillashtirish bo’yicha funksiyalararo guruhlarning yaratilishini talab qiladi. Ishonchimiz komilki, marketing kelajagi aynan ana shu konsepsiya bilan bog’liq. Ba'zi bozorlarda esa u allaqachon ustunlik qilmoqda. Dorilar, o’yinchoqlar, oziq-ovqat mahsulotlari, sport jihozlari, kompyuterlar va boshqalarni ishlab chiqarishni misol sifatida keltirishimiz mumkin.