SO'ZLASHUV USLUBI
Kundalik hayotda, oilada, ko'cha-ko'yda, ish joylarida va boshqa joylarda kishilarning bir-biri bilan erkin muloqotga kirishuvi so'zlashuv uslubiorqali yuzaga chiqadi. So'zlashuv uslubi adabiy va oddiy so'zlashuv uslublarini o‘z ichiga oladi. Ma’lum adabiy til me’yorlariga qat’iy amal qilingan, tartibga solingan so'zlashuv uslubi adabiy so'zlashuv uslubi, adabiy til me’yorlariga doimo amal qilavermaydigan erkin muloqot shakli esa oddiy so'zlashuv uslubi hisoblanadi.
Adabiy tilning og`zaki shakli adabiy so`zlashuv uslubi orqali amal qiladi. Radioeshittirishlari, televideniye ko`rsatuvlari shunday uslubda olib boriladi.
Oddiy so'zlashuv uslubida so'zlovchi nutq vaziyatidan kelib chiqib axborot uchun eng kerakli so'zlarnigina ishlatadi. Qolganlari nutqiy vaziyatdan bilinib turadi yoki imo-ishora va mimikalar bilan to'ldiriladi. Masalan, kinoteatr chiptaxonasidan chipta olish uchun so'raysiz:
- Beshinchidan ikkita (Menga beshinchi qatordan ikkita chipta bering deb o'tirmaysiz).
Oddiy so'zlashuv uslubida nutqiy vositalarni tejashga intilish bilan birga, bunga teskari bo'lgan nutqiy ortiqchalikka ham yo'l qo'yiladi.
Oddiy so'zlashuv uslubida gap bo'laklarining tartibi ham ancha erkin bo'ladi. Ba’zan shevaga xos so'zlar, qo'pol, dag'al so'zlar ham kuzatiladi, lekin ularni qo'llash so'zlovchining madaniy nutq sohibi emasligini ko'rsatadi.
So'zlashuv uslubining har ikkala turi ko'pincha dialog shaklida ro‘yobga chiqadi. Ikki shaxsning o'zaro so'zlashuvi dialogik nutq sanaladi. So'zlashuv uslubida so'zlar ko'pincha kinoya, piching, qochirimlarga boy bo'ladi. Bu uslubning yana bir o'ziga xos xususiyati erkinligidir.
So'zlashuv uslubida kitobiy uslublarda qo'llaniladigan taklif qildi, sobiq, masalan kabi so'zlar o'rnida chaqirdi, oldingi, burungi, misol uchun kabi so'zlar ishlatiladi. Ergash aka, Qumri opa singari birikmalarda qo'llaniladigan aka, opa kabi so'zlar, erkalash-kichraytirish qo'shimchalari qo'llanadi. Bu uslubda og'zi qulog'ida, joni chiqib ketdi kabi iboralar - frazeologik birliklar, maqol, matal, hikmatli so'zlar ham uchraydi.
Unli tovushlarni cho'zish (bo:r, ke:l), ayrim undosh tovushlarni cho'zib aytish (maza - mazza: endi mazza qilib ertak eshitinglar; haq-haqqi: haqqingni ol, yaramas!) so'zlashuv uslubiga xosdir.
Oddiy so'zlashuv uslubida so'z tartibi qoidaga nomuvofiq bo'lishi (kecha konsert bo'ldi klubda); ko'chma, obrazli emotsional vositalar ko'proq qo'llanilishi (g'ayrat qil, shalvirama; Alini qarang, og'zi qulog'ida); dialogik shaklda bo'lib, to'liqsiz gap va imo-ishoraning ko'p ishlatilishi (Kelyapti (navbatchi), Ketdimi? - Ha kabi); takrorlar (kelib-kelib shu gapni topdingmi?); talaffuzda erkinlik (na’lat (la’nat), opti (olibdi) kabi) yaqqol namoyon bo'ladi.
Oddiy so'zlashuv uslubi badiiy asarda personajlar nutqini individuallashtirishda keng qo'llanadi.
So'zlashuv uslubida sodda gaplar, to'liqsiz gaplar, undalmali gaplardan foydalaniladi.
Dostları ilə paylaş: |