Ma’ruzalar matni 1-Mavzu. «Iqtisodiy ta’limotlar tarixi» fanining predmeti va o‘rganish usuli reja



Yüklə 1,27 Mb.
səhifə51/77
tarix07.01.2024
ölçüsü1,27 Mb.
#204938
1   ...   47   48   49   50   51   52   53   54   ...   77
ИТТдан маърузалар лотин

2. INSTITUTSIONALIZM YO‘NALIShI

XIX asr oxiri - XX asr boshlarida olamda bo‘lib o‘tgan aniq ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar tufayli jahondagi mamlakatlarning salohiyoti keskin o‘zgardi, ilgari ilg‘or bo‘lgan davlatlar 2-o‘rinlarga (Angliya, Fransiya), nisbatan qoloq bo‘lgan davlatlar esa 1-o‘rinlarga chiqib olishdi (AQSh, Germaniya). Xuddi shu davrda yetakchi mamlakatlarda erkin raqobatga asoslangan iqtisodiyotdan ko‘pincha monopolistik (mono-bir) iqtisodiyotga o‘tish kuchaydi. Monopoliya kuchayishi monopol foyda olishga imkon yaratdi va iqtisodiy rivojlanishga salbiy ta’sir qila boshladi. Shu sababli antimonopol choralar qo‘llash g‘oyasi ilgari surildi, bu birinchi AQShda ro‘y berdi. Keyinchalik (va hozirda) barcha davlatlar bunday chorani qo‘llaydilar.


Antitrest siyosati yo‘li bilan iqtisodiyot ustidan ijtimoiy nazoratning turlicha metod (usul)lari Qullanila boshlandi. Ana shu usullarning nazariy asoslari yuzaga keldi va hozirda ham mavjud.
Iqtisodiy ta’limotlardagi institutsionalizm yo‘nalishi AQShda XX asrning 20-30 yillarida keng tarqaldi, ammo u ancha oldin, XIX asrning ohirlarida vujudga kelgan (T.Veblennning 1899y. chiqqan «Bekorchi sinflar nazariyasi» asari bilan bog‘liq). Bu yo‘nalish nomi lotincha «instituto» - urf-odat, ko‘rsatma, muassasa so‘zidan olingan va kapitalizmning imperializm bosqichiga o‘tishi bilan bog‘liq ravishda ro‘y berdi (sanoat va moliya monopoliyalari, korxonalarning yiriklashuVI va boshqalar), chunki bu davr rivojlanishi erkin raqobatga asoslangan avvalgi davr ta’limotlari bilan izohlash mumkin bo‘lmay qoldi.
Bu ta’limot yo‘nalishi vakillarining fikricha, institutlar jamiyat rivojlanishining harakatlantiruvchi kuchi bo‘lib hizmat qiladilar. Bu tushuncha tagida ijtimoiy xodisalar, masalan, oila, davlat, monopoliya, kasaba uyushmalari va boshqa muassasalar yotadi, ya’ni jamoat ruhining namoyon bo‘lishi, yurish-turish va o‘ylash usulini xalqning ma’lum guruhlari uchun odatiy, an’anaviy, shuningdek huquqiy, ahloqiy va boshqa ko‘rinishlarini o‘z ichiga oladi. Bu yo‘nalish mafkurachilarining fikricha, iqtisodiy kategoriyalar bo‘lgan xususiy mulk, soliq, pul, kredit, foyda, savdo va boshqalar jamiyat ruhining paydo bo‘lishi shaklidir. Demak, ular ob’ektiv iqtisodiy qonunlaning mavjudligini to‘la tan olmaydilar va jamoat ruhiyatining evolyusiyasini tahlil etadilar.
Institutsionalizm ma’lum ma’noda neoklassik yo‘nalishga muholifdir.
Neoklassiklar bozor iqtisodiyotini o‘zini-o‘zi boshqara oladigan (A.Smit fikri) sistema deb qarasalar (sof iqtisodiyot fani), institutsionalizm tarafdorlari iqtisodiyot rivojlinishining harakatlantiruvchi kuchlari moddiy omillar bilan birga tarixiy kontekstda qaraladigan ma’naviy, ahloqiy, huquqiy va boshqa omillarga ham bog‘liqdir deb o‘ylaydilar.
Demak, bu yangi yo‘nalishning tadqiqot predmeti sifatida ijtimoiy-iqtisodiy, shu bilan birga noiqtisodiy muammolarni tahlil etish ilgari suriladi. Shu bilan birga, tadqiqot ob’ektlari, ya’ni institutlar birinchi yoki ikkinchi darajali deb Qaralmaydi va bir-biriga qarama-qarshi qo‘yilmaydi.
Bu yo‘nalishning tadqiqot usulida ayrim olimlar fikricha Germaniyada vujudga kelgan tarixiy maktabga katta o‘xshashlik bor.
Tarixiy va ijtimoiy muxit omillarining hisobga olinishi tarixiy maktab bilan yaqinlikni anglatsa ham, ammo to‘la yakdillik yo‘q. Yangi yo‘nalish neoklassiklarning marjinalizm g‘oyalariga asoslangan matematik va ekonometrik prinsiplarini keng qo‘llaydilar.
Institutsionalizmga xos bo‘lgan uslubiy xususiyatlar Quyidagilardir:
1)neoklassikaga xos abstraksiyaning yuqori darajasi va ayniqsa baho nazariyasining ortodoksal statik harakteridan qoniqmaslik;
2)iqtisodiy nazariyani boshqa ijtimoiy fanlar bilan integratsiyaga intilish yoki fanlararo yondoshuv ustuvorligiga ishonch;
3)klassik va neoklassik nazariyalarda empirizm (tajribaga suyanish) yetishmasligidan norozilik, chuqur miqdoriy tadqiqotlar o‘tkazishga chorlash.
Bu yo‘nalishning vujudga kelish, shakllanishi va evolyusiyasining ma’lum tarixi bor. Uning mafkurachilari T.Veblen, J.Kommons, U.Mitchell asarlarida iqtisodiy sikl va inqirozlar tarixi bo‘yicha faktik materiallar jamlangan. Bu olimlar jamiyat a’zolari uchun xos bo‘lgan urf-odat, an’ana, odob-ahloq, instinktlarni o‘rganish bilan shug‘ullanadilar. Ularda nazariy tadqiqotdan ko‘ra, yozib borish, qayd etish uslubi ortiqroqdir.
Institutsionalizm evolyusiyasi (rivoji)ni uch davrga bo‘lish mumkin:
1. 20-30 yillarda institutsionalizmning keng tarqalishi. Bu davrning bosh mafkurachisi T.Veblendir (1857-1920), uni J.R.Kommons (1862-1945), U.Mitchell (1874-1948), J.Gobson (1858-1940), U.Gamiltonlar faol himoya qildilar.
2. Urushdan keyingi kechki institutsionalizm. Bu davr mafkurachilari iqtisodiyotdagi qarama-qarshiliklarni izohlab berish bilan birga F.Ro‘zvelt tomonidan ilgari surilgan «Yangi kurs» islohotlarini amalga oshirish bo‘yicha tavsiyanomalarni ham ilgari surdilar. Ular demografiya va antropologiyani o‘rgandilar, ishchilar harakatining kasaba uyushmalari nazariyalarini ishlab chiqdilar. 50 yillarda J.M.Klark «Iqtisodiy institutlar va insonlar farovonligi», A.Berli «Mulksiz hoqimiyat» va «XX asr kapitalistik inqilobi» kitoblarini chop etdilar, G.Minz o‘zining maqolalarida aksionerlar soni ortishi, kapital mulkning kapital funksiyadan ajralish jarayonini qayd etdi.
3. 60-70 yillarda ijtimoiy-institutsional yo‘nalish, ya’ni neoinstitutsionalizm paydo bo‘ldi. 60-yillardagi institutsionalizm asoslari amerikalik nazariyotchi A.Lou va shvesiyalik iqtisodchi G.Myurdal tomonidan ishlab chiqildi. Hozirgi davrdagi ijtimoiy-institutsional yo‘nalish ta’limoti J.K.Gelbreyt va R.Xeylbronerlar tomonidan davom ettirilgan.
Bu yo‘nalish g‘oyalari «iqtisodiy o‘sish omillari nazariyasi»ning mafkurachisi U.Rostou, so‘l keynschilik yo‘nalish (o‘sish nazariyasi) tarafdorlari hamda Joan Robinson asarlarida ham o‘z aksini topgan. Amerikalik institutsionalizm vakillari iqtisodiy jarayonlar asosining umumiy tushunchasiga ega emaslar. Masalan, Veblen iqtisodiy jarayonlarni ruhshunoslik, biologiya va antropologiya bilan bog‘langan deb hisoblasa, Kommons - ruhshunoslik va huquqni, Mitchell - antropologiya va matematik hisob-kitoblarni ustun qo‘yadi.
Amerikalik neoinstitutsionalizm nazariyotchilari iqtisodiy jarayonlarni industriya rivoji va texnokratiya rolining o‘sishi bilan bog‘lamoqdalar, shuningdek bu jarayonlarning borishini tushuntirishda jamiyat ijtimoiy hayotiga asoslanmoqdalar. Bunday xilma-xillik tufayli ijtimoiy-institutsional yo‘nalish ichida turli oqim va maktablar vujudga keldi.
Institutsionalizmdagi ana shunday uchta asosiy:
1. Ijtimoiy-psixologik;
2. Ijtimoiy-huquqiy;
3. Empirik yoki kon’yunktur-statistik oqimni ajratish mumkin. Lekin, shu bilan birga, barcha yo‘nalishlar uchun xos bo‘lgan umumiylik ham mavjud. Ularning barchasi ozmi-ko‘pmi burjua jamiyatini ahloqiy-psixologik jihatdan tanqid ostiga oladilar, iqtisodiyot fanida reformistik yo‘lni oqlaydilar va bu oqim olimlari burjua jamiyatini mutloq maqtashdan chetlangandirlar.
Bu yo‘nalish g‘oyalariga baho berib, g‘arb iqtisodchilari institutsionalizmni «Formalizmga qarshi g‘alayon» deb qaramoqdalar, uni klassik iqtisodiy maktabga qarama-qarshi qo‘ymoqdalar. Bu yo‘nalishning paydo bo‘lishi va avvalgilaridan farq qilishi vaqt va sharoit taqozosi tufaylidir, chunki kapitalizm avvalgi davrdagidan keskin o‘zgardi, davlat va jamoat tashkilotlari, ayniqsa, kasaba uyushmalarining roli ortib ketdi. Ularni hisobga olmaslikning iloji yo‘q edi.
Ikkinchi tomondan bu yo‘nalishning «norozilik qayfiyati» «eng yuqori naf nazariyasi»ga ham qarshi qaratilgan edi. Agar bu nazariya mikroiqtisodiy tahlil bilan shug‘ullansa, institutsionalizm makroiqtisodiy tahlilni amalga oshiradi. «Yuqori naf» vakillari jamiyat asosiy iqtisodiy sub’ekti sifatida Robinzon (alohida individ)ni tanlashsa, institutsionalizm mafkurachilari kollektiv - jamoa «psixologiyasi»ni birinchi o‘ringa qo‘yadilar. Ular «yuqori naf» nazariyasiga qarshi chiqib, jamiyatning stixiyali rivoji o‘rniga ishlab chiqarishni boshqarishda ijtimoiy tadbirlar qo‘llashni afzal ko‘rdilar.
Boshqa maktablardan farqli ravishda, institutsionalizm iqtisodiy hayotning ba’zi ijtimoiy tomonlarini tanqidiy o‘rganishni asos qilib oldi, ammo davlat monopolistik kapitalizmi tizimini qo‘llab-quvvatladi.
Ularning g‘oyalarida «Ijtimoiy nazorat»ni himoya qilish orqali yangi sharoitda iqtisodiyotni tartiblashni tashkil etishni lozim deb ko‘rsatiladi. Ayniqsa bu sharoitda huquqiy masalalarni rivojlantirish muammosi dolzarb qilib qo‘yildi. Ular «erkin sohibkorlik» va marjinalizmga qarshi chiqib, iqtisodiyotda avtomatik barqarorlik mexanizmi borligini inkor etdilar va iqtisodiy jarayonlarni miqdoriy tahlil qilishning tarafdorlari edilar. Keynsdan ancha avvalroq ular davlat iqtisodiyotga faol aralashishi kerak, degan fikrni ilgari surdilar.
Endi shu yo‘nalish tarafdorlarining ayrim g‘oyalari bilan tanishib chiqamiz.
Ijtimoiy-psixologik institutsionalizmning asoschisi Torsteyn Veblen va uning tarafdorlari iqtisodiy jarayonlarga psixologik jihatdan yondashib, iqtisodiy rivojlanishning psixologik nazariyasini yaratishga intildilar. Veblenning asosiy asarlari «Bekorchi sinflar nazariyasi» (1899), «Mohirlik instinkti» (1914), «Fanning hozirgi sivilizatsiyadagi o‘rni va boshqa ocherklar» (1919), «Muhandislar va baho tizimi» (1921) va «Zamonaviy o‘zgaruvchi tizimlar to‘g‘risidagi ocherklar» (1934) kitoblarida jamlangan. U keng sotsiologik tadqiqotlar olib borish asosida unga zamondosh bo‘lgan jamiyatni juda qattiq tanqid ostiga oldi. Kapitalizm illatlari mavjud xususiy mulk bilan tushuntiriladi (sotsialistik yo‘nalishni eslang). Xususiy mulkning tanqid qilinishi albatta burjuaziya mafkurachilarini ham tashVIshga soldi. Uningcha, xususiy mulk, ayniqsa rante (absenteistik mulk) borligi tufayli aholining ma’lum bir qismi parazitik hayot kechiradi. Shu tufayli kapitalizmning harakatlantiruvchi kuchi bo‘zilib boradi, ayniydi. Veblen marksist bo‘lmagan, ammo kapitalizm tuzumining yaramasligini tan olgan, u hatto birinchi paytlarda 1917 yildagi oktabr inqilobini qo‘tlagan, uni mavjud tuzumni o‘zgartirish kerak, degan fikrning tasdigi deb o‘ylagan. Amalda esa u kapitalizmni «texnokratik» jamiyatda islohotlar yo‘li bilan «yaxshilash» usulini taklif etadi. Bu g‘oyalar marksizmga zid fikrlardir.
Veblen iqtisodiy jarayonlarni shakllangan an’analar sifatida tahlil etadi. Ana shunday an’anaviy harakatlantiruvchi kuchlar qatoriga ota-onalar his-tuyg‘usi, usta instinkti, ya’ni yaxshi ishlashga intilish, ilmga chanqoqlik, sof qiziquvchanlik kiritiladi. Uning fikricha, dastlabki instinkt avval oilaga g‘amxo‘rlikda namoyon bo‘ladi, keyinchalik esa jamiyat va butun insoniyatga bo‘lgan g‘amxo‘rlikka aylanib boradi. Darvinizm (biologik) g‘oyalari iqtisodiyotga tadbiq etiladi. Veblen «Bekorchi sinflar nazariyasi»Teoriya prazdnogo klassa») kitobida quyidagilarni yozadi: «Jamiyatdagi odamning hayoti boshqa turdagi hayot kabi mavjudlik uchun ko‘rashdir va demak, tanlanish va moslashish jarayonini aks ettiradi. Jamiyat strukturasining evolyusiyasi institutlarning tabiiy tanlanish jarayonidir». Darvinning tabiiy tanlanish ta’limoti ijtimoiy hodisalarga mexanik ravishda ko‘chiriladi. Insonning ongli harakatiga yetarlicha baho bermasdan, odamlarning yurish-turishi g‘ayrIIxtiyoriy saboqlar, instinkt, fe’l-atvor va odatlar orqali tushuntiriladi. Jamiyat rivoji biologik qonuniyatlar bilan bir xil deb qaraladi, proletariatnig sinfiy ko‘rashi inkor qilinadi, markscha inqilobga Darvinistik evolyusionizm qarama-qarshi qo‘yiladi.
Veblen zamonaviy industrial texnokratik konsepsiyalar asoschisi bo‘lib hisoblanadi. Industriya olamiga alohida e’tibor beriladi va unga barcha ishlab chiqaruvchilar va birinchi navbatda muhandislar va ishchilar kiritiladi. Industriya olami mehnat unumdorligini o‘stirish, ishlab chiqarish jarayonini yaxshilash va samaradorlikni oshirishni bosh maqsad qilib qo‘yadi. Unga moddiy ishlab chiqarish sotsial formadan bo‘tunlay ajratib qo‘yiladi. Ishlab chiqarish asosan texnik ko‘rsatkichlar, masalan texnik asos darajasi, malaka, bilim va boshqalar bilan harakterlanadi. Biznes olami deganda u moliyachilar, trest tashkilotchilari va tadbirkorlarni tushundi. Uningcha, biznes imkoni boricha yuqori foyda uchun intiladi va shu sababli uni beaev tanqid qiladi, chunki turli moliyaviy va kredit nayranglari, turli aksioner jamiyatlari tizimi tufayli sanoat unga to‘la bo‘ysundirilgan. Shu sababli sanoatni biznes ta’siridan «ozod» qilish kerak, deydi u. «Industriya» va «biznes» nazariyasida ishlab chiqarish jarayonida moddiy mazmun bilan uning sotsial-iqtisodiy shakli o‘rtasida bog‘lanish yo‘q. Veblen industriya va biznes orasida keskin qarama-qarshilik bor deb xato qiladi, shular kapitalizm illatlarining sababchisi qilib ko‘rsatiladi.
Insonlarning iqtisodiy rag‘bati avvalo qarindoshlik his-tuyg‘usi, bilim va bajarilayotgan ishning yuqori sifatiga instinktIV intilishdir (A.Smit - foyda ketidan quvish).
Bekorchi (to‘q) sinflar to‘g‘risida farq yuritilib, ularga «biznes olami odatlari» xosligi aytiladi. Ular uchun tovarlarga alohida baho belgilanadi va ular talab qonunlaridan boshqacha bo‘lishi mumkin deyiladi. Buni «Veblen effekti» deb ataladi (bu fikrda jon bor, boy mamlakatlarda boylar uchun alohida do‘konlar mavjud).
Veblen nazariyasi jamiyat sotsial strukturasi to‘g‘risida noto‘g‘ri tushuncha hosil qiladi, jamiyat sinflarga ajratilmaydi, ishchilar va muhandislar yagona sanoatchilar guruhiga kiritiladi, sinfiy ko‘rash tushunchasi esa umuman yo‘q.
Mavjud tizimni o‘zgartirish to‘g‘risida gapirib, bu masalani Veblen ilmiy-texnika inqilobini kuchaytirish, hoqimiyatni texnik intelligensiya qo‘liga berish bilan hal etishni taklif qiladi. Buning uchun barcha injener-texnik xodimlar umumiy ish tashlashlari kerak, shunda tadbirkorlar ularning shartlariga ko‘nishga majbur bo‘ladilar. Kapitalizm transformatsiyasi «texniklar kengashi» vositasida bajariladi, hozirgi zamon jamiyatida intelligensiyaning roli birinchi o‘ringa qo‘yiladi, ya’ni biznes olamini injiner- texnik intellegensiya yenga oladi.
Sanoat mutaxassislari yagona sinf sifatida qaraladi va bu sinfning asosiy maqsadi texnikadan foydalanishni takomillashtirishdir. Demak, Veblen yangi jamiyatni «texnokratik» ko‘z bilan ko‘radi va kapitalizmni saqlab qolish yo‘lini taklif etadi.
Kommons ijtimoiy-huquqiy institutsionalizm yo‘nalishining asosiy vakili hisoblanadi. Uning asosiy g‘oyalari amerika tred-yunionizm mafkurasini ifodalaydi. Uning ta’limoti jamoat institutlari faoliyatini (oila, ishlab chiqarish korporatsiyasi, savdo birlashmalari, tred-yunionlar, davlat va yuridik huquqiy munosabatlar) tadqiq etish bilan bog‘liq.
U mavjud tuzumni isloh va modernizatsiya qilishga intiladi, biznes tizimini shunchalik samarali qilish kerakki, u o‘zini o‘zi saqlashga qodir bo‘lsin, deydi u. Kommonsning asosiy g‘oyalari «Kapitalizmning huquqiy asoslari» (1924), «Institutsional iqtisodiyot. Uning siyosiy iqtisoddagi o‘rni» (1934), «Jamoa faoliyatining iqtisodiy nazariyasi» (1950) asarlarida o‘z aksini topgan.
Olimning iqtisodiy qarashlari iqtisodiyotda yuqori naf nazariyasi va yuridik konsepsiyalar to‘g‘risidagi qoidalarning o‘zaro qorishmasidan iborat. Ishlab chiqarishni bir chekkaga surib, kapitalizmning mohiyati bozor munosabatlari bilan almashtiriladi, hozirgi sharoitda bu munosabatlar «odil bo‘lmagan raqobat»ga olib kelmoqda. Kapitalizmning bu illatini to‘g‘rilash, almashuv munosabatlari odil bo‘lishini ta’minlash, raqobat xavfini yo‘qotish uchun davlat yuridik-qonuniy organlari vositasida hal etish mumkin, degan g‘oya ilgari suriladi.
Kommons kapitalizmda sinflar mavjudligini inkor etadi. marksizmning sinfiy ko‘rash nazariyasiga «sotsial nizo» (konflikt) ta’limotini qarshi qo‘yadi, bu nizolar antagonistik harakterga ega emas. Mutaxassislar bir-birlari bilan ko‘rashishi emas, hamkorlik qilishlari kerak. Paydo bo‘ladigan nizolar esa jamiyat evolyusiyasini harakatga keltiruvchi omildir. Nizolarni yechish jarayoni sotsial taraqqiyotga yordam berishi zarur.
Kommons nazariyasi kapitalizmni ba’zi islohotlar yo‘li bilan yaxshilash usulini taklif etadi. Bu esa huquqiy, yuridik me’yorlarni takomillashtirish orqali amalga oshiriladi. Ishchi va kapitalist o‘rtasidagi munosabat jamiyatning teng huquqli a’zolari orasidagi yuridik bitim - kelishuv hisoblanadi, chunki ular ma’lum qonun-qoidalar asosida to‘ziladi. Bu kelishuv ishtirokchilari orasida jamiyatning muhim institutlari: oila, tadbirkorlar ittifoqi va hatto davlatning o‘zi ham bo‘lishi mumkin. «Kelishuv» uch momentni o‘z ichiga oladi: nizo, o‘zaro ta’sir, yechim. Yuridik va huquqiy vositalar bilan har qanday ichki qarama-qarshilik, barcha konfliktlar o‘z yechimini topishi mumkin. Jamiyatda ijtimoiy qarama-qarshiliklar kuchayishi konfliktlarni yuridik hal qilish mexanizmining kamchiliklari bilan belgilanadi. Iqtisodiy kategoriyalar shu kategoriyalarga oid yuridik munosabatlar shaklida namoyon bo‘ladi. Kommons mulk shakllarini iqtisodiy munosabatlar shaklida tahlil etmaydi, ammo «Mulk tituli»ni yuridik shakl sifatida ko‘radi. U mulkni uch ko‘rinishga ajratadi: moddiy, nomoddiy (qarzlar va qarz majburiyatlari) va ko‘rinmas (qimmatbaho qog‘ozlar). Ko‘rinmas mulk ko‘pincha «mulk tituli bilan kelishuv» mazmuni bo‘lib amalga oshadi. Shu sababli, Kommons tadqiqotlarining asosini qimmatbaho qog‘ozlar - aksiya, obligatsiya va boshqalarni sotish operatsiyalari tashkil etadi. Ko‘rinib turibdiki, bu olimning g‘oyalarida birinchi o‘rinda ishlab chiqarish emas, balki muomala sohasi turadi. Uch shakldagi sanoat kapitali o‘rniga fiktIV (soxta) kapital olinadi, bu soha kapitalistik xo‘jalikning mohiyati sifatida qaraladi.
U jamoat fikri bilan hisoblashuvchi va iqtisodiyotni monopoliyadan chiqarishni amalga oshiradigan hukumat to‘zish zarurligiga ishongan. Iqtisodiy islohotlar doirasida davlat qonuniy qarorlari jamiyatdagi qarama-qarshilik va konfliktlarni tugata oladi, bunda ma’muriy kapitalizm bosqichiga o‘tiladi.
Yuqorida keltirilgan T.Veblen va J.Kommonslarning g‘oyalari amalda, 1929-1933 yy.dagi iqtisodiy inqiroz davrida AQSh prezidentining «yangi kurs» siyosatida amaliy tasdig‘ini topdi.
U Veblenning shogirdi bo‘lib, iqtisodiyotda siklik hodisalarning tadqiqotchisi sifatida mashhurdir (bu iqtisodiyotda kon’yunktur-statistik institutsionalizm oqimi hisoblanadi). Mitchell ustozi Veblendan tadqiqotning genetik uslubini meros qilib oldi, uningcha iqtisodiy hodisalarni belgilovchi omillar bu ijtimoiy psixologiya, an’ana va urf-odatlardir, shu sababli tadqiqot predmeti sifatida odamlarning jamiyatdagi hulqi o‘rganilishi kerak. Shuningdek, ustozning ishlab chiqarish va biznes o‘rtasidagi qarama-qarshilik to‘g‘risidagi fikri ham qabul qilingan, bu ishlab chiqarish va narxlar faoliyati harakatidagi farqlarning sababini ko‘rsatadi.
Bu olim iqtisodiy ko‘rsatkichlar, raqamlar, bu ko‘rsatkichlar o‘zgarishidagi qonuniyatlar bilan shug‘ullandi, kapitalistik iqtisodiyotni tartibga solishda ulardan foydalanishning yo‘llarini izladi. Ammo u kapitalizm qarama-qarshiliklarini hal qilish yoki uni yaxshilash to‘g‘risidagi nazariyalarni yaratmadi. U iqtisodiyotga ta’sir etuvchi omillarni aniqlashga intildi, bular, uning fikricha, moliya, pul muomalasi va kredit kategoriyalari edi. Bu kategoriyalarni tartibga solish yo‘li bilan iqtisodiyotga ta’sir etish, hatto siklik tebranishlarni o‘zgartirish, oldini olish mumkin, deydi u. U o‘zining «Iqtisodiy nazariya tiplari to‘g‘risida leksiyalar» (1935) asarida iqtisodiy masalalarni madaniyat va sotsiologiya muammolari bilan o‘zaro aloqada, ammo asosan psixologik tahlil asosida tadqiq etadi. Siyosiy-iqtisodiy institutlar to‘g‘risidagi ta’limot sifatida qaraladi. Kapitalistik ishlab chiqarishni tartibga solish zarurligi, Mitchell ta’limotining bosh xulosasidir.
Mitchell institutsionalizmi Veblen nazariyasidan, birinchidan, tanqidiy emasligi bilan, ikkinchidan abstrakt nazariyasi bo‘lmasdan o‘sha davrning empirik tadqiqoti ekanligi bilan farq qilar edi. U o‘z asarlarida inqirozsiz «amaliy sikl» masalalariga alohida e’tibor berib, inqirozlarning haqiqiy sabablarini bo‘yab ko‘rsatishga o‘ringan, pul muomalasi muammolarini diqqat markazida to‘tgan. Moliya va pul muomalasi institutlarini insonlar hulqini tushuntirish uchun foydalaniladi. Uningcha, tadbirkorlar jamiyat manfaatlari emas, balki o‘z foydalarini ko‘paytirish uchun harakat qiladilar va bu ahloqiy harakat oqlanadi, mavjud institutsiya (davlat, mulk va boshqalar) bunga imkon beradi.
Insoniy jamiyat rivoji ayrim individlar taraqqiyoti shaklida emas, balki jamiyat a’zolarining kollektiv aloqalarining takomillashuvi sifatida harakterlanadi. Bu aloqalar takomillashuvi shu institutsiyalarning evolyusiyasi, davlat institutlarinig rivoji hamda ularning iqtisodiyotga aralashuvi deb qaraladi. Kapitalizm qarama-qarshiliklarini yechishda davlat yo‘li bilan tartibga solish eng qulay vosita deb qaraladi. Iqtisodiyotni o‘rganishda matematika va statistikani keng qo‘llash yo‘li bilan, Mitchell «kichik va katta sikllar» davomiyligini hisoblab chiqdi. U o‘zining hisob-kitoblariga asoslanib, kapitalizmning inqirozsiz rivojlanish modeli loyihasini yaratdi. Bu olimning tadqiqotlaridagi ijobiy tomonlar shundan iboratki, mamlakatlarning milliy xo‘jaliklari bo‘yicha boy faktik materiallar to‘plandi, ular asosida natural va qiymat ko‘rsatkichlarining rivojlanib boruvchi qatorlari yaratildiki, «dinamik qatorlar» tahlili nomini oldi. Bu tahlil asosida olingan jamlovchi ko‘rsatkich va indekslar iqtisodiyotdagi haqiqiy ahvolni aks ettirgan va kapitalistik kon’yunkturani, ayniqsa ishlab chiqarishning ayrim tarmoqlaridagi holatni baholashlda ulardan foydalanilgan.
Bu yo‘nalish tarafdorlari sikllarni o‘zaro aloqador parametrlarning ta’siri oqibatida vujudga keladi va kapitalistik ishlab chiqarish dinamikasini belgilaydi, deb qaraydilar. Shu sababli ular sikllarni tasodifiy yagona hodisa emas, balki doimiy kapitalizm iqtisodiyotiga xos xususiyat deb hisoblaydilar. Ular tadqiqot qilayotgan omillar qatoriga birinchilardan bo‘lib muomala sohasi ko‘rsatkichlarini qo‘yadilar, ya’ni narxlar, aksiyalar kursi, pul muomalasi va boshqalar.
Inqirozlar inkor etiladi, bu amaliy sikllarni tan olish bilan isbotlanadi (unda inqirozlar yo‘q). Iqtisodiy qatorlarning nazariy asosini bekamu-ko‘st deb bo‘lmaydi. Masalan, 1929 yil arafasida Garvard maktabi vakillari tomonidan berilgan iqtisodiy ob-havo prognozi («Kon’yunktur barometr») iqtisodiyot ravnaqi - «prosperity» bo‘lgan. Ammo amalda nima bo‘lgani hammaga ma’lum (1929-33 yillardagi og‘ir inqiroz). «Garvard barometri» uch egri chiziqdan iborat bo‘lib, A) spekulyatsiya indeksi; B) biznes indeksi; S) pul bozori indeksidir. O‘tgan yillar tajribasi asosida egri chiziqlar harakati to‘g‘ri kelmaydigan lagalar (vaqt oralig‘i) topilib, «barometr» mualliflari egri chiziqlarning yangidan chetga chiqishini aniqlash imkoni borligini va shu yo‘l bilan iqtisodiy tushkunlikni ko‘ra bilish va oldini olish mumkin deb o‘ylaganlar.
Mitchell tadqiqotlari empirik va institutsional uslublarning qorishmasidan iborat. U iqtisodiy siklning amaldagi modelini loyihalashtirishga muvaffaq bo‘la olmadi.
U. Mitchell o‘z ustozining ilmiy xizmatlari va unga bo‘lgan cheksiz hurmati sifatida «Veblen ta’limoti» asarini yaratdi, unda ustoz kitob va maqolalaridan ko‘chirmalar ko‘p keltiriladi, bu kitob Mitchell vafotidan keyin nashr etilgan.
Siklik (davriy) o‘zgarishlar nazariyasiga rus olimi N.D.Kondratev (1892-1938) katta hissa qo‘shdi. U jahondagi yetakchi kapitalistik deb nomlangan mamlakatlar iqtisodiyotining ko‘p yillik (100-150 yil) rivojlanishini tahlil etib, bu o‘zgarishlarning bir yildan kam (fasliy), 3,5 yillik, 7-11 yillik savdo-vsanoat va 50-60 yillik katta sikllarini ajratib berdi. U 1929 yildagi «Buyuk depressiyani» oldindan (prognoz) aytib bergan, ammo sovet davrida «kapitalizm qachon o‘ladi» degan savolga «kapitalizm o‘lar, ammo qachonligini ayta olmayman» deb javob berganligi uchun qatag‘onga uchragan va otilgan. Bu olimning buyuk xizmatlari jahon iqtisodchilari tomonidan yuqori baholangan va amalda qo‘llanilmoqda.
Yuqorida institutsional yo‘nalishning asosiy g‘oyalari va dasturi ko‘rib chiqilgan edi. Hozirgi davrda ham bu yo‘nalish g‘oyalari dolzarbligicha qolmoqda. Taniqli iqtisodchining iborasi bilan aytganda, «Veblen kostyumi yaxshi hizmat qilmoqda va u deyarli eskirmagan». Bu yo‘nalishning otasi Veblen tomonidan ilgari surilgan ta’limotda hozirgi zamon jamiyatini qayta qurish, transformatsiya masalalari nihoyatda muhim o‘rinni egallaydi. Ularning fikricha, ilmiy-texnika taraqqiyoti tufayli jamiyatdagi sotsial qarama-qarshiliklar yo‘qolib boradi. Jamiyatning konfliktlarsiz evolyusiyasi, uning industrial jamiyatdan postindustrial, superindustrial yoki «neoindustrial», informatsion jamiyat sari rivoji ro‘y beradi. Texnik-iqtisodiy omillarni mutloqlashtirish tufayli yangi konvergensiya nazariyasini ilgari surish imkoni yaratildi (J.K.Gelbreyt, Pitirim Sorokin - AQSh, Raymond Aron - Fransiya, Yan Tinbergen - Niderlandiya).
«Industrial», «postindustrial» jamiyat nazariyasi ikki sotsialistik va kapitalistik tizimni yagona tizimga keltiruvchi «konvergensiya» nazariyalari yangilik emas. Masalan, XIX asr oxirida nemis iqtisodchisi (yuqorida berilgan) V.Zombart «Hozirgi zamon kapitalizmi» asarida plyuralizm, ya’ni turli sotsial tizimlarni - kapitalistik, sotsialistik, mayda ishlab chiqaruvchilarni yagona plyuralistik jamiyatga birlashtirish g‘oyasini aytgan edi.
J.K.Gelbreyt asarlarida bu fikrlar to‘laroq ifodasini topgan. Unda ikkala tizimda ro‘y berayotgan umumiy o‘zgarishlar qayd etiladi (rejalashtirishdan foydalanish, davlat va korporatsiya o‘rtasidagi farqlarning yo‘qolib borishi, tashqi muhitni o‘rganish, fan va ta’limning mehnat taqsimoti o‘sishida asosiy omil ekanligi va boshqalar). Asta-sekin kapitalizmning «yomon» tomonlari sotsializmning «yaxshi» xususiyatlari bilan chirmashib ketishi kerakligi aytiladi, «kapitalizm transformatsiyasi» ro‘y berishi bashorat qilinadi.

Yüklə 1,27 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   47   48   49   50   51   52   53   54   ...   77




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin