Harakatchanlik. Beton qorishmasining harakatchanligi uning xususiy massasi ta’sirida harakatlanishini bildiradi va konus cho‘kishi (OK) bilan sm da ifodalanadi (12.3, a-rasm). Beton qorishmasining konus cho‘kishi ikki marta o‘tkazilgan tajribalar natijalarining o‘rtacha arifmetik miqdori bilan o‘lchanadi.
Konus cho‘kishi balandligi 300, ustki asosining diametri 100 va pastki asosining diametri 200 mm bo‘lgan kesik konus shaklidagi tagsiz metall qolip vositasida aniqlanadi. Konus ichi avvaldan xo‘llangan bo‘lib, beton qorishmasi har biri 10 sm balandlikda bo‘lgan uchta qatlam bilan to‘ldiriladi. Har qaysi qatlam diametri 16 va uzunligi 600 mm va uchi yumaloq po‘lat tayoqcha bilan 25 marta sanchib zichlashtiriladi. Qolip ko‘tarilgach, hosil bo‘lgan beton konus xususiy massasiga ko‘ra cho‘kadi va aynan cho‘kish miqdori beton qorishmasining konus cho‘kishini ifodalaydi. Agar beton qorishmasining konus cho‘kishi nolga teng bo‘lsa, uning qulay joylanuvchanligi bikrlik bilan ifodalanadi.
Bikrlik. Beton qorishmasining bikrligi avvaldan qolipga quyib tayyorlangan beton qorishmasi konusining zichlashib, tekis holatga kelguncha sarf bo‘lgan vaqt (sekundda) bilan ifodalanadi. (12.3, b-rasm).
12.3-rasm. Beton qorishmasining qulay joylanuvchanligini aniqlash a) beton qorishmasining harakatchanligini aniqlash asbobi (konus); 1-
bikr qorishma; 2-harakatchan qorishma; 3-konus cho‘kishi; b) beton qorishmasining bikrligini aniqlash asbobi; 4-sinash sxemasi.
Beton qorishmasining bikrligi quyidagicha aniqlanadi: balandligi 200 va ichki diametri 240 mm bo‘lgan silindr shaklidagi halqa laboratoriya vibratsiya stoliga mahkam o‘rnatiladi: halqaga standart konus o‘rnatiladi, yuqorida ko‘rsatilgan usulda beton qorishmasi bilan to‘ldiriladi va qolip olinadi; asbob diski shtativ yordamida beton qorishmasi yuzasiga tekkuncha pastga tushiriladi; bir vaqtning o‘zida vibrostol va sekundomer ishga tushiriladi va beton qorishmasi zichlashib tekislanadi; beton qorishmasining zichlashishi natijasida ajralib chiqqan sement xamiri diskning diametrdagi teshiklaridan suzib chiqishi bilan vibratsiya to‘xtatiladi. Beton qorishmasini vibratsiya qilib zichlashtirish uchun sarf bo‘lgan vaqt (sek) uning bikrligini ifodalaydi.
Beton qorishmasining bikrlik ko‘rsatkichi ikki marta o‘tkazilgan tajribalar natijalarining o‘rtacha arifmetik miqdori bilan belgilanadi.
Beton qorishmasining qulay joylanuvchanlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha klassifikatsiyasi 6.2 jadvalda berilgan.
12.2-jadval