Banklar, bank tizimi va uning rivojlanish bosqichlari.
Banklar, bank tizimi va uning rivojlanish bosqichlari.
Dastlabki banklar qachon va qanday paydo bo‘lganligini aniqlash ancha qiyinchilik tug‘diradi. Gap shundaki, hozirgi davrda banklar faoliyati xususiyatidan kelib chiqib turlicha bo‘lgan operatsiyalarni bajaruvchi universal moliyaviy tashkilotlarni o‘zida namoyon qiladi. Masalan, birinchi darajali toifaga kiruvchi chet el banklari o‘z mijozlariga 300 dan ortiq turli xil xizmatlarni ko‘rsatadilar. Bu operatsiyalarning va xizmatlarning barchasi bir vaqt va bir joyda paydo bo‘lmaganligi sababli ham bank ishining “boshlang‘ich” nuqtasini aniqlash aniq tadqiqotlar olib borishni va ular asosida ma’lum bir fikrlarni mujassamlashtirishni talab qiladi. Banklarning paydo bo‘lishi tarixi bo‘yicha ba’zi bir fikrlar to‘g‘risida siz tushunchaga egasiz.
Banklar faoliyatining eng “qadimgi” operatsiyalari bo‘lib, pullarni saqlab berish bo‘yicha operatsiyalar hisoblanadi. Ma’lumki, eng qadimgi davlatlarda ham omonatlarni qabul qilish operatsiyalari mavjud bo‘lgan. Ilk bor bunday ish bilan ma’lum obro‘ga va ishonchga ega bo‘lgan puldor shaxslar, Evropa mamlakatlarida cherkov muassasalari shug‘ullanganlar. Masalan, mashhur grek ehromlari (masalan, Delfiya, Efes ehromlari) bir paytning o‘zida o‘ziga xos bank muassasalari bo‘lib xizmat qilgan. Yillar o‘tishi bilan o‘sha qadimgi davrlardan boshlab, ayrim hollarda qo‘yilgan pul yoki mulk bo‘yicha foizlar ham hisoblangan. Banklarning kelib chiqishiga bag‘ishlangan mavjud adabiyotlarning tahlili shuni ko‘rsatadiki, banklarning paydo bo‘lishining asosiy yoki boshlang‘ich zamini birinchidan, pul mablag‘larini saqlab berish bo‘lsa, ikkinchidan, pul mablag‘larini almashtirib berishdan iborat ekanligini ko‘rishimiz mumkin.