Topshiriq usuli - o‘qitishning birinchi kunlaridan boshlab o‘qituvchi bolalarni topshiriqlar berish yordamida jamoaning xilma-xil faoliyatiga jalb qilishga harakat qiladi. O‘z xarakteriga ko‘ra topshiriqlar har zamonda bir beriladigan va doimiy bo‘lishi mumkin. Topshiriqlarning asosiy vazifasi bolalarning ijtimoiy vazifalarini bajarish tajribasini hosil qilishdir.
Topshiriqlar o‘qituvchi va jamoa tomonidan berilishi mumkin. Birinchi sinfda o‘qituvchi asosan bevosita topshiriq berishdan foydalanadi. Jamoa mustahkamlanib borishi bilan birga o‘qituvchi bevosita topshiriqlar berishni jamoaning topshiriqlari bilan qo‘shib olib borishga harakat qiladi. Eng muhimi topshiriqlarning ijtimoiy ahamiyatini o‘quvchi ongiga yetkazish, unga topshirilgan ishning jamoa uchun ahamiyatliligini tushuntirishdir.
Topshiriqlarga ijobiy munosabatda bo‘lish uchun sharoit yaratish ham muhim ahamiyatga ega. O‘quvchining yoshi va individual hususiyatlarini hisobga olgan taqdirdagina bunga erishish mumkin.
Biroq tarbiya maqsadlarida faqat qiziqarli topshiriqlarni emas, balki jamoa uchun zarur bo‘lgan topshiriqlarni ham bajarish foydalidir. Topshiriqlarning bajarilishi va uning natijalarini tarbiyachi va jamoa tomonidan tekshirilishi muhim vositadir.
Pedagogik talab usuli- tarbiyaning eng muhim usullaridandir. Talab turli vazifalarni bajarishi: ijtimoiy xulq-atvor normalarini ifodalashi; u yoki bu faoliyatda qatnashib bajarilishi zarur bo‘lgan aniq bir vazifa sifatida namoyon bo‘lishi; turli ko‘rsatma sifatida u yoki bu harakatda rag‘batlantiruvchi yoki uni to‘xtatuvchi bo‘lishi; oqilona harakatlarga undovchi bo‘lishi mumkin.
Talablar to‘g‘ridan-to‘g‘ri va bevosita bo‘lishi mumkin. To‘g‘ridan-to‘g‘ri talablar qat’iy buyruq yoki ko‘rsatma, ishchanlik yo‘l-yo‘riq beruvchi xarakterdagi ko‘rinishda bo‘lishi mumkin.
Bevosita talablar kechinma, intilish uyg‘otishni ko‘zda tutgan holda maslahat, iltimos, shama qilish, faoliyatga qiziqish uyg‘otish tarzida namoyon bo‘lishi mumkin.Ular tarbiyalanuvchiga u yoki bu darajada ong, asos, maqsad, e’tiqod mavjudligini ko‘zda tutadi. O‘qituvchi o‘quvchilarga qo‘yiladigan talabning me’yoriga amal qilishi katta ahamiyatga egadir.