Mavzu yuzasidan tayanch iboralar Samarali pedagogik faoliyat, omil, shart, pedagogik jarayon, ijodiy pedagogik qobiliyat, nutq malakasi, xissiy –psixologik holat, mimika, pantomimika, motiv, kasbiy nutq, pedagogik texnika.
Nazorat savollari: Jismoniy tarbiya va sport sohasida samarali pedagogik faoliyatning asosiy omillari.
Jismoniy tarbiya va sport sohasida samarali pedagogik faoliyatning asosiy shartlari.
Jismoniy tarbiya va sport sohasida murabbiyfaoliyatining o‘ziga xos xususiyatlari.
Trener pedagogning kasbiy pedagogik tayyorgarligi yo‘nalishlari.
Jismoniy tarbiya o‘qituvchilarning kasbiy pedagogik tayyorgarligi yo‘nalishlari.
13-MAVZU. SPORTDA HUQUQIY TA’LIM. 13.1.Sportchining huquqiy ta’limi. Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. O‘tgan davr mobaynida mazkur sohani har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashkiliy-huquqiy asoslar yaratilib, respublikamiz hududlarida zamon talablariga mos sport infratuzilmasini shakllantirish, aholi keng qatlami, ayniqsa, yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bo‘yicha ko‘lami hamda ahamiyati jihatidan juda ko‘p ishlar bajarildi.
Kiritilgan yangiliklarda ta’lim dasturlari doirasida qo‘shimcha jismoniy va sport mashg‘ulotlarini o‘tkazish, bolalar hamda yoshlarning jismoniy tayyorgarligi va rivojlanishini har yili monitoring qilishni yo‘lga qo‘yish, bolalarda o‘z sog‘lig‘i, ota-onalarda farzandlarining jismoniy tarbiyasiga mas’uliyatli munosabatni shakllantirish, navqiron avlodda ma’naviy va jismoniy komillikka intilish tushunchasini mustahkamlash, ularni zararli odatlarning salbiy ta’siridan himoya qilish kabi jihatlar ham o‘z ifodasini topgan. Ayni paytda Qonunda soha mutaxassislari faoliyatini tashkillashtirish, kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, sportchi, trener va hakamlarning ma’lumoti, ish staji, kasbiy tayyorgarligi darajasiga bog‘liq holda sport unvonlari, sport razryadlari va malaka toifalari tizimi kiritildi. Sport unvonlari va toifalarini berish tartibi, me’yorlar hamda talablar, ularni bajarish shartlari, jahon amaliyotida to‘plangan tajriba va yutuqlarning sohaga tatbiq qilinishiga ham e’tibor qaratilgan.
Yangi tahrirdagi “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi Qonun ijrosini to‘laqonli bajarish maqsadida hukumatimiz, davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati idoralari, barcha tegishli tashkilotlar hamkorligida, avvalo, uning mazmun-mohiyatini aholiga atroflicha tushuntirishga alohida e’tibor qaratilayapti. Bundan tashqari, tegishli davlat hokimiyati organlari jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishida qabul qilgan barcha me’yoriy-huquqiy hujjatlarni qayta ko‘rib chiqib, yangi Qonun talablariga muvofiqlashtirmoqda. Sport infratuzilmasini yanada takomillashtirish maqsadida bu jarayonga iqtisodiyotimizning barcha sohasi vakillarini kengroq jalb qilish choralari ko‘rilayotir. O‘z navbatida, sohadagi ilmiy, ommabop, yoshlar, bolalarga yo‘naltirilgan qiziqarli adabiyotlar, davriy gazeta va jurnallar, metodik qo‘llanmalarni yaratish, ular bilan barcha o‘quv muassasalarini ta’minlash belgilab berildi. Shular qatorida mutaxassislar malakasi va kasbiy mahoratini nafaqat yurtimiz, balki ilg‘or xorijiy davlatlarda oshirib borish masalasi ham nazarda tutilgan. Sportchilarni ijtimoiy himoyalash bo‘yicha izchil choralar ko‘rish, xususan, sport turlariga qarab imtiyozli nafaqaga chiqish, oylik maoshlarini belgilash, federatsiyalarning faoliyatini muvofiqlashtirish va ishiga ko‘maklashish, ilmiy tadqiqotlarni kuchaytirish maqsad qilingan. Umuman, yangi tahrirdagi Qonunning izchil ijrosi respublikamizda jismoniy tarbiya va sportni yanada ommalashtirish, ezgu maqsadimiz bo‘lgan sog‘lom avlodni voyaga yetkazish, iqtidorlarni aniqlash, terma jamoalar zaxirasini shakllantirish, eng nufuzli xalqaro musobaqalar, Olimpiada o‘yinlarida O‘zbekiston sportchilarining munosib ishtirok etishini ta’minlashga xizmat qilishi, shubhasiz.
Huquqiy rivojlanish bu:
- huquqiy talablarga javob beradigan bilimlarni yaxshi o‘zlashtirish va ulardan oqilona foydalanish;
-jinoiy hatti-harakatlarni ta’siriga tushmaydigan xususiyatlarni mavjudligi;
-huqiqiy madaniyatni o‘zida shakllantirish;
Sportchi shaxsini shakllantirishda jamiyat, davlat va atrof muhit bilan uyg‘unlashgan holda yashashiga zamin yaratishga, uning huquqiy ta’lim tarbiyaga ega bo‘lishi juda muhim rol o‘ynaydi.